Jamiyat | 12:10 / 29.09.2019
35059
6 daqiqa o‘qiladi

Iste'molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot rahbari 8 oy ichida 5 marta ishdan bo‘shatilib, 4 marta qayta tiklandi

So‘nggi paytlarda noqonuniy ishdan bo‘shatilish bilan bog‘liq holatlarga duch kelayotgan, o‘z muammosiga yechim topishda yordam so‘rab, tahririyat eshigini taqillatayotganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Ana shundaylardan biri olti yildan buyon O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Samarqand viloyat hududiy birlashmasi raisi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Inobat Xasanovadir.

Qiziq tomoni, Inobat Xasanova 8 oy ichida ushbu lavozimdan 5 marta bo‘shatilgan, shundan 4 martasida lavozimiga qayta tiklangan. U noqonuniy ishdan bo‘shatilaverishdan, sudma-sud yurib, aybsiz ekanini isbotlashdan charchaganini aytib berdi.

U taqdim qilgan hujjatlar orasida unga Federatsiya tomonidan har yili berilgan faxriy yorliqlar va moddiy rag‘batlantirishlarga oid hujjatlar mavjud edi.

Voqealarning boshlanishi: Rais boshqa ishga o‘tishni taklif qilgan

«2018 yilning oktabr oyida Respublika iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov qo‘ng‘iroq qilib, maktabgacha ta'lim sohasiga o‘tishni taklif etdi. Men bu taklifga rad javobini berganimdan so‘ng, noyabr oyida takroran viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot kotibligi vazifasiga o‘tishni taklif qildi», deydi Inobat Xasanova.

8 oy ichida besh marta ishdan olinib, to‘rt marta qayta tiklandim

Inobat Xasanova Federatsiya raisining boshqa ishga o‘tishga oid taklifiga rad javobi bergach, uning ustidan arizalar kelib tusha boshlaydi. Bu arizalar Samarqand viloyati Oqdaryo va Bulung‘ur tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari raislari tomonidan yoziladi.

I.Xasanovaning ta'kidlashicha, aynan shu tumanlar raislarining ishlarida ko‘plab kamchilik va pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari kuzatilgan.

Birinchi marta ishdan olinishi

2018 yil 7 dekabr kuni I.Xasanova noqonuniy tarzda, Federatsiya ustavining 5ta talabini buzgan holda O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov tomonidan ishdan bo‘shatiladi. Shundan so‘ng u ishdan bo‘shatilishining barcha sabablari noqonuniy bo‘lganini isbotlab beradi va ishga qayta tiklanadi. Biroq, 2019 yil 15 yanvar kuni viloyat kengashi yig‘ilishida Federatsiya raisi uni yana bir bor ishdan bo‘shatishga harakat qiladi, lekin kengash a'zolari I.Xasanovani ishdan bo‘shatishga qarshi chiqishadi.

Ikkinchi marta ishdan olinishi

2019 yil 31 yanvar kuni O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi raisi tomonidan I.Xasanova yana ishdan bo‘shatiladi.

Shundan so‘ng I.Xasanova fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudiga da'vo ariza bilan murojaat qilib, huquqlari buzilganini asoslab beradi. Sudning 2019 yil 19 martdagi hal qiluv qarori asosida I.Xasanova yana ishga qayta tiklanadi.

Uchinchi marta ishdan olinishi

Federatsiya raisi 2019 yil 18 aprel kuni viloyat kengashi yig‘ilishini chaqirtirib, I.Xasanovani ishdan bo‘shatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Lekin noma'lum sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruq 2019 yil 25 aprel kunida chiqarilgan. Shundan so‘ng, I.Xasanova ushbu harakatlarga qonuniy xulosa olish maqsadida Adliya vazirligiga murojaat qiladi. Ishdan bo‘shatish haqidagi buyruq noqonuniyligi isbotini topganidan so‘ng, 2019 yil 20 may kuni I.Xasanova uchinchi marta o‘z lavozimiga qayta tiklanadi.

To‘rtinchi marta ishdan bo‘shatilishi

I.Xasanova Federatsiya raisining 2019 yil 21 iyundagi 84sh/t-sonli buyrug‘i bilan takroran – to‘rtinchi marta lavozimidan ozod etiladi. Ammo Fuqarolik ishlari buyicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudi tomonidan berilgan tushuntirishga muvofiq Federatsiya raisining 28 iyun 89 sh/t-sonli buyrug‘i bilan ishga qayta tiklanadi.

Beshinchisi

Yengilgan kurashga to‘ymas deganlaridek, Federatsiya raisi J.Sarimsoqov 2019 yil 19 avgust kuni o‘zining 121sh/t-sonli buyrug‘i bilan I.Xasanovani beshinchi marta ishdan bo‘shatdi.

Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan 2019 yil 30 avgust kuni Federatsiya raisi J.Sarimsoqovga mazkur buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risida 10.1/3437-19-sonli protest kiritilgan. Biroq mazkur protestni ijro qilish Federatsiya tomonidan rad etilgan.

I.Xasanovaning beshinchi bor ishdan bo‘shatilishiga oid holat O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ham o‘rganib chiqilgan. Vazirlikning davlat mehnat inspeksiyasi J.T.Sarimsoqovning 2019 yil 19 avgust kunidagi 121sh/t-sonli buyrug‘ini bekor qilish yuzasidan yozma ko‘rsatma bergan. Ma'lum bo‘lishicha, Federatsiya vazirlik inspeksiyasining ushbu yozma ko‘rsatmasi ustidan sudga ariza kiritgan.

O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan bog‘lanib, I.Xasanovaning takror va takror ishdan bo‘shatilaverishiga asosiy sabab nimada ekani bilan qiziqqanimizda, bu federatsiya tashabbusi emasligi, balki tashkilotning viloyat kengashi a'zolari (tuman tashkilotlari nazarda tutilgan bo‘lishi ham mumkin) I.Xasanova bilan ishlashni istashmayotgani uchun shunday bo‘layotgani ma'lum qilindi. 

Hozircha O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov va federatsiyasi Samarqand viloyat hududiy birlashmasi raisi (balki sobiq raisdir, bunisi hozircha aniqmas) I.Xasanova o‘rtasidagi «kurash» davom etmoqda.

Bu kurashlarda ancha toliqqan I.Xasanova esa vakolatli davlat organlari bunga barham berishiga umid qilmoqda.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Rahmatillo Isroilov
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid