Jahon | 19:47 / 12.09.2019
15928
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiyalik malika 10 oylik shartli qamoq jazosi oldi 

Parij sudi Saudiya Arabistoni podshohi Salmonning qizi va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saudning singlisi Hassa bint Salmonni 10 oylik shartli qamoq jazosi va 10 ming yevro jarimaga tortdi. Reuters axborot agentligining xabar berishicha, malika Fransiya fuqarosini zo‘ravonlik bilan vaqtinchalik ozodlikdan mahrum qilishda sherik deb tan olingan.  

Bundan tashqari, malikaning tansoqchisi ham 8 oylik shartli qamoq jazosi va 5 ming yevro jarimaga tortilgan.

Malikaning o‘zi hukm chiqarilishida ishtirok etmagan.

Gap 2016 yilda malikaning Parijdagi qarorgohida yuz bergan voqea haqida bormoqda. Voqea malikaning uyiga xizmat ko‘rsatuvchi texnik uyning yuqori qavatlaridan birida eshikni bo‘yayotganda yuz bergan. Ishchi u yerdan malikaning xonasiga rakovina sinib qolgani sababli chaqirtirilgan. U ta'mirlash ishlariga kirishish oldidan vannaxonada o‘z telefoniga bir nechta suratlar olgan. Ta'kidlanishicha, Fransiyada bu odatiy jarayon hisoblanadi. 

Biroq suratlari matbuotda e'lon qilinmasligi bilan tanilgan malika ishchini aynan uni suratga olmoqchi bo‘lganlikda ayblagan. Shundan keyin u o‘zining tansoqchisi Rani Saidiyni ishchi bilan gaplashib qo‘yish uchun chaqirtirgan. Tansoqchi ishchini qo‘rqitib, uni do‘pposlashga tushgan. Ishchi 15 daqiqacha shunday qiynalgach, tiz cho‘kib, malikaning tuflisini o‘pishga majbur qilingan.

Tergovning aniqlashicha, bularning barchasi malikaning buyrug‘i bilan amalga oshirilgan. Unga nisbatan 2017 yil dekabrda hibsga olish orderi berilgan.

Ekspertiza jabrlanuvchining yuzida va bilagida mo‘mataloq izlarini aniqlagan. Ishchining sudda ta'kidlashicha, malika voqea vaqtida “Bu itni o‘ldir, u yashashga haqli emas!” deb baqirgan. 

Mavzuga oid