Jamiyat | 07:34 / 10.08.2019
9673
4 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz tanqididan so‘ng: Urganch tumanidagi «Hayot yo‘q mahalla» yo‘llari ta'mirlandi

Shu yilning fevral oyida Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati Urganch tumani G‘alaba mahallasining Amudaryo ko‘chasida yashovchi aholi ijtimoiy muammolar yechimsiz qolayotganidan shikoyat qilgandi.

Murojaatda mahalla yo‘llari juda yomonligi, elektr energiyasi ta'minotidagi tez-tez uzilishlar, elektr simyog‘ochlari yo‘qligi, ichimlik suvi tarmog‘idagi muammolar, maishiy chiqindilar to‘planib qolayotgani kabi muammolar ko‘rsatilgandi.

Murojaat asosida mahallaga borib, vaziyatni o‘rgandik, o‘rganish davomida shikoyat o‘rinli ekani aniqlandi. Bu haqda «Hayot yo‘q mahalla!» - Urganch tumanidagi «dunyodan uzilgan» mahalla muammolari va «Hayot yo‘q mahalla 2» - Urganch tumanidagi «dunyodan uzilgan» mahalla muammolari hal bo‘lmadi» sarlavhali maqolalar e'lon qilindi. Bu bilan Urganch tumani hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning Amudaryo ko‘chasi aholisining shikoyatiga e'tibor qaratishi, muammolarni bartaraf qilishda yordam berishini kutgan edik.

So‘nggi tanqidiy maqola chiqqanidan so‘ng, «Urganch tumani hududiy elektr tarmoqlari MChJ» tomonidan kamchiliklar, muammolar bartaraf qilinib,  yog‘ochdan yasalgan va qo‘lbola usulda o‘rnatilgan simyog‘ochlar olib tashlangan, o‘rniga zamonaviylari o‘rnatilgan, yangi transformator elektr ta'minoti tarmog‘iga ulab berilgan edi.

Endi esa Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Urganch tumani bo‘limi ham yo‘llar bilan bog‘liq muammolarni hal qilib berdi.

Mahalla yo‘llari tekislandi, ta'mirlandi va ShQA (shag‘al-qum aralashmasi yoki ShPS – «shchebenno-pesochnaya smes») yotqizildi.

Qayd etish joizki, aholi yashash punktlaridagi ichki yo‘llarni ta'mirlashda asfalt qoplamasidan foydalanilmaydi. Balki ShQA (yoki ShPS) yotqiziladi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlari ma'lumotiga ko‘ra, ShQA yo‘llarning o‘nqir-cho‘nqirini bartaraf qiladi, shuningdek, yomg‘ir-qorli mavsumda o‘tib bo‘lmas darajada loy bo‘lib yotishiga barham beradi.

ShQAning kamchiligi – issiq va quruq iqlim sharoitida chang-to‘zon bo‘lishidir. Shu tufayli ShQA yotqizilgan yo‘llar bo‘yida yashovchi aholiga unga muntazam ravishda suv sepib turish tavsiya qilingan.

Yo‘llarni ta'mirlash jarayonida e'tiborimizni bir holat tortdi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Urganch tumani bo‘limiga qarashli texnikalardan yo‘lni tekislovchi greyderning juda eski va abgor ahvolda ekanini ko‘rdik. Sobiq ittifoq davrida ishlab chiqarilgan bu texnika nihoyatda ta'mirtalab ahvolga kelib qolgan. Vaholanki hozirgi paytda zamonaviy greyderlar o‘zimizda ham ishlab chiqarilmoqda. Yo‘llarni ta'mirlashga bo‘lgan ehtiyoj kuchli, ammo moddiy va ma'naviy eskirgan texnika bilan bunday ishlarni jadal olib borish mumkinmikan?

Urganch tumani «G‘alaba» mahallasidagi Amudaryo ko‘chasida 200dan ortiq xonadonda 1500dan ortiq kishi istiqomat qiladi. Mahallani viloyat markazi Urganch shahridan 3 kilometr masofa, Navro‘z shaharchasidan esa atigi bitta zahkash ajratib turadi. Mahalliy taksi haydovchilari orasida u «hayot yo‘q mahalla», ya'ni «dunyodan uzilgan mahalla» nomi bilan mashhur edi. Endi asta-sekin «dunyoga, sivilizatsiyaga qaytmoqda», obod bo‘lmoqda. Biroq, mahallada o‘z yechimini kutayotgan ijtimoiy muammolar hali bor. Endi odamlar mahalla hududiga jamoat transporti kelishini, avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishini, bu bilan uzog‘i yaqin, og‘iri yengil bo‘lishini kutishmoqda. Biz hali bu mavzuga yana qaytamiz.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid