«Chiqindi poligonlari tartibga solinmagan, mablag‘ esa talon-toroj qilingan» ─ Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi
Respublikada mavjud chiqindi poligonlarning 128tasida tuproq qatlamining holati bo‘yicha geologik va gidrogeologik tadqiqotlar amalga oshirilmagan. 70ta poligonda esa ekologik ekspertiza o‘tkazilmagan. Andijon viloyatining Bo‘z, Jalaquduq, Izboskan tumanlaridagi chiqindi poligonlari faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan bo‘lsa-da, haligacha u yerga chiqindi tashish holatlari mavjud. Bu haqda Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining 2019 yil birinchi yarmidagi faoliyati yakunlari xususidagi brifingda ma'lumot berildi.
Senatorlar tomonidan o‘rganish xulosalariga ko‘ra, 166ta poligon kirish joyi, chiqindilarni ko‘mish, sanitariya-epidemiya hududi kabi qismlarga bo‘linmagan, 98ta poligonda sanitariya-epidemiologiya xulosalari yo‘q.
Mavjud poligonlarning 160tasi, 72 foizida kirish yo‘llari, 117tasi, 52 foizida texnik suv ta'minoti, 99tasi 44 foizida elektr energiya tarmog‘i mavjud emas. 99ta poligonning atrofi to‘liq o‘rab olinmagan.
«Poligonning ichi to‘lib ketgan, holat bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya xulosasi yo‘q. Boz ustiga, atrofi o‘rab olinmagan. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi poligonni yopish haqida xulosa beradi, lekin baribir ishlab yotibdi, chiqindini tashlashyapti. Chiqindi borasida hali qilinadigan ishlar juda ko‘p», ─ deydi Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev.
2014–2018 yillarda sohaga jami 541 milliard 600 million so‘m davlat budjet mablag‘lari sarflangan bo‘lib, shundan 129 milliard 300 million so‘m, ya'ni 24 foizi yangi poligonlarni qurish, mavjudlarini tartibga solish va ularni maxsus texnika bilan jihozlash ishlariga ajratilgan.
«Toza hudud» DUKning Farg‘ona, Xorazm, Andijon, Toshkent, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiallarida budjet mablag‘larini maqsadsiz sarflash holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Xususan, Samarqand viloyati «Toza hudud» DUK tasarrufidagi poligonlar qurilishida jami 135,6 mln so‘m talon-toroj qilingan», ─ deyiladi brifingda.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham chiqindi yig‘ish poligonlari qurilishida 8 holatda jami 466 million so‘m mablag‘ ushbu maqsadga yo‘naltirilmagani ma'lum qilingandi.
Mavzuga oid
23:07 / 21.12.2024
Toshkent viloyatida chiqindi poligonlari xizmat narxi oshiriladi
17:13 / 26.12.2023
“Faqat isrof qilmaslik uchungina suvning narxini ko‘tarish to‘g‘ri emas” – ekofaol
14:51 / 26.12.2023
Rasul Kusherbayev ekologiya nazorat organini hukumat tarkibidan chiqarishni taklif qildi
11:40 / 23.12.2023