O‘zbekiston | 08:16 / 24.08.2019
307151
4 daqiqa o‘qiladi

«Super-kontrakt» narxi qancha va kimlar uchun?

Foto: KUN.UZ

Test natijalari chiqishni boshlagach, abituriyentlardan qo‘shimcha kontrakt (xalq tilida "super-kontrakt") haqida savollar ko‘paydi, deb yozadi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev. U qo‘shimcha kontrakt haqidagi ayrim savollarga javob berishga harakat qildi.

Qo‘shimcha kontraktda o‘qish uchun necha ball olish kerak?

Farqi yo‘q. Testga kirgan bo‘lsa, kifoya. 1 ball olgan bo‘lsa ham, qo‘shimcha kontraktda o‘qishi mumkin. Faqat narxi baliga qarab farq qiladi.

Qo‘shimcha kontraktda o‘qishni xohlaganlar qachon ariza berish kerak?

O‘qishga kira olmagan abituriyentlar qo‘shimcha kontraktda o‘qish uchun test natijalari e'lon qilingandan boshlab 1 oy ichida ariza berishi kerak.

Ariza qayerga beriladi?

Qo‘shimcha kontraktda o‘qish istagida bo‘lganlar OTM rektori nomiga ariza beradi.

Oshirilgan kontraktning narxi qancha?

Oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

1-toifa

Kirish chizig‘iga 4 ball yetmaganlar nisbatan ancha arzon kontrakt to‘laydi. Jumladan:

1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun - 1,5 barobar;

1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,0 barobar;

2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,5 barobar;

3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun - 3,0 barobar.

Masalan, kirish bali 140 bo‘lgan deylik. 139 ball to‘plagan abituriyent kontraktning 1,5 barobarini to‘laydi. Asli 10 mln so‘m kontrakt bo‘lsa, 15 mln so‘m to‘lasa kifoya.

138,9 ball olgan abituriyent esa 2 barobarini to‘laydi, ya'ni 20 mln so‘m. Va h.k.

2-toifa

56,7 balldan ko‘p to‘plagan, lekin kirish chizig‘iga 4 balldan ko‘proq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan 25 baravarigacha miqdorida to‘laydi.

Masalan, yana o‘sha kirish 140 ball bo‘lgan yo‘nalishni misol olsak, 135,9 balldan kam 56,7 balldan ko‘p to‘plaganlar 2-toifaga tushadi.

Joriy yilda 2-toifa uchun narxlar hali tasdiqlanmadi.

3-toifa

56,7 balldan kam to‘plaganlar 2-toifadagi super-kontrakt miqdorining 2 barobarini to‘lab o‘qishlari mumkin. Masalan, oddiy super-kontrakt 15 barobar bo‘lsa, 56,7 balldan kam to‘plaganlar 30 barobar to‘lab, 2-toifadagi super-kontraktda o‘qishi mumkin.

Oshirilgan kontrakt har yili to‘lanadimi yoki bir marta?

Bir marta to‘lanadi. 1-o‘quv yilini tugatgandan so‘ng keyingi yillarda el qatori oddiy kontraktni to‘lab o‘qishadi.

Magistraturada ham qo‘shimcha qabul bormi?

Ha, bor. Faqat magistraturada bakalavrga o‘xshab tabaqalashtirilgan qimmat kontrakt to‘lanmaydi, oddiy kontrakt narxi qancha bo‘lsa, qo‘shimcha qabul qilingan magistrlar ham shuncha to‘lashadi.

Super-kontraktni bo‘lib-bo‘lib to‘lasa bo‘ladimi?

Yo‘q, ming afsuski hozirgi qoidalar bo‘yicha super-kontraktni to‘liq to‘lash talab etiladi. 100% to‘langandan keyingina buyruq chiqariladi. Lekin bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratish kerak, menimcha.

Super-kontrakt uchun ta'lim krediti olsa bo‘ladimi?

Yo‘q, super-kontrakt uchun ta'lim krediti berish amaldagi qonunchilikda belgilanmagan.

Eslatma: 10 yoki 20 barobar degani bu eng kam oylik ish haqiga nisbatan emas, o‘sha yo‘nalishdagi kontrakt narxiga nisbatan. Ya'ni kontrakt 10 mln so‘m bo‘lsa, 15 barobar bo‘lganda qo‘shimcha kontraktda 150 mln so‘m to‘lanadi.

Mavzuga oid