Jahon | 11:02 / 08.06.2019
18450
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda Rog‘un GESning ikkinchi agregati ishga tushirildi

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Rog‘un GESning ikkinchi agregati test rejimida, ya'ni elektr energiyasini ishlab chiqarmaydigan holda ishga tushirildi. Bu haqda «Ozodi» xabar bermoqda.

«Aziya-Plyus» agentligining 7 iyun kuni hukumatdagi manbasiga tayanib xabar berishicha, «ikkinchi agregat past quvvatda ishga tushadi» hamda ikkinchi agregatning rasmiy ravishda ishga tushirilishi bo‘yicha aniq sana hali ma'lum emas.

Rog‘un GESning ikkita agregati vaqtincha ishga tushirilishi va 2021 yilgacha elektr energiyasini ishlab chiqarishi kerak, shundan so‘ng ular rejalashtirilgan tarzda almashtiriladi.

GESning birinchi agregati 2018 yil 16 noyabrda rasmiy ravishda ishga tushirildi, ammo joriy yilning mart oyida to‘xtatildi hamda hukumat bir necha haftalik sukutdan so‘ng «suv omboridagi suv tushirib yuborilgani» haqidagi mish-mishni tasdiqladi. Amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, suv «profilaktika ishlarini o‘tkazish va GES birinchi agregati holatini tekshirish uchun» tushirilgan.

Bu vaziyat joriy yil aprel oyida ishga tushirilishi kerak bo‘lgan GESning ikkinchi agregati bo‘yicha muddatlarga ta'sir ko‘rsatdi.

Bundan oldin, Rog‘un GESda ta'mirlash ishlaridan keyin suv omborini to‘ldirish boshlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid