Sport | 18:04 / 14.09.2019
9944
2 daqiqa o‘qiladi

La Liga. «Real» qiyin g‘alabaga erishdi. Azar debyut qildi

Foto: Real Madrid C.F.

La Ligada 4-tur o‘yinlari boshlandi. O‘z maydonida «Levante»ni qabul qilgan «Real» 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, vaqtincha ikkinchi o‘ringa chiqib oldi.

«Real» birinchi bo‘limni juda yaxshi o‘tkazdi. 40-daqiqaga kelib hisob 3:0 edi. Avvaliga Karim Benzema ikkita markaziy hujumchilarga xos gollari bilan jamoasini oldinga olib chiqdi. Taym so‘ngida Kazemiro darvoza yaqinida paydo bo‘lib Vinisiusning uzatmasini golga aylantirdi.

Ikkinchi bo‘limda esa «Levante» jonlanib qoldi. Avvaliga «Levante»da ijara asosida o‘ynayotgan «Real» futbolchisi Borxa Mayoral hisobni qisqartirdi. 75-daqiqada Gonsalo Melero chiroyli kombinatsiyani golga aylantirdi va hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi. Qolganiga «Levante»ning kuchi yetmadi va «Real» g‘alabani saqlab qoldi.

Zidan bu bahsda ikkita futbolchiga debyut qilish imkonini berdi. «Portu»dan kelgan Militao jamoa sardori Serxio Ramosning o‘rniga, «Real»ning yangi yetakchisi bo‘lishi kutilayotgan Eden Azar esa Kazemironing o‘rniga maydonga tushdi. Bu g‘alabadan so‘ng «Real» ochkolar sonini 8 taga yetkazib, vaqtincha ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Real Madrid – Levante 3:2
Gollar
: Benzema (25, 31), Kazemiro (40) – Mayoral (49), Melero (75).
Real Madrid: Kurtua, Varan, Marselo, Karvaxal, Ramos (Militao, 60), Vaskes, Kazemiro (Azar, 60), Kroos, Xames, Vinisius Junior, Benzema (Yovich, 83).
Levante: Fernandes, Duarte (Melero, 68), Vezu, Klerk, Miramon, Rochina (Roxer Marti, 68), Kampanya, Vukchevich (Bardi, 56), Postigo, Mayoral, Morales.

Mavzuga oid