O‘zbekiston | 14:42 / 06.08.2019
4405
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov TIKA raisi bilan uchrashdi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 6 avgust kuni Anqara shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) raisi Serkan Kayalar bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida ta'kidlanganidek, TIKA 1992 yildan beri O‘zbekistonda iqtisod, savdo, texnik, ta'lim, ijtimoiy va madaniy dasturlarni hamda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirish sohalarida faoliyat yuritib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida TIKA tomonidan qiymati 40 mln. AQSh dollaridan ko‘proq bo‘lgan 800 dan ortiq texnik ko‘mak grant loyihalarini amalga oshirdi. 2019 yil yakunlariga ko‘ra ushbu ko‘rsatgichning sezilarli darajada o‘sishi kutilmoqda. TIKA raisi sobiq o‘rinbosari Mehmet Sureyya Erning O‘zbekistonga elchi etib tayinlanishi ham mamlakatimizdagi Turkiya texnik ko‘mak loyihalarining hajmi va sifatining yangi darajaga olib chiqilishidan darak beruvchi belgi deb qaralmoqda.

TIKA’ning O‘zbekistondagi biz uchun muhim bo‘lgan loyihalaridan biri mamlakatimizda Istanbulning «Gebze» tashkiliy sanoat zonasi filiali ochilishi hisoblanadi. Bu loyihaning amalga oshirilishi ikki tomon uchun ham uzoq muddat davomida natija keltiruvchi manfaatli qadam bo‘ladi, mamlakatimizda Turkiya tadbirkorlarining investitsion va ishlab chiqarish faoliyati uchun yangi sharoitlarni yaratadi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning tegishli muassasalari bilan iqtisodiyot, madaniyat, ta'lim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni himoya qilish, turizm sohalarida va boshqa qator ijtimoiy ahamiyatga ega yo‘nalishlarda TIKA’ning loyihalar va texnik ko‘mak dasturlarini amalga oshirish doirasidagi hamkorligini faollashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid