O‘zbekiston | 12:41 / 30.03.2019
13060
7 daqiqa o‘qiladi

Eksternat to‘g‘risidagi yangi nizom loyihasi e'lon qilindi

Foto: Elisabeth Schmitt / Getty Images

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta'limi tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Eksternat to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, eksternlarni attestatsiyadan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.

Eksternlar ro‘yxatini shakllantirish

Attestatsiya tegishli davlat ta'lim standartlari doirasida amalga oshiriladi.

Attestatsiyada umumiy o‘rta ta'lim dasturlarini davlat ta'lim standarti asosida 9-sinf doirasida mustaqil o‘zlashtirgan va tegishli yilda 16 yoshga to‘ladigan hamda undan katta yoshdagi fuqarolar, umumiy o‘rta ta'lim dasturlarini davlat ta'lim standarti asosida 11-sinf doirasida mustaqil o‘zlashtirgan va tegishli yilda 18 yoshga to‘ladigan hamda undan katta yoshdagi fuqarolar qatnashishi mumkin.

Umumiy o‘rta ma'lumot to‘g‘risida shahodatnomaga ega fuqarolar 11-sinf doirasida attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Ekstern bir vaqtning o‘zida 9-sinf va 11-sinf doirasida attestatsiyadan o‘tkazilmaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan har yili 1 martga qadar attestatsiya o‘tkazish uchun tegishli hudud markazida joylashgan bitta umumiy o‘rta ta'lim muassasasi belgilanadi.

Fuqarolar o‘zlari doimiy propiskasi yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olingan manzillari bo‘yicha maktabga murojaat etadi.

Eksternlar tegishli yilning 1 martidan 1 mayiga qadar (shu kuni ham) maktab rasmiy veb-saytidan ro‘yxatdan o‘tadi.

Yakuniy davlat attestatsiya boshlanishidan 10 kun avval eksternlar qo‘yidagi hujjatlarni taqdim etadi:

maktab direktori nomiga ariza;

baholar (o‘zlashtirish) tabeli, agar mavjud bo‘lsa;

eksternning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati;

pasport nusxasi, ekstern pasport olmagan bo‘lsa, uning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi (asli ko‘rsatilgan holda).

Ekstern tomonidan barcha zarur hujjatlar taqdim etilganda, bu haqda Eksternlarning arizalarini ro‘yxatga olish daftariga yozib qo‘yiladi.

Eksternlarning arizalarini ro‘yxatga olish daftarida quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatilishi lozim:

eksternning familiyasi, ismi va otasining ismi;

eksternning tug‘ilgan yili, sanasi va joyi;

eksternning doimiy yashash joyi va telefon raqami;

baholar (o‘zlashtirish) tabeliga ko‘ra so‘nggi o‘qigan sinfi, agar o‘qigan bo‘lsa;

ariza va boshqa hujjatlar topshirilgan sana va hujjatlarni qabul qilib olgan shaxsning imzosi.

Ariza bilan murojaat qilgan eksternlar ro‘yxati hujjatlarni qabul qilish muddati tugagan kundan (1 maydan) boshlab ikki ish kuni ichida maktab direktori tomonidan tegishli hududiy boshqarmaga taqdim etiladi.

Eksternlar ro‘yxati hududiy boshqarmalar tomonidan, ular maktablardan olingan kundan boshlab bir kun ichida, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga yuboriladi.

Eksternlarning arizalarini ko‘rib chiqish hamda ularni attestatsiyadan o‘tkazish

Eksternlarning arizalari maktab pedagogik kengashi tomonidan tegishli yilning 10 mayiga qadar ko‘rib chiqiladi va eksternni attestatsiyaga qo‘yish haqida qaror qabul qilinadi. Mazkur qaror eksternlarning tanishishi uchun attestatsiya boshlanishidan kamida 10 kun oldin maktab binosining barcha uchun ko‘rinarli joyiga osib qo‘yiladi.

Eksternlar qonun hujjatlarida maktab bitiruvchilari uchun belgilangan huquqlarga ega bo‘ladi, yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod bo‘lish huquqi bundan mustasno.

Eksternlarni attestatsiyadan o‘tkazish Umumiy o‘rta ta'lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Ekstern 9 va 11-sinflardagi baholar (o‘zlashtirish) tabeliga asosan, attestatsiya o‘tkazilmaydigan fanlardan ijobiy baholangan bo‘lsa, ushbu fanlardan attestatsiyadan ozod etiladi.

Eksternning 9 va 11-sinflardagi baholar (o‘zlashtirish) tabeli bo‘lmasa, 9 va 11-sinfda o‘qitiladigan fanlardan imtihon topshiradi, «Chizmachilik», «Tasviriy san'at», «Musiqa», «Texnologiya», «Jismoniy tarbiya» fanlari bundan mustasno.

Uzrsiz sabablarga ko‘ra attestatsiyaga kelmagan eksternlar, joriy o‘quv yilida ushbu fandan qayta attestatsiyadan o‘tkazilmaydi.

Uzrli sabablarga ko‘ra, attestatsiyada qatnasha olmagan eksternlar uzrli sababni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni taqdim etgan taqdirda, joriy o‘quv yilida qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Kasalligi tufayli ekstern maktabga shaxsan o‘zi kela olmasa, uning (ota-onasining yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) murojaatiga asosan, maktab direktori tomonidan ushbu eksternga uy sharoitida attestatsiyadan o‘tish imkoniyati yaratiladi.

Eksternlarning attestatsiyasi natijalari bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtiriladi va mazkur bayonnomaning yuqori o‘ng burchagiga «eksternat» so‘zi yozib qo‘yiladi.

Eksternlarning attestatsiyasi tamom bo‘lgan kundan boshlab uch ish kuni ichida maktab direktori tomonidan yozma ravishda hisobot tayyorlanib, tegishli hududiy boshqarmaga taqdim etiladi.

Hududiy boshqarmalar tomonidan maktab direktorining hisoboti olingach, ikki ish kuni ichida ushbu hisobot asosida ma'lumot (o‘tkazilgan attestatsiya natijalari bo‘yicha) tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga yuboriladi.

Eksternlarning shahodatnomalari Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 2 iyundagi 235-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi shahodatnomani bitiruvchilarga berish tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq to‘ldiriladi.

Ekstern tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning saqlanishi uchun maktab direktori mas'ul hisoblanadi.

Eksternlar tomonidan topshirilgan hujjatlar, Eksternlarning arizalarini ro‘yxatga olish daftari, attestatsiya bayonnomalari va attestatsiya bilan bog‘liq boshqa materiallar 3 yil davomida attestatsiya o‘tkazilgan maktabda saqlanadi.

Mavzuga oid