O‘zbekiston | 10:30 / 03.06.2019
12976
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» eng mazali taomlar tortiq qiluvchi aviakompaniya deb topildi

Foto: KUN.UZ

 “Tutu.ru” sayyohlik servisi 2018 yilning aprelidan 2019 yil apreligacha rossiyalik yo‘lovchilar orasida o‘tkazilgan navbatdagi so‘rovnomasi natijalarini e'lon qildi. So‘rovnomada 27500 kishi turli xorijiy aviakompaniyalar samolyotlarida taklif qilinuvchi taomlar haqida o‘z fikrlarini bildirishgan. 

Bu ma'lumotlar asosida eng mazali taomlar tortiq qiluvchi 10 ta aviakompaniya ro‘yxati tuzildi. 

E'tiborlisi, ushbu ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasini “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi egalladi. Aviakompaniya 2 yil avval ham shunday natijani qayd qilgandi. Bu haqda “Vedomosti” eslatib o‘tdi.

2-o‘rinni Ozarboyjonning Azerbaijan Hava Yollary aviakompaniyasi egallagan. Ushbu aviakompaniya taomlari turfa xilligi bilan yo‘lovchilar e'tiborini tortgan.

3-o‘ringa Turkiyaning Turkish Airlines aviakompaniyasi loyiq topilgan. Taomlarning sifati yuqoriligiga qaramay, ba'zi yo‘lovchilarning ta'biga turk aviakompaniyasi taomnomasida mavjud bo‘lgan sharq oshxonasi elementlari to‘g‘ri kelmagan.

Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi qit'alararo reyslarda uchta taom, gazak va ichimliklardan iborat tushlikni taklif qilishiga qaramay, 4-o‘rinni egallagan. 5-o‘rinni Qozog‘istonning Air Astana’si egalladi. Ushbu aviakompaniya taklif qiluvchi yeguliklar mazaligi, katta porsiyasi va ichimliklarning turfa xilligi bilan ajralib turadi.   

Keyingi o‘rinlarni Gruziyaning Georgian Airways, Gretsiyaning Ellinair, Tojikistonning Somon Air, yana bir grek aviakompaniyasi Aegean Airlines va Moldovaning Air Moldova aviakompaniyalari egallagan.

Yo‘lovchilar milliy aviakompaniya taklif qiluvchi yeguliklarning katta porsiyasini, mazaliligi va to‘yimliligini ijobiy baholashgan. 6 soatdan uzoqroq davom etuvchi reyslarda asosiy ovqatga qo‘shimcha yengil nonushta ham taklif qilinishi ahamiyatga molikdir. 

Aviakompaniyaning “Ketring” korxonasi muntazam ravishda taomnomani yangilab turadi. Unga issiq va sovuq taomlar, gazaklar, ichimliklar, jumladan biznes-sinf uchun dunyo brendlari mahsulotlari, mevalar, ko‘katlar va sabzavotlar, somsa va quritilgan mevalar – mayiz, turshak, yong‘oq kiradi. Yo‘lovchilar istaklariga ko‘ra vegetarian, kosher (yahudiylikda ruxsat etilgan taom), bolalar taomlarini buyurtma qilishlari mumkin. Buning uchun bronlash yoki chiptani sotib olish vaqtida bu haqida ma'lum qilish, so‘ngra aeroportda ro‘yxatdan o‘tish vaqtida o‘z buyurtmasini tasdiqlash lozim bo‘ladi.

Mavzuga oid