Jamiyat | 18:24 / 02.10.2019
75250
4 daqiqa o‘qiladi

Huquqshunos: «Ular Nodira Qodirovani fohishalikda ayblash orqali o‘zlarini oqlab olishmoqchi»

Turk deputati Shirin Unalning uyida o‘zini otib qo‘ygan Nodira Qodirova ishiga bog‘liq yana bir shubhali holat o‘rtaga chiqdi.

Ma'lum bo‘lishicha, politsiya xodimlari marhumning yaqinlari bergan ayrim ko‘rsatmalarni qabul qilishni istamay, ulardan o‘z gaplarini qaytarib olishlarini so‘ragan.

Nodira Qodirova oilasining huquqshunosi, Bolalar va ayollar birinchi nomli assotsiatsiya rahbari Mujde Tozbey Erden Bianet`ga bergan intervyusida shu haqda aytib o‘tdi.

«Sizlar ularni noto‘g‘ri ayblayapsiz», deyish bilan Nodiraning do‘stlari va akasidan o‘z e'tirozlari hamda ko‘rsatmalarini qaytarib olishlari uchun uringan politsiya ofitserlariga chora ko‘rilishi lozim», – deydi Tozbey.

Mujde Tozbey Erden

Huquqshunosning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holatga prokuratura suitsid deb baho bermay turib, politsiya tezda ana shunday e'lon bergani ham shubhalidir.

«Odatda, ayol kishi vafot etgan holatlarda o‘lim o‘z joniga qasd qilish oqibatida ro‘y berganmi yoki yo‘q, degan savolga sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga tayanib prokuratura javob berardi. Qodirovaning suitsidi bilan bog‘liq holatda esa buni politsiya departamenti e'lon qilgani dastlabki gumonlarni keltirib chiqaryapti», – deb qayt etdi u.

«Nodira qay tarzda o‘z joniga qasd qilgani, o‘limidan bir kecha oldin dugonalaridan biriga jinsiy tegajog‘likka uchragani haqida aytgani, Anqara shahar prokuraturasi murdani yorib ko‘rish va sud-tibbiy ekspertizasi xulosasini tezda olib, jasad Nodiraning vataniga yuborilgani, bu ishlar uchun qog‘ozbozlikka ikki kungina vaqt yetarli bo‘lgani bu o‘lim borasida shubha-gumonlarni tug‘diryapti», – deya fikr bildirdi Mujde Tozbey Erden.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yana boshqa bir qator holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar deputat Shirin Unalni himoya qilayotganini ko‘rsatmoqda.

Huquqshunos prokuroraturaning marhum va uning dugonasiga nisbatan fohishalik ayblovini ilgari surganiga ham munosabat bildirdi.

«Agar Nodira fohishalik bilan shug‘ullangan bo‘lganida ham, buning ishga bog‘liqlik joyi yo‘q. Bu yerda gap uning o‘limi va jinsiy tajovuzga uchragani bo‘lishi mumkinligi haqida ketmoqda. Hech kim unga nisbatan bunday qilishga haqqi yo‘q edi.

Qolaversa, Nodira ko‘zida yosh bilan do‘stiga: «Akamning ko‘ziga qanday qarayman endi», deb aytgan. Bu – jinsiy zo‘ravonlik ro‘y bergani va u oldin jinsiy munosabatlarda bo‘lmaganini anglatuvchi muhim dalil.

Nodira fohishalik qilganmi-yo‘qmi, deya savol berish – tergovni Nodiraning o‘ziga qarshi qaratishga bo‘lgan urinishdir. Ular tergovning borishini o‘zgartirib, o‘zlarini oqlab olishmoqchi. Ammo Nodiraga tuxmat qilib bo‘lmaydi, biz uning nomini bulg‘ay olmaymiz. 

Fikrimizcha, bu shubhali o‘lim ishini yopib yuborishga harakatlar bo‘lyapti», – deya xavotir bildirdi Bolalar va ayollar birinchi assotsiatsiyasi rahbari.

Mavzuga oid:

O‘zbekistonlik qiz Turkiya parlamenti deputatining uyida o‘zini otib qo‘ydi. Marhumning akasi politsiya xulosasidan shubhada

Nodira Qodirova ishi. Yaqinlari marhumning zo‘rlanganini taxmin qilayotgan bir paytda prokuror uni fohishalikda gumon qilyapti

Nodira Qodirova ishi. Turkiya parlamentining muxolif deputati Adliya vaziridan 6ta savolga javob talab qildi

TIV: Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida

Mavzuga oid