O‘zbekiston | 11:50 / 29.10.2019
133707
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi beshta partiya bosh vazir lavozimiga kimlarni nomzod qilmoqchi?

25 oktabr kuni «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan siyosiy partiyalar, OAV, blogerlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazilgan edi.

Aslini olganda, partiyalar ishtirokidagi ushbu tadbir ham ko‘rib o‘rganganimiz, odatdagi zerikarli tadbirlardan biri sifatida o‘tib ketishi mumkin edi: agar O‘zXDP raisining Tashkiliy-nazorat va kadrlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Vafoyev bir ma'lumotni ochiqlamaganida.

Ma'lum qilinishicha, hozirga kelib siyosiy partiyalar tomonidan saylovda ko‘p ovoz to‘plangan taqdirda bosh vazir lavozimiga kimni nomzod qilish bo‘yicha zaxira shakllantirilgan. Xalq demokratik partiyasi esa ushbu lavozimga bosh vazir o‘rinbosari, Transport vaziri Ochilboy Ramatov nomzodini ilgari surmoqchi.

Ochilboy Ramatov

Ochig‘ini aytish kerak, saylovlar oldidan O‘zbekistondagi birorta siyosiy partiya bunday dadil bayonot berishi kamyob holat. Shu kabi bayonotlar ortidan partiyalarda va nihoyat nimalardir o‘zgarayotgani sezilmoqda. Bu «nimalardir»ning aynan nimalar bo‘lishini kuzatishda davom etamiz.

Kun.uz Xalq demokratik partiyasi tomonidan ochiqlangan ma'lumot ortidan qolgan to‘rtta siyosiy partiya rahbarlari bilan ham bog‘landi va ular bo‘lajak saylovlarda ko‘proq ovoz to‘plagan taqdirda bosh vazir lavozimiga kimning nomzodini ilgari surishlari mumkinligi bilan qiziqdi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi: «Ruslanbek Davletov va boshqalar»

Rais Narimon Umarovning aytishicha, partiya kengashi ushbu lavozimga bir necha nomzodni tayyorlab qo‘ygan. Hozirda Adliya vaziri lavozimida ishlayotgan Ruslanbek Davletov partiyaning bosh vazirlikka ko‘rsatishi rejalashtirilgan asosiy nomzodi hisoblanadi.

Ruslanbek Davletov

Bundan tashqari, «Adolat»da partiya a'zolari bo‘lgan – Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov nomzodi ham bor.

Alisher Shodmonov
Inomjon Majidov

O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi: «Amaldagisiga ishonamiz»

Aktam Hayitov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ko‘p ovozga ega bo‘lingan taqdirda O‘zbekistonning amaldagi bosh vaziri Abdulla Aripov nomzodi yana bir bor ushbu lavozimga tavsiya etilishini bildirdi.

Abdulla Aripov

Hayitovning qo‘shimcha qilishicha, Abdulla Aripov – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasiga u tashkil bo‘lgandan beri a'zo hisoblanadi, shuningdek, partiyaning Siyosiy Kengashi a'zosi hamdir.

Oddiy va kutilgan yurish.

O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi: «Bizda ikki nomzod aniq, ammo hozircha jim turamiz»

Harchand urinmaylik, partiya lideri Alisher Qodirovdan bu savolga aniq javob olishning iloji bo‘lmadi.

«Niyatimiz jiddiy. Jiddiy niyatga to‘g‘ri hisob-kitoblar bilan erishish mumkin. Qanaqa o‘rin olishimizdan qat'i nazar, hukumatga oson bo‘lmaydi. Bosh vazir nomzodini tavsiya qiladigan partiyaga ham.

Barcha partiyalar talabchan va jur'atli bo‘ladi. Hozirdan nomzodimizni bosimda qoldirish noto‘g‘ri», dedi u.

Alisher Qodirovning qo‘shimcha qilishicha, partiya kengashida mazkur lavozimga tavsiya etilishi mumkin bo‘lgan ikki nafar nomzod bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelingan.

Vazifa bajarilgach, Konstitutsiyaning 98-moddasiga muvofiq, Prezident bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan keyin ulardan birining nomzodi ilgari suriladi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi – yangi partiya yangi nomlar bilan

So‘nggi yillarda dunyoning ko‘plab davlatlari kabi O‘zbekiston ham jiddiy ekologik muammolar bilan to‘qnash kelmoqda. Jumladan, Orolbo‘yi ekologik fojiasi, yer maydonlari sho‘rlanib borishi, hosildor yerlarning ishdan chiqishi, asosiy ikki suv manbai – Amudaryo va Sirdaryo suvlarining kamayishi va h.k.

Albatta, bu kabi yirik muammolarni birgina jamoat tashkiloti (O‘zbekiston ekologik harakati) orqali hal qilish imkonsiz edi. Chunki, ekologik muammolar keng jamoatchilik va hukumatning doimiy e'tiborida turishi lozim bo‘lgan soha.

Shu boisdan, siyosiy kuch sifatida yangidan tashkil qilingan O‘zbekiston ekologik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlarida ko‘proq o‘ringa ega chiqsa, hukumat rahbarligi uchun ham zaxira sifatida nomzodlarni tayyorlab qo‘ygan.

Xususan, partiya yetakchisi Boriy Alixonovga ko‘ra, voqealar rivoji «yashillar» kutganidek rivoj topsa, O‘zbekiston bosh vaziri lavozimiga «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Odil Temirov, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev hamda «Agromir group» assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi Shavkat Jalolov kabi nomzodlardan biri kelishi mumkin.

Odil Temirov
Ulug‘bek Mustafoyev
Shavkat Jalolov

Bu – siyosiy partiyalarning bo‘lajak saylovlar oldidan O‘zbekiston Bosh vaziri lavozimiga zaxira kadr sifatida shakllantirgan nomzodlari. Endilikda oldimizda bo‘lajak saylovlarni kutish va ana undan keyin voqealar davomini kuzatish qolmoqda.

Ilyos Safarov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid