O‘zbekiston | 07:59 / 21.09.2019
86447
7 daqiqa o‘qiladi

Saylov-2019: 22 dekabrda bizni nimalar kutyapti?

20 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yilgi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman/shahar kengashlariga saylovlar 22 dekabr sanasida bo‘lib o‘tishi hamda saylov kampaniyasi bugundan start olishi haqida ma'lum qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov hamda beshta siyosiy partiya rahbarlari “Saylov ─ 2019” tadbirlariga tantanali tarzda start berishdi. 

Bu yilgi saylovda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov 2019 yilning eng muhim siyosiy voqeasi ─ Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman/shahar kengashlariga saylovlar tartibidagi yangiliklar xususida ma'lumot berdi. 

Butun respublika bo‘yicha saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantiriladi. Ilgari har bir hududning o‘z lokal ro‘yxati asosida ish ko‘rilgan, natijada bir kishi bir necha uchastkadan ovoz berishi mumkin bo‘lardi. Ro‘yxat yagona bo‘lgani bois endi buning imkoni bo‘lmaydi, har bir saylovchining ovoz bergan-bermagani yagona bazada qayd etiladi. Shuningdek, butun oila nomidan bir kishi kelib ovoz berishi hollariga ham yo‘l qo‘yilmaydi. 

Saylov uchastkalari haqida ma'lumotlar bir bazada jamlanadi. Har bir saylov uchastkasining joylashgan o‘rni, manzili elektron tarzda biz bazaga jamlanadi. Bu uchastkaga qaysi fuqarolar qarashi ham kiritiladi. Fuqarolar o‘z pasport ma'lumotlarini terish orqali qaysi uchastkaga va qaysi manzilga borishi kerakligi haqida osonlik bilan ma'lumot olishi mumkin bo‘ladi.

Saylov bilan bog‘liq barcha savollarga qulay tarzda javob olish mumkin bo‘ladi. Fuqarolar, saylov kuzatuvchilari, chet ellik ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari saylov jarayonlari bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan ma'lumotlarni qulay shaklda olishlari uchun kun-u tun ishlaydigan koll-markaz hamda telegram bot ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, saylov jarayoni haqidagi barcha ma'lumotlarni o‘zida jamlagan “Saylov ─ 2019” mobil ilovasi ham ishlab chiqilmoqda.

Saylov komissiyasi a'zolari maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi. Saylov komissiyalari a'zolarining har biri saylov jarayonlarini professional tarzda o‘tkazish haqida ko‘nikmaga ega bo‘lishi uchun ular maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tishadi. 

Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun sharoitlar yaratiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ham teng huquqlilik asosida saylovlarda qatnashishi uchun ularning saylov uchastkalariga kelishi, transport masalasi, bino ichida erkin harakatlanish, alohida kabinalar, Brayl alifbosi asosidagi byulletenlar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Siyosiy partiyaning saylovoldi kampaniyasi bilan bog‘liq targ‘ibot materiallarini ularga yetkazib berish ham alohida nazoratga olinadi.

Xalqaro matbuot markazi ishga tushirildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari saylovoldi tadbirlari va saylov jarayonini kuzata olishlari uchun xalqaro matbuot markazi ishga tushirildi. Unda kompyuterlar va internet tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, markazning hududiy bo‘linmalari ham joylarda ishga tushiriladi. 

Jazoni o‘tash muassasalaridagi shaxslar ham saylovda ishtirok etadi. Avvalgi saylovlarda faqatgina qamoqda o‘tirgan, lekin hali sud hukmi chiqmagan, aybi to‘la aniqlanmagan shaxslargina saylovda ishtirok eta olgan. Endilikda jazoni o‘tash muassasalaridagi jinoyati uncha og‘ir bo‘lmagan mahkumlarga ham o‘zining saylash huquqidan foydalanishi uchun imkoniyat yaratiladi. “Axir ular faqatgina ozodlikdan mahrum etilgan, saylovda ishtirok etish huquqini hech kim cheklab qo‘ygani yo‘q”, ─ deydi Abdusalomov.

Xalq nomzodlarni taniydimi? Partiyalar rahbarlari munosabat bildirishdi. Qonunchilik palatasi hamda hududiy kengashlarga o‘z nomzodini qo‘yayotganlarni elektorat yaqindan tanimasligi, xalq bilan aloqaning yaxshi emasligi haqidagi Kun.uz muxbirining savoliga siyosiy partiyalar rahbarlari o‘z munosabatlarini bildirib o‘tishdi.

Alisher Qodirov, “Milliy tiklanish” partiyasi:

─ Biz yangilanayotgan O‘zbekistonda yangicha saylovlar o‘tkazilishi haqida gapiryapmiz. O‘z kamchiliklarimizni oshkora muhokama qilyapmiz. Masalan, “Milliy tiklanish” partiyasi Qonunchilik palatasida ikkinchi partiya ekanligiga mahliyo bo‘lib, hududiy kengash deputatlari bilan deyarli ish olib bormagan. Agar biz tuman/shahar deputatlari bilan ishlaganimizda bunday axborot inqirozi holatiga kelib qolmagan bo‘lardik. Partiya o‘zining haqiqiy ma'nodagi vazifasini bajarishi, ijro hokimiyati oldiga vazifa qo‘ya olishi uchun xalq bilan mustahkam aloqada bo‘lishi kerak.

Ulug‘bek Inoyatov, “Xalq” demokratik partiyasi:

─ Parlamentdagi beshala siyosiy partiyaning har biri alohida siyosiy kuch sifatida maydonda o‘zini namoyon qiladi, o‘rtada kuchli hamda sog‘lom raqobat bo‘ladi deb o‘ylayman.

Aktam Hayitov, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi:

─ Bizning partiyada har bir nomzodning saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan. Bizning deputatlarimiz ochiq onlayn muloqot rejimini yo‘lga qo‘yishyapti. Bu muloqotlarning har bir sessiyasida fuqarolarning yuzlab savollariga javob berishadi. Shunday yo‘l bilan biz xalqni nima qiynayotganini bilib olishimiz mumkin.

Boriy Alixonov, Ekologik harakat partiyasi:

─ Oldimizda turgan mazkur siyosiy voqea qizg‘in debatlar va duellarga boy tarzda o‘tadi, deb o‘ylayman.

Narimon Umarov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi:

─ Siyosiy kurashda partiyalar bir-biriga suv sepib, oshkora kurash olib bormasligi mumkin. Lekin qarashlardagi farq katta. Madaniyatli debatlar, albatta, olib boriladi.

“Saylovda o‘qituvchilar xizmati moliyalashtiriladi”

MSK raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov saylov uchastkalari uchun aksar maktab binolarining tanlanishi va bunga o‘qituvchilarning jalb qilinishiga munosabat bildirdi.

─ Xalqaro tajribada ham ko‘rdikki, ko‘plab saylov uchastkalari maktablarda joylashgan. Chunki maktabda keng zallar, talab etiladigan barcha sharoit bor. Saylov uchastkalarini issiqlik, chiroq bilan ta'minlash masalalari bor. Shuning uchun maktablar qulay variant. Lekin ko‘plab uchastkalar yangi bunyod etilgan mahalla guzarlariga joylashtirilyapti. Saylov tadbirlarida o‘qituvchilarning xizmatidan foydalaniladi. Ilgari bu shunchaki yordam tariqasida qabul qilingan. Majburiy mehnatga ham o‘tib ketgandek ham bo‘lardi. Bu safar jalb qilingan xodimlar mehnatini moliyalashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Mavzuga oid