Jamiyat | 22:30 / 30.09.2019
165663
4 daqiqa o‘qiladi

Nodira Qodirova ishi. Yaqinlari marhumning zo‘rlanganini taxmin qilayotgan bir paytda prokuror uni fohishalikda gumon qilyapti

Turkiyada o‘zbekistonlik Nodira Qodirovaning sirli o‘limi yuzasidan davom etayotgan tergov ishida marhuma va uning dugonasi Laylo Niyozova fohishalikda gumonlanmoqda.

Nodira Qodirova

23 yoshli Nodira Qodirova 23 sentabr kuni Turkiya parlamenti deputati, iste'fodagi general Shirin Unalning Anqaradagi uyida generalning to‘pponchasi bilan o‘zini otib qo‘ygan edi. U bu uyda bir yildan buyon oqsoch bo‘lib ishlab kelgan. Nodiraning akasi uning dugonasi Laylo Niyozovaning gaplariga asosan politsiyaning dastlabki xulosasidan shubha bildirgan, suitsiddan oldin amaldor singlisini zo‘rlagan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Shirin Unal

«Jumhuriyat» gazetasining xabar berishicha, turk prokurori Laylo Niyozovadan ko‘rsatma olish asnosida undan: «Dugonangizni fohishalikka undaganmidingiz?» deb so‘ragan.

Laylo prokurorning bu gumonini rad etgan.

«Men go‘yoki Nodirani fohishalikka undaganim yoki unga buning uchun sharoit yaratib berganim haqidagi da'volar noto‘g‘ri. Men Laleli tumanidan tekstil mahsulotlarini sotib olib, O‘zbekistonga yuborish bilan tirikchilik qilaman. Zarurat bo‘lsa, cheklarni ko‘rsatishim mumkin. Nodira hech qachon men yashayotgan uyda tunab qolmagan», degan u.

Niyozova o‘z ko‘rsatmasida marhum dugonasi bilan bir muddat arazlashib, keyin yarashib olganini inkor etmagan.

«Lekin o‘rtamizdagi kelishmovchilikka go‘yoki men uni fohishalikka undaganim sabab bo‘lgani yo‘q. Chunki bunday narsa umuman bo‘lmagan», deb tushuntirgan Laylo Niyozova.

Niyozovaning so‘zlariga ko‘ra, Nodira bilan bundan oldingi suhbatlarida dugonasi deputat unga yopishgani haqida gapirib bergan.

«23 sentyabrga o‘tar kechasi u menga telefon qilgandi. Biz ikki soat gaplashdik. U tinmay yig‘lardi. «Laylo, charchab ketdim, hammasidan to‘ydim», dedi. Nima bo‘lganini so‘raganimda ayta olmasligini aytib yig‘lardi. «O‘zimni o‘ldiraman», deyayotgandi. Kimdir xafa qildimi, deb so‘radim. U esa siqilib ketganini aytdi.

17 sentyabrda oldimga kelmoqchi edi. Xo‘jayinining qizi ruxsat bermaganini aytdi. «Nimalar bo‘layotganini tushuna olmayapman», dedi. Aytishini qat'iy talab qilganimdan keyin esa shunday dedi: «Ikki hafta oldin xonamda yotganimda xo‘jayin kirib keldi, xonani qulflab, ort tomonimga kelib yotdi, meni quchoqladi».

Tajovuz qildimi, deb so‘radim. «Yo‘q, tegmadi», dedi-yu yig‘lab yubordi. «Orzularim so‘ndi, endi akamning yuziga qanday qarayman?» dedi. Hech kimga aytmaslikka so‘z berishimni so‘radi.

«Uyda xo‘jayinning to‘pponchasini topib oldim. Bitta o‘qni poyabzalimga yashirib qo‘ydim», dedi. Hayotida biron marta bo‘lsin pichoq saqlab yurgan qiz emasdi, shuning uchun uni hazillashyapti deb o‘yladim. Bunaqa qilishini umuman kutmagandim», – deb hikoya qiladi Laylo Niyozova.

Eslatib o‘tamiz, marhumning akasi Muhammadali Qodirov singlisida o‘zini o‘ldirish uchun hech qanday sabab bo‘lmagani, uning universitetga kirish rejasi bo‘lganini aytgan edi.

Shuningdek, sud-tibbiy ekspertizasi ham noodatiy tarzda tez xulosa bergani, jasad deputat Shirin Unalning xarajatlarni qoplab berishi bilan tezda O‘zbekistonga jo‘natilgani ham jamoatchilikda shubha uyg‘otmoqda.

Mavzuga oid