O‘zbekiston | 09:30 / 10.06.2019
106712
5 daqiqa o‘qiladi

«1000ga yaqin odamning tirikchiligi, moli yonib kul bo‘ldi». Marg‘ilondagi yong‘in tafsilotlari

8 iyundan 9 iyunga o‘tar kechasi soat 02:10 larda Marg‘ilon shahar, Pichoqchi MFY, Xiyobon ko‘chasi, 174A-uyda joylashgan «Marg‘ilon umumiy ulgurji savdo» MChJga qarashli ulgurji va chakana tovarlar sotishga ixtisoslashtirilgan 3-sonli savdo pavilonida yong‘in sodir bo‘ldi.

Yong‘in xavfsizligi xizmati ma'lum qilishicha, Marg‘ilondagi bozorda yuz bergan yong‘inda halok bo‘lgan va jarohatlanganlar yo‘q.

2019 yil 9 iyun kuni tungi soat 02.05da Marg‘ilon shahar YoXB dispetcherlik xizmatiga shaharning Pichoqchi mahallasida joylashgan «Marg‘ilon umumiy ulgurji savdo kompleksi» MChJda yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Xabar asosida birinchi bo‘linmalar soat 02.10da voqea joyiga yetib borganida savdo kompleksining keng maydonda qurilish konstruksiyalari va savdo do‘konlarining tom qismidan quyuq tutun aralash alanga chiqib yonayotgani ma'lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 04.20da qurshab olinib, 05.40da batamom o‘chirilgan.

Yong‘inni o‘chirishga jami 19ta asosiy va 3ta maxsus yong‘in o‘chirish avtomobillari jalb etilgan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

Hodisa oqibatida savdo kompleksi binosining (tim) taxminan 1575 kvadrat metr maydonidagi qurilish konstruksiyalari va tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan savdo rastalar, tez yonuvchi materiallaridan (taxta-yog‘och, DVP, plastik va boshqa) qurilgan savdo do‘konlar va ular ichida saqlangan oziq-ovqat mahsulotlari yonib, zararlangan. Amalga oshirilgan tezkor harakatlar natijasida savdo kompleksining 8.865 kv.m maydoni saqlab qolinishiga erishilgan.

Yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar aniqlanmoqda.

Telegram’dagi «Farg‘onaliklar» kanalida aytilishicha, bozor sobiq traktor ta'mirlash zavodi hududida joylashgan. 2013 yilda Marg‘ilonda sobiq to‘qimachilik kombinati o‘rniga joylashtirilgan «Kombinat bozori» hududida ham yong‘in chiqqan edi.

So‘nggi yong‘in oqibatida 1000ga yaqin odamning tirikchiligi, moli yonib kul bo‘lgan.

«Bu bozor sobiq traktor remonti zavodi binolarida joylashgan bo‘lib, hech bir bino maxsus bozor uchun qurilmagan. Traktor zavodining hamma uskunalari kesilib, sotilib, o‘rniga boshqa yongan kombinat bozoridan ko‘chirib kelingan. Kombinat bozori ham xuddi shunday sobiq ip yig‘iruv kombinati binosida joylashgan edi. U yerda oziq-ovqat savdosini yo‘qotamiz deb, xalq qarshiligiga uchrab, ko‘chira olishmagan edi. Tasodifmi yoki bu ataylab qilingan, ammo savdogarlar ko‘chishni rad etgach, o‘sha kombinat bozori yonib ketgan edi. Prezident kelishidan avval TRZ bozor ham ichkariroqqa yo‘l bo‘yidan ko‘chiriladi, uning o‘rniga ko‘p qavvatli uy tushadi, degan mish-mishlar bolalagandi.

Bozorlar Marg‘ilonda juda ko‘p yonadi, xususan, kombinat bozori 3 marta, TsUM 2 marta yongan. Hamma yong‘inlar ko‘chish kerakligi haqidagi mish-mishlardan so‘ng yuzaga keladi», — deyiladi kanalda qoldirilgan izohda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, pavilonda tungi navbatchilikda qolgan shaxs soat 02:00 larda 3-sonli savdo paviloni tom qismidagi elektr simida qisqa tutashuv bo‘lib, kuchli chaqnash yuz bergani va natijada yong‘in kelib chiqqanini ko‘rib, binoni elektr tarmog‘idan uzib, bu haqda darhol Marg‘ilon shahar yong‘in qutqaruv qismiga xabar bergan.

Mazkur holat yuzasidan Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Mavzuga oid