O‘zbekiston | 21:33 / 16.10.2019
87761
5 daqiqa o‘qiladi

Mirishkor hokimi yana diqqat markazida. Hokimlik vaziyatga izoh berdi

Makkajo‘xori so‘talarini ruxsatsiz olayotgan bobo va nabiralarini qattiq koyigani, bu jarayonda qo‘pol so‘zlar ishlatgani ortidan tilga tushgan Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov yana ijtimoiy tarmoqlar «qahramoni»ga aylandi. Shu kunlarda internetda aynan shu hokimga tegishli ovoz yozilgani aytilayotgan audio keng tarqalmoqda. 42 soniya davom etgan audioda shahrisabzcha shevadagi ovoz (ma'lumotlarga ko‘ra, Ravshan Komilov shahrisabzlik) o‘z qo‘l ostidagilarni juda qo‘pol so‘zlar bilan so‘kadi. Orada musht tushirgani, shapaloq urgani ham eshitilib turadi.

Ta'kidlash kerakki, audiodagi asosiy ovoz Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilovning ovoziga aynan o‘xshash. Taxminlarga ko‘ra, hokim o‘z xodimlariga bergan topshirig‘i bajarilmaganidan g‘azab otiga mingan va ularni onasini qayta-qayta tilga olib bo‘ralatib so‘kkan.

Audio qachon yozilgani ma'lum emas, so‘zlar mazmuni paxta kultivatsiyasi mavsumiga to‘g‘ri keladi.

«Hammasi ayon ko‘rinib turibdi»

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqovga murojaat qildik.

– Bu holatni yashirishning, xaspo‘shlashning hojati yo‘q. Hammasi ayon ko‘rinib turibdi. Hozir bu holat prokuratura tomonidan oldingi holat bilan qo‘shib o‘rganish uchun nazoratga olingan. Rasman o‘z tasdig‘ini topsa, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 baravari miqdorida jarima qo‘llanishi mumkin, – dedi hokimning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi.

«Olti yil oldingi gaplar bu…»

Mirishkor tumani hokimligi matbuot kotibi Fayzulla Eshqulovning bu masala yuzasidan izohi quyidagicha bo‘ldi.

«Mirishkor tumani hokimligi axborot xizmati «Ozodlik» radiosi va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan «Otaxonni nevaralari oldida makkajo‘xori uchun haqoratlagan hokim fermerlarni onasidan so‘kdi», «So‘kong‘ich hokim tarixi» sarlavhali audioyozuvli xabarlarni o‘rganib chiqdi. Ushbu voqealar alamzada odamlar tomonidan bo‘rttirilgan, olti yil oldingi voqeani go‘yoki bugun bo‘lgandek qilib ko‘rsatishga urinish holatlari bor.

Bir nechta misollar keltiraylik. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, Ravshan Komilov 2014 yil 7 oktyabrda Chiroqchi tumanining Po‘stin qishlog‘ida istiqomat qilayotgan 60 yoshli Moyli buvaning yubiley, kelin tushirish va nevaralarining sunnat to‘yini buzmagan, faqat o‘sha davrning siyosatidan kelib chiqqan holda paxta terimi davrida to‘y qilmaslik haqida ogohlantirish bergan.

2014 yilning 19 oktyabrida Chiroqchi tuman hokimi bo‘lib ishlagan Ravshan Komilov Shahrisabz tuman hokimi Faxriddin Norovni ish kabinetidan tashqariga chiqarib urgan, degan jumla asossizligi bo‘yicha bir qator faktlar to‘plandi.

2018 yilning 18 iyunida Mirishkor tumanida fermerlik qilgan Sherali Davronovning yaqin qarindoshlari uning o‘z joniga suiqasd qilishini bug‘doy rejasiga va majlisda urib haqorat qilinganiga bog‘lamayapti.

Bugungi maqolaga sabab bo‘lgan, «Ozodlik» radiosi va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan, tuman hokimining fermerga berayotgan tanbehi bilan bog‘liq voqealar bundan roppa-rosa olti yil avval yozib olingan. Barchangizga ma'lumki, bundan besh-olti yil avval paxta siyosati yo‘lida hech kim ayab o‘tirilmagan. Hokimning fermerga tanbeh berish voqeasi olti yil avval Chiroqchi tumanida sodir bo‘lgan. Alamzada kimsalar esa bu eski voqealarni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatish orqali bugungi kunda ish va odamlarga munosabat uslubini o‘zgartirgan hokimga qarshi ish qilayotganlari sezilib turadi. 

Yangilanayotgan Chiroqchi (2013-2017) va Mirishkor tumanlaridagi bunyodkorlik ishlarining boshida turgan, odamlarning boshini qovushtirgan, tumanlar eksporti haqida qayg‘urgan, bir necha yillar davomida g‘alla rejalarini ortig‘i bilan bajargan, o‘nlab xayriya tadbirlarining faol ishtirokchisi bo‘lgan, muhimi vatan ravnaqi uchun xizmat qilayotgan fuqaro va rahbar Ravshan Komilovni obro‘sizlantirish uchun harakat qilishyapti, degan xulosani keltirib chiqaradi ushbu xabarlar.

Kechagi gapni bugungi gapga aylantirmaylik! 

Hokim ham siz-u bizga o‘xshagan ko‘ngli va orzu havaslari bor. Qo‘limizdan kelsa, adolatli gapni aytaylik, bo‘lmasa sukut saqlaylik, yolg‘on va uydirmalardan yiroqlashaylik».

Internetda tarqalgan audio bo‘yicha hokim Ravshan Komilovning o‘zi yoki prokuratura hozircha vaziyat yuzasidan izoh berganicha yo‘q.

Bundan oldinroq, Bosh prokuratura makkajo‘xori bilan bog‘liq avvalgi voqea bo‘yicha tekshiruv boshlanganini xabar qilgandi. Ammo bu tekshiruv yakunlari bo‘yicha xulosalar e'lon qilinmadi. O‘shanda Ravshan Komilov omma oldida uzr so‘rab chiqqandi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid