Samarqandda 8 mingdan ziyod kishini chuv tushirgan elektron moliyaviy piramida asoschisi sudlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining ochiq sud majlisida elektron moliyaviy piramida yaratib, odamlarni chuv tushirgan 59 yoshli Norqul Rahmatov bilan bog‘liq jinoiy ish ko‘rib chiqilib hukm o‘qildi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat sudi raisi o‘rinbosari O‘.Mamadaliyev ma'lum qildi.
Norqul Rahmatov eski tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «g» bandi («Firibgarlik), 179-moddasi («Soxta tadbirkorlik»), 188 (1)-moddasi 3-qismi «a» bandi («Pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) va 192 (11)-moddasi 2-qismi «a» bandi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilish) bilan ayblangan.
N.Rahmatov «WEBSYS» MChJni ta'sis etib, ijaraga olingan xonani internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish imkonini beradigan maxsus texnikalar bilan jihozlab, «Milliy elektron gashtak» loyihasini yaratadi.
2017 yilning noyabr oyidan 2018 yil iyun oyigacha «Oltinyul.uz» va «E-sum.uz» saytlari orqali «Milliy elektron gashtak» loyihasini reklama qilib, reklamada «Boyishni orzu qilyapsizmi? Imkoniyatni qo‘ldan chiqarmang» yozuvlari, «50.000 dan 3.465.150.000 so‘mgacha» yozuvlarini ko‘rsatib xizmat reklama qilinadi.
«Milliy elektron gashtak» loyihasi ishtirokchilariga 600 ming so‘m yutuq, yana ishtirokchilarni jalb etsa qo‘shimcha bonuslar va'da qilingan. Bu moliyaviy piramidaning tipik ko‘rinishidir.
2003 yilda Belgiya Qirolligiga borib, u yerda ishlash asnosida kompyuter dasturlari va internet bilan ishlash usullari bo‘yicha 4 oylik kursda o‘qigani, kompyuter va internet bilan ishlashni, saytlar yaratishni ham o‘rganib olganini aytgan N.Rahmatov o‘z noqonuniy faoliyatini keng tarzda targ‘ibot qilib, qiziqtirish ishlarini olib borib, «Oltinyul.uz» sayti orqali «E-sum.uz» saytiga Toshkent shahridan 911 nafar, Toshkent viloyatidan 102 nafar, Namangan viloyatidan 452 nafar, Jizzax viloyatidan 1.045 nafar, Buxoro viloyatidan 156 nafar, Sirdaryo viloyatidan 24 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 1.160 nafar, Andijon viloyatidan 333 nafar, Navoiy viloyatidan 129 nafar, Xorazm viloyatidan 265 nafar, Surxondaryo viloyatidan 793 nafar, Farg‘ona viloyatidan 774 nafar, Samarqand viloyatidan 1.732 nafar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 463 nafar — jami 8.339 nafar shaxs a'zo bo‘lishiga erishadi.
Shulardan dastlabki tergov davrida guvoh va jabrlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan jami 3.537 nafar shaxs tomonidan «E-sum.uz» saytiga jamiyatning hisob raqamiga pul kirim qilish, naqd pul berish, «Click» tizimi orqali va boshqa yo‘llar bilan jami 324.662.300 so‘m pul mablag‘ni kirim qilishlariga, ularga xuddi shu yo‘llar bilan 141.477.000 so‘m pul mablag‘larini jamiyat hisob raqamidan va boshqa yo‘llar bilan chiqim qilinishiga erishib, shuningdek 68.386.400 so‘m pul mablag‘larini kirim qilingan summadan ortiqcha chiqim qilib, saytga a'zo bo‘lgan shaxslarning manfaatlariga jami 251.571.700 so‘m — juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan.
Sud N.Rahmatovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodesining 168-moddasi 1-qismi bilan, eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.
Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi JKning 188(1)-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan bilan, JKning 57-moddasini qo‘llab 5 (besh) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mavzuga oid
10:53
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024
Samarqandda yo‘lovchi avtobusi traktor tirkamasi bilan to‘qnashdi
14:23 / 29.10.2024