Sport | 18:55 / 01.06.2019
20873
7 daqiqa o‘qiladi

«Eldor shapkalari», «Mash'al»dan minnatdor ekani va Chempionlar Ligasi finali haqida Eldor Shomurodov bilan suhbat

O‘zbekiston milliy jamoasi Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in o‘tkazmoqda. Turkiya bilan o‘rtoqlik o‘yiniga tayyorlanayotgan milliy jamoa ayni damda «The Sense De Luxe» mehmonxonasida joylashgan. Tribuna.uz muxbiri fursatdan foydalanib milliy jamoa hujumchisi Eldor Shomurodov bilan suhbat uyushtirdi.

– Eldor, avvalo Turkiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini haqida fikr bildirsangiz.

– Bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Turkiya Yevropada ham o‘z nomiga ega jamoa ekanini bilamiz, ammo bu yerga g‘alaba uchun kelganmiz. Milliy jamoa libosini kiyganidan so‘ng inson butunlay boshqacha darajada o‘ynay boshlaydi. Shu bois bu yerda hamma futbolchi o‘zini ko‘rsatishga harakat qiladi. Yelkada butun mamlakatning mas'uliyati turadi.

– «Krasnodar»ga qarshi o‘yinda maxsus shapkada maydonga tushib, gol urdingiz. Keyinchalik ular «Eldor shapkalari» deb atala boshlandi va «Rostov» do‘konlarida sotilmoqda. O‘sha shapka bilan bog‘liq vaziyatni qanday eslaysiz?

– O‘sha gol urilgan vaziyatdan oldin «Krasnodar» futbolchisi bilan to‘qnashib ketdim. Martinovich edi adashmasam. Boshim yorilgani sabab doktorlar qonni to‘xtatish uchun o‘sha shapkani kiygizib qo‘yishdi. Boshni o‘rashga ko‘p vakt ketishi uchun shunday qilishdi. Keyin shapkada o‘ynadim va u bilan gol urdim (kuladi). Gol urilganda Yeryomenkoning to‘p uzatishi ham ajoyib chiqdi. U yuqori darajadagi futbolchi va shu bois uzatma ham zo‘r chiqdi.

– «Rostov»dagi sheriklaringiz bilan munosabatingiz qanday?

Hamma bilan yaxshi chiqishaman. Jamoada ichki muhit yaxshi. Futbolchilar bilan do‘stmiz.

– Rossiya chempionatiga borishdan avval uni qanday tasavvur qilgandingiz? Rossiya Premer-Ligasi kutganingizdek bo‘lib chiqdimi?

– Rossiyada kuchga asoslangan futbol bo‘lishini tasavvur qilgandim va shundayligiga amin bo‘lyapman. Jamoalar bir-biriga zich o‘ynashga harakat qilishadi. Shu bois 1:0, 0:0 kabi hisoblar ko‘p bo‘ladi. Boshida Rossiya chempionatiga o‘rganib ketishim qiyin bo‘ldi, lekin hozir hammasi joyida.

– Ba'zan futbolchining faoliyatidagi bir lahza ko‘p narsani o‘zgartirib yuboradi. Masalan 2011 yilgi Osiyo Kubogi ochilish o‘yinida Odil Ahmedov Qatar darvozasiga super gol urgach, faoliyati yaxshi tomonga o‘zgarib ketgani haqida aytgandi. Sizning faoliyatingizdagi eng muhim lahza sifatida Ummonga qarshi o‘yindagi golni aytish mumkinmi? O‘sha o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, chiroyli reyd amalga oshirgan va g‘alaba golini urgandingiz. Aynan o‘sha goldan so‘ng o‘yiningiz yanada ochilib ketdi.

– Bu gol faoliyatimdagi eng muhimi bo‘lmasligi mumkin, lekin u chindan ham o‘zimga bo‘lgan ishonch ortishiga sabab bo‘ldi. Osiyo Kubogidan so‘ng «Rostov»da ham oldingidan yaxshiroq o‘ynay boshladim.

– Ko‘pchilik Osiyo Kubogidagi eng chiroyli golingiz deb Yaponiyaga qarshi o‘yindagi golni e'tirof etadi. O‘sha golni qanday eslaysiz? Sizning ko‘zingiz bilan qaraganda bu gol qanday sodir bo‘lgandi?

– Doston menga to‘pni uzatganidan so‘ng oldinga qarab yurdim. Qarasam, oldinda bizdan hech kim yo‘q va men vaziyatni o‘zim yakunlashim kerakligini angladim. Qaror qabul qilganimdan keyin qolgani intuitsiyaga ko‘ra sodir bo‘ldi. Bu o‘yin holati edi va hujumchi uni gol bilan yakunlashi kerak.

– «Mash'al» akademiyasidan futbolga kirib kelgansiz. O‘sha damlarni qanday xotirlaysiz? Umuman, «Mash'al» akademiyasidan ko‘p futbolchilar chiqqan. Bu jamoaning yoshlarni yaxshi tarbiyalab, ularni milliy jamoa darajasiga ko‘tarishdagi yutug‘i nimada?

– Biz shug‘ullangan vaqtimizda «Mash'al» akademiyasi O‘zbekistondagi eng yaxshisi edi. U yerda sharoitlar zo‘r edi. Akademiyaning yutug‘i seleksiyada bo‘lgan deb o‘ylayman. Ular butun O‘zbekistondan yaxshi bolalarni yig‘ib olishardi. Afsuski, o‘ylashimcha hozir u yerda sharoitlar avvalgidek emas. Lekin oldingi darajasiga qaytsa, «Mash'al» akademiyasi o‘zbek futboliga ko‘p narsa beradi.

– Yaqinda Aleksandr Xomyakov «Mash'al»dan ketdi. U qanday murabbiy edi?

– Xomyakov qattiqqo‘l murabbiy edi. Men aynan uning vaqtida Oliy Ligada debyut qilganman. Bugungi darajaga chiqqanimda uning hissasi bor.

– «Bunyodkor»ga kelishingiz faoliyatingizda qanday o‘zgarishlar olib keldi?

– O‘sha vaqtda «Bunyodkor»da yosh futbolchilar yig‘ilgandi. Lushchan taklif qilganida ko‘p ham o‘ylamay rozilik berganman. Uning qanday murabbiy ekanini yoshlar terma jamoasidan bilardim. Lushchan yosh futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttira oladigan yaxshi murabbiy. «Bunyodkor»dagi faoliyatim yaxshi o‘tgan deya olaman. Aynan o‘sha vaqtda milliy jamoadan chaqiruv olganman.

– Bugun Chempionlar Ligasida final o‘yini bo‘ladi. Hal qiluvchi o‘yinda kim g‘alaba qozonadi deb o‘ylaysiz?

– «Liverpul» kuchliroq va ular g‘alaba qozonishsa kerak. Klopp hozir dunyoning eng zo‘r murabbiyi. «Liverpul» ham o‘z navbatida hozir dunyoning eng yaxshi klubi deb o‘ylayman. «Tottenhem» finalga kutilmaganda chiqdi, ko‘pchilik «Ayaks» chiqadi deb o‘ylagandi.

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid