Jamiyat | 10:14 / 15.08.2019
66838
7 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz surishtiruvi: tez tibbiy yordam xodimlari ishtirokidagi mushtlashuv bo‘yicha taraflarning fikri zid kelmoqda

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l chetida tez tibbiy yordam mashinasi shifokorlari bilan sodir bo‘lgan mushtlashuv videoyozuvi tarqalgan, Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bu holatni o‘rganib, o‘zining dastlabki xulosalarini bergandi.

Videolavhada tez tibbiy yordam brigadasi shifokori va haydovchisi bir kishini do‘pposlab urayotgani tasvirlangan. Shu bilan birga shifokor va haydovchining o‘zi ham jarohat olgani ko‘rinadi, ammo bu jarohat qanday yetkazilgani lavhada aks etmaydi.

Shundan so‘ng voqealar rivoji kutilmagan tarzda kechdi va dastlab o‘zini o‘sha shifokorlar tomonidan kaltaklangan yigitning akasi Shuhrat deb tanishtirgan shaxs biz bilan bog‘landi va yuqoridagi holat bo‘yicha o‘z versiyasini so‘zlab berdi:

– Ukam Muhammadbakiyev Shavkat, 28 yoshda. Taksichi, davlatga soliq to‘lab ishlaydi. Yo‘lda yo‘lovchi olayotganida orqasidan “skoriy” kelib qayta-qayta signal chalavergan. Odamni olib ketganidan keyin yo‘lda yonma-yon turib qolishganida “skoriy” haydovchisidan “Ha aka, kasalingiz bormidi?” deb so‘ragan. Shunda haydovchi unga juda qo‘pol so‘z bilan so‘kingan. Ikkoviyam yurib ketganida “skoriy” haydovchisi uni quvib kelib, qisib to‘xtatgan. Ukamning aytishicha, haydovchi montirovka, shifokor katta temir kalit (klyuch) ko‘tarib tushib kelishgan va ukamga tashlanishgan. Shunda ukam ham o‘zini himoyalash uchun mashinasidagi arrani ko‘tarib tushgan.

Ukamning arra bilan hujum qilish niyati bo‘lmagan, ammo ular tashlanishgani uchun uning qo‘lidagi arra har ikkisiga tegib ketgan va jarohatlagan.

Ukamning qanday do‘pposlanganini ko‘rdingiz. Hammalari “16”ga (Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga) olib borilganidan “skoriy”dagilar yotqizilyapti, mening ukam esa “yengil jarohat olgan” deb javob berib yuborilyapti. Ko‘p tortishuvlardan keyin davolansin deb yotqizdik. Ular yonma-yon palataga joylashib qolishibdi. Hojatga chiqqanida “skoriy” haydovchisi buni ko‘rib qolibdi. Shundan keyin oradan 10 daqiqa o‘tmay ukamga javob berib yuborishibdi.

Bilishimcha, ularning qaysi biriningdir qarindoshi katta lavozimni egallagan. Hamma faktlarni ukamga qarshi ishlatishyapti. Men o‘zim hozir viloyatda safardaman, borganimdan keyin albatta bu ish bilan shug‘ullanaman. Biz ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini istaymiz-, dedi Shuhrat aka.

Albatta, vaziyatga xolis baho berish uchun har ikki tomonning fikri muhim. Voqeaga aloqador bo‘lgan tez tibbiy yordam brigadasi poytaxtda faoliyat yurituvchi “Zdorovaya semya” xususiy klinikasiga tegishli ekanligini aniqlaganimizdan so‘ng mazkur muassasa rahbari Rasul Yuldashev bilan bog‘landik. Klinika rahbari mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini aytish uchun tahririyatga bevosita tashrif buyurdi.

 – Rasul aka, voqea qanday yuz bergani haqida so‘zlab bersangiz.

– Shifokor va haydovchi yigitlarimiz og‘ir bemorni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga olib borib, keyingi chaqiriq bo‘yicha ketishayotgan bo‘lgan. Bilsangiz, “16”dan chiqish hamisha taksichilar bilan band bo‘ladi. Shu joyda ular o‘rtasida ziddiyat boshlangan. Bilishimizcha, “Spark”dagi yigit taksichilik qilarkan, lekin uning mashinasida taksiga xos belgilar yo‘q edi. Keyin ketgunlaricha ham “Spark”dagi yigit brigadamiz mashinasiga yo‘l bermagan, avariyaga olib keluvchi xavfli harakatlar qilgan. Chilonzor metrosi chorrahasiga yaqinlashganlarida qisib to‘xtatib, mashinasidan arra olib tushgan va haydovchimizning bo‘yniga tiragan. O‘rtada janjal yuzaga kelib, xodimlarimizning boshiga, qo‘llariga arra bilan jiddiy jarohat yetkazgan.

– Lekin videolavhada u yigit do‘pposlanayotgani aks etgan-ku?

– Gap shundaki, tarqalgan videoda faqat shu joyi aks etgani uchun ko‘pchilik shunday fikrga borayapti. Aslida bunga sabab bo‘lgan holat videoga tushmagan. Men xodimlarimizning bu harakatlarini oqlamayman, bu qadar jahlga minish yaxshi emas. Lekin ularni ham to‘g‘ri tushunish kerak, axir boshiga arra bilan jarohat yetkazsa, har qanday inson ham jazavaga tushib, o‘zini boshqara olmay qoladi-da. Mana endi shunday holat yuzaga kelib turibdi...

– Shavkat Muhammadbakiyevning yaqinlari fikricha, qandaydir yuqori lavozimli shaxs xodimlaringizni himoya qilmoqda va qo‘llab-quvvatlamoqda ekan. Buni qanday izohlaysiz?

– Bu mutlaqo asossiz gap. Biz xalqning salomatligi yo‘lida xizmat qiladigan odamlarmiz, bunaqa narsalarga vaqtimiz ham yo‘q. Xodimlarimiz hozir jarohatlaridan davolanishmoqda, boshqa gap-so‘zlar noo‘rin.

– Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildimi?

– Men o‘zim “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qildim va mengacha ham ko‘pchilik xabar bergan ekan. Holat bo‘yicha tushuntirish xati yozib berdim. Atrofdagi xolislardan ko‘rsatmalar olinishini so‘radim. Chunki xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning bu kuyga tushishi yaxshi emas. Atrofda kameralar bor, ular ham o‘rganilib, kerakli chora ko‘rilishini istaymiz. Aynan qanday ish ochilgan bo‘yicha biror ma'lumotga ega emasman.

Albatta, bir holat yuzasidan har ikki tomonning o‘z fikrlari bor va ular bir-biriga zid kelishi tabiiy. Ziddiyatning hali davolanayotgan “asl qahramonlari” bilan suhbatlar yanada qiziq faktlarni ochishi ham hech gap emas. Yakuniy bahoni esa tergov surishtiruvlari va dalillarga tayanib sud berishi mumkin. Demak kuzatishda davom etamiz.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid