Jamiyat | 16:30 / 18.10.2019
52154
4 daqiqa o‘qiladi

Rustambek Karim va To‘lqin Astanovga nisbatan sud hukmi e'lon qilindi

To‘lqin Astanov va Rustam Karimov shu yilning bahorida O‘zbekiston Musulmonlar idorasida to‘polon ko‘tarishda ayblanib qo‘lga olingandi.

Foto: Rustam Karim / Facebook

Bugun, 18 oktabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Rustambek Karimov va To‘lqin Astanovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov Kun.uz’ga xabar berdi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Orif Qilichev raisligida ko‘rib chiqildi.

E'lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Rustambek Karimov (1975 yilda Toshkent shahrida shahrida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – o‘rta, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 1-qismi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazoy tayinlash) 8-qismi tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining 2019 yil 16 maydagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilandi.

To‘lqin Astanov (1971 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – o‘rta-maxsus, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) tartibida, tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli deb hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi. Sinov muddati hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanishi ko‘rsatildi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 8 aprel kuni Toshkentda jamoat tartibini buzgan va ichki ishlar organi xodimlarining qonuniy talabini bajarmagani uchun Rustambek Karimov va To‘lqin Astanov qo‘lga olingandi. Sentabr oyi boshida ushbu shaxslar ustidan sud ishi boshlangandi.

Mavzuga oid