Light | 11:21 / 22.06.2019
107089
6 daqiqa o‘qiladi

Aql tishni oldirish kerakmi? Qachon?

Foto: Dentilife

«Sakkizinchi»ni oldirmaslik qolgan tishlar zararlanishi va og‘riqli daqiqalaringiz ko‘payishi ehtimolini oshirishi mumkin.

Aql tishlari nima o‘zi va ular bizga kerakmi?

Bizga voyaga yetgan sog‘lom odamda 32ta tish bo‘ladi, deb o‘rgatishgan. Biroq, bu ancha eskirgan ma'lumot.

Aslida zamonaviy tibbiyotda 28ta tish norma hisoblanadi. Ba'zida rudimentar (qoldiq) tishlar o‘sishi hisobiga miqdor 32tagacha ham yetishi mumkin.

Insoniyatning stomatologik tarixiga nazar tashlasak, shunday manzara paydo bo‘ladi: qadimda odamlar xom go‘sht, ildiz, o‘simliklarning qattiq poyasi kabilarni uzoq chaynash orqali kun kechirishgan, buning ortidan ularning jag‘i va og‘iz bo‘shlig‘i hozirgi zamon odamining jag‘idan bir muncha kengroq bo‘lgan. Shu sababli tepada 16ta va pastdagi yana shuncha tish bemalol o‘rnashgan, jami 32ta.

Biroq, vaqt o‘tishi bilan insonlar issiq taom tanovul qilishga o‘tishdi va chaynashga qulay katta yuzali oziq tishlar yo‘qolishni boshladi. Shuningdek, inson miyasi ham hajman kattalashib, jag‘ suyagini birmuncha siqib bordi.

Barcha jarayonlar natijasida jag‘ sohasi kichrayib bordi. Eng chetki chaynaydigan tishlar — uchinchi oziq yoki sakkizinchilar — keraksizga aylandi. Xususan, hozirga kunda aksariyat odamlarda aql tishlari yo‘q. Lekin hammada ham emas.

Ba'zi odamlarning jag‘ida ortiqcha joy bo‘lmasa ham, ushbu rudimentar tishlar milkni teshib chiqishga jon-jahdi bilan urinadi. Odatda bu holat bolalik davri tugagandan so‘ng, 17-25 yoshda sodir bo‘ladi. Aynan shu sababli, uchinchi oziqlar aql tishlari nomini olgan.

Aql tishlarini oldirish shartmi?

Yo‘q. Inson tanasida boshqa rudimentlar ham mavjud va ular bilan kelishib yashash vazifasini organizm juda yaxshi uddalaydi. Masalan, dumg‘aza suyagi, ko‘richak yoki quloqni qimirlatish imkonini beruvchi mushaklar. Shifokorlarning ta'kidlashicha, rudimentlar sizga noqulaylik tug‘dirmasa, ularga tegmagan ma'qul: jarrohlik amaliyoti asorati siz kutgan foydadan yomonroq bo‘lishi mumkin.

O‘sib chiqqan aql tishlarni quyidagi holatlarda tinch qo‘yish kerak:
sog‘lom va sizga noqulaylik tug‘dirmasa;
to‘liq o‘sgan bo‘lsa;
to‘g‘ri joylashgan bo‘lsa (vertikal holatda: ildizi ichkarida, toji tashqarida);
tozalash oson bo‘lsa.

Jag‘da aql tishlari uchun yetarli joy bo‘lganda ham oldirish shart emas.
Biroq, ba'zi stomatologlar rudimentlarni kun kelib muammo chiqaruvchi va nima bo‘lganda ham xalos bo‘lish kerak yuk deb hisoblashadi. Lekin, asrab qolishga ham sabablar mavjud. Masalan, ular boshqa tishlar oldirilganda qo‘yiluvchi protezlar uchun ustun bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Aql tishlaringiz og‘riq bermasa va ikkilanayotgan bo‘lsangiz, yaxshisi qaror qabul qilish huquqini malakali tish doktoriga topshirgan ma'qul.  

Ba'zida esa, rudimentar sakkizinchilar jag‘ga sig‘maydi.

Foto: goodyfeed.com

Qachon aql tishlarni oldirish kerak?

Ular bilan quyidagi holatlarda xayrlashing:
1. Aql tishlar bor, lekin milkni teshib chiqolmaydi
Shu sababli, uchinchi oziqlar milk va jag‘ suyagiga og‘riq beradi, shishga olib keladi. Bundan tashqari, sakkizinchilarda milkni yallig‘lantiruvchi bakteriyalar to‘planishi ehtimoli katta va boshqa tishlarni zararlaydi.
2. Aql tishlari to‘liq o‘smagan
Jag‘ning eng chetki qismiga tish cho‘tkasining yetib borishi qiyin. To‘liq shakllanmagan mitti aql tishlariga yetib borish esa deyarli imkonsiz. Kariyes o‘chog‘iga aylanmasdan ulardan qutilish kerak. Kariyes o‘z navbatida qattiq og‘riq va qon zararlanishiga olib kelishi mumkin.
3. Aql tishlari notekis o‘sadi 
Aql tishlari o‘sishi uchun joy yetarli bo‘lmasa, ular milk tinimsiz harakatlanadi: gorizontal holatda yoki boshqa tishni qisgan holatda o‘rnashib qolishi mumkin. Kuchli og‘riqning sababi ham shu.
4. Aql tishlari jag‘ga sig‘maydi.
Bunda nafaqat tishlar balki jag‘ suyagi ham yemiriladi. Yumshoq suyak to‘qimalarga ortiqcha bosim va ularning yallig‘lanishi boshqa asoratlarga ham kelishi mumkin  — jag‘ bo‘g‘imlari va chaynashda qatnashuvchi mushaklar kasalliklari, sinusit, ruhiy buzilishlar.

Aql tishlaridan qanday xalos bo‘lish mumkin?

Bu jarroh-stomatologlarning vazifasi hisoblanadi. Og‘iz bo‘shlig‘ining ortki qismidagi og‘riqning sababi aynan aql tishlari yoki yo‘qligini mutaxassis aniqlab beradi. Balki, umuman boshqa tishlarni davolashga to‘g‘ri kelar.

Agar boshqa ko‘ngilsizliklar kuzatilmasa, aql tishni olish bir-ikki daqiqa vaqt va o‘sha joyning o‘zida narkozni talab etadi, xolos. Jiddiyroq holatlarda sedativ (uyqu chaqiruvchi) vositalar orqali jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi mumkin.

Aql tishi oldirilgandan keyingi tiklanish jarayoni 5 kundan 2 haftagacha davom etadi. Bu davr mobaynida stomatolog sizga yallig‘lanishga qarshi, og‘riq qoldiruvchi vositalar va vitaminlar buyurishi mumkin.

Mavzuga oid