Jamiyat | 07:57 / 01.10.2019
15213
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zneftgazinspeksiya»: tabiiy gaz 8 mlrd so‘mga yaqin miqdorda o‘g‘irlangan

Foto: O‘zneftgazinspeksiya

Ko‘plab ogohlantirishlarga va belgilangan tartibda choralar ko‘rilganiga qaramay, yakka tartibdagi biznes vakillari, shuningdek respublika aholisi tarafdan tabiiy gazdan foydalanish qoidalari rioya qilmasligi davom etmoqda, deb yozadi “O‘zneftgazinspeksiya” axborot xizmati.

Joriy yilning sentabr oyi davomida “O‘zneftgazinspeksiya” tomonidan respublikada gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida gaz ta'minotiga noqonuniy ulanish orqali 300 tadan ortiq holat aniqlanib, jami 8 mlrd so‘mga yaqin - 7 mln 682 ming metr kub tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib, zarar yetkazilganligi fosh bo‘ldi.

Xususan, Andijon viloyatida joylashgan korxonaga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida 390 mln so‘mdan ortiq, 394 ming metr kub, shuningdek, Toshkent viloyatida joylashgan MChJga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida jami 128 mln so‘mdan ortiq 128 772 metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Joriy yilning boshidan 2250 dan ortiq tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari aniqlangan bo‘lib, tegishli choralar ko‘rish uchun hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

Toshkent viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy iste'mol qilish xajmi jami 1 mlrd so‘mlik 956 ming metr kubni tashkil etdi.

Siqilgan va suyultirilgan gazdan foydalanish qoidalariga rioya qilish bo‘yicha profilaktik tadbirlar davom etmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid