Jamiyat | 15:48 / 18.10.2019
31455
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda salkam 500 gramm oltinni yutib, xorijga chiqmoqchi bo‘lgan fuqaroga sud hukmi o‘qildi

Toshkentda yarim kilogrammga yaqin oltinni ichiga yutgan holda xorijga olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan erkakka sud hukmi o‘qildi. Unga maoshining 15 foizini davlatga o‘tkazib, 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Sudlanuvchi o‘g‘il farzand ko‘rish uchun shunday yo‘l tutganini aytmoqda.

Fuqaro X.G. shu yilning 25 iyul kuni 14 dona quyma oltin bo‘laklarini 2 dona rezina o‘ramiga solib, topishni qiyinlashtiradigan boshqa usullardan foydalangan holda bu o‘ramlarni yutish yo‘li bilan oshqozoniga joylashtiradi.

Ertasiga I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib, «Toshkent-Armitsar» yo‘nalishi bo‘yicha Hindistonga uchib ketish uchun «yashil yo‘lak» orqali harakatlanayotgan vaqtida «CONPASS DV» skaneri orqali uning ichki a'zolari tekshiriladi. Natijada erkak tanasida noma'lum metall ashyolari borligi aniqlanadi.

Shundan so‘ng ayblanuvchi X.G.ning yo‘g‘on ichagidan bojxona nazoratidan yashirilgan va og‘zaki so‘rovda ma'lum qilinmagan, rezinalarga o‘ralgan jami 14 dona sariq rangli oltin quymalari olinadi.

IIV Ekspert-kriminalistika markazining ekspertiza xulosasiga ko‘ra, fuqaro X.G.dan olingan 14 dona ashyoviy dalillar – asosi (probasi) 900dan yuqori bo‘lgan oltin qorishmasidan tayyorlangan bo‘lib, qimmatbaho metallar turkumiga kiradi va ularning umumiy vazni 434,60 grammni tashkil qilib, bahosi 154.038.407 so‘mga teng.

Sudlanuvchi sud majlisida bu jinoyatga qo‘l urish sababini o‘g‘il farzandli bo‘lish istagi bilan izohladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindistonda tibbiy muolaja olishni xohlagan, lekin bunga yetarli puli bo‘lmagan. Natijada onasidan qolgan taxminan 400 grammdan oshiqroq oltin quyma bo‘laklarini sotishni rejalashtirgan. Oltinni Hindistonning o‘zida qimmatroqqa sotish mumkinligini eshitgan sudlanuvchi yuqorida aytilganidek yo‘l tutishga qaror qilgan. U oltinni sotgach, rafiqasi bilan Hindistonda davolanishni rejalashtirganini aytib o‘tdi.

E'tiborlisi, ikkita oliygohni tamomlagan X.G.ning aytishicha, u qilmishi jinoyat ekanini bilmagan.

Mazkur ish 17 oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Sergeli tuman sudida ko‘rib chiqildi. JKning 182-moddasi 2-qismi «a» bandiga asosan, ayblanuvchiga ikki yil axloq tuzatish ishlari va bu muddat mobaynida maoshining 15 foizini davlat hisobiga ushlab qolish jazosi tayinlandi.

U olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan 14 dona, probasi 900dan yuqori bo‘lgan oltin qorishmasidan tayyorlangan, umumiy bahosi 154.038.407 so‘mni tashkil etadigan 434,60 gramm oltin quymalari davlat foydasiga musodara qilindi.

Mavzuga oid