Jamiyat | 18:24 / 25.10.2019
16848
7 daqiqa o‘qiladi

Marhamatdagi «snos» ishlari: uyi buzilganlarning ayrimlari nega norozi?

Yaqinda Andijon viloyati Marhamat tumanidan bir guruh fuqarolar Kun.uz’ga qurilish va buzish muammolari bo‘yicha murojaat qilishdi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Marhamat tumani 2019 yil «Obod tuman» davlat dasturiga kiritilgan. Tuman markazidagi Mustaqillik ko‘chasida joylashgan uylarning oldi qismi buzilishga tushgan. Asos sifatida tuman markazidagi avtomobil qatnov yo‘li tor va atrofi ko‘rimsizligi ko‘rsatilgan. Shu sababli yo‘lni kengaytirish va markaziy ko‘chalarni  zamonaviy ko‘rinishga keltirish lozim bo‘lgan.

«Buzish ishlaridan keyin uylarimizni qatnov yo‘lidan 6-12 metr ichkariga qurishni boshladik. Bizga hokimlikdan mas'ul vakillar kelib, 2 qavatli qilib bino solishimiz, uning birinchi qavatidan noturar joy sifatida foydalanishimiz lozimligini aytishdi.

Buzish ishlari boshlanishidan avval bizga hech qanday yozma ogohlantirish xati ko‘rsatishmadi. Lekin og‘zaki buyruq berishgandi. Baholash ishlaridan keyin har bir uy buzish va qurish uchun turli davlat tashkilotlariga biriktirildi.

Hokimlik tashabbusi bilan biz kabi xonadonlarga bino qurishimiz uchun 10 mingta g‘isht, 5 tonna sement va 250 metrdan armatura ajratildi. Lekin hozirda talab darajasidek ikki qavatli uy qurishimiz uchun berilgan materiallar yetmayapti. O‘rtacha 50 ming atrofida g‘isht, 30 tonna atrofida sement va bir necha million so‘mlik armatura ketmoqda. Tayyor yashab turgan uylarimiz shu dastur sabab buzildi. Endi oxirigacha yordam beringlar, biz ilojsizmiz deb hokimlikdan kompensatsiya mablag‘i so‘rasak, berishmayapti», deydi Maxmudjon Isaqov.

Bundan tashqari, Maxmudjon Isaqovdek tadbirkorlar buzilish ishlaridan keyin alohida joyi bo‘lmagani bois tadbirkorlik faoliyatini ham to‘xtatishga majbur bo‘lishgan. Donasi 3-4 ming AQSh dollari atrofida turadigan paypoq tikish dastgohlari orqali 5-6 fuqarolarni ish bilan ta'minlagan tadbirkorning dastgohlari mana bir necha oydirki, chang bosib yotibdi.

Fuqarolarning bir qismi boshqa uylarda ijarada yashamoqda, qolganlari uyining buzilmagan qismlarida yashamoqda. Ayrimlarining yashash joylari achinarli ahvolda. Ular uylarida uy jihozlari va boshqa qiymatga ega buyumlari borligi uchun vaqtincha ijarada yashash uchun boshqa joyga ko‘chishmagan. Bundan tashqari, uylarni qurayotgan ustalarga oziq-ovqat va boshqa masalalarda ko‘maklashib turishibdi.

Shundan so‘ng, tuman hokimi Shuhratbek Qamchiyev tahririyatga murojaat yo‘llagan ayrim fuqarolar bilan uchrashib, masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Uchrashuv haqiqiy bahsga aylanib ketdi. Tuman hokimi hokimlik tomonidan berilgan moddiy ko‘maklarni birma-bir sanadi. Fuqarolardan biri esa uyi bitishi uchun ancha mablag‘ ketayotgani va berilgan kompensatsiyalar miqdori kamligidan noroziligini aytdi.

Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Isroiljon Teshaboyev qilingan ishlar bo‘yicha to‘liq tushuntirish berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, dastlab mazkur ko‘chadagi 79ta xonadon o‘rnida 18ta 5-7 qavatdan iborat ko‘p qavatli uylar qurilishi, ularning pastki birinchi qavatidan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi obekt sifatida foydalanish rejalashtirilgandi. Bir necha uchrashuvlar natijasida bu yerda yashab turgan aholi bunday takliflarga rozi bo‘lmagan. Keyin fuqarolarning ikki qavatli bino qurish va uning birinchi qavatidan noturar joy sifatida foydalanish rejasi ma'qullangan. Buzishdan avval har bir xonadon bilan suhbatlar o‘tkazilgan. Ular shaxsan viloyat hokimi hokimi nazoratida ekani aytilgan. Viloyat hokimi ham bir necha bor kelib vaziyatni o‘rganib turgan.

«Har bir xonadonga o‘rtacha 5 tonnadan sement, 10 mingtadan g‘isht, 200 metrdan 400 metrgacha armatura hamda qurilish ishlariga yordamlashish uchun yuzlab muddatli harbiy xizmatchi va hasharchilar kunlik xizmatga chiqmoqda. Hozir ham qurilish ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari, tuman hududidan har bir xonadonga 2 sotixdan yer ajratib berilmoqda. Qurilishga zarur shag‘al ham berib borilyapti. Uyi to‘liq buzilgan 10ta xonadonga o‘rtacha 300 mingdan 500 ming so‘mgacha ijara puli ajratilib, ularga uyiga yaqin joydan uy topib berdik yoki o‘zlari topgan uylarga vaqtincha ko‘chirdik. Ularga ijara puli o‘z vaqtida berib borilyapti. Biz ularning hamma yerini olib qo‘ymadik. Ertaga bitsa, undan faqat o‘zlari foydalanadi. Ajratilgan kompensatsiya tiyin-tiyinigacha o‘zlariga berilyapti», dedi tuman hokimi o‘rinbosari.

Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tasdiqlangan «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom» mavjud.

Unda yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shartligi ko‘rsatilgan.

Lekin tuman hokimligi bunday hujjatni taqdim qila olmadi. Fuqarolar ham yozma ravishda ogohlantirish berilmaganini tasdiqlashdi.

Hozirda fuqarolar tayyor yashab turgan uylari buzilgani va ularga berilgan kompensatsiya pullari yetmayotganidan nolishmoqda. Yog‘ingarchilik mavsumi ham yaqin. Uylar o‘z vaqtida bitmasa, ular old tomoni ochiq yoki ijaradagi uylarda qishni o‘tkazishdan xavfsirashmoqda. Bu o‘z o‘rnida har oy ijara haqi to‘layotgan hokimlik «cho‘ntagi»ga ham zarar bo‘ladi. Ortiqcha xarajat.

Uylar yog‘ingarchilik mavsumigacha bitkaziladimi? Ularga yetarli xomashyo ajratiladimi? Nega hokimlikdagilar bunday buzish ishlari boshlanishidan avval mavjud tartiblarga amal qilmagan? Barchasini oldindan hisoblab, keyin bunday buzish-qurish ishlarini boshlash kerak edi-ku?

Bu holatlar davlat g‘aznasiga zarar keltirsa keltiradiki, foyda keltirmasligi aniq. Tegishli tashkilotlardan esa masalaga ijobiy yechim berib, holat yuzasidan to‘liq izoh berilishini kutib qolamiz.

 

Zafarbek Solijonov
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid