Jamiyat | 11:02 / 18.11.2019
50758
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: Toshkentdagi xususiy shifoxona bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: Ramiz Baxtiyarov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi «Mont Blanc» xususiy shifoxonasida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemorlar o‘limi yuz berganligi holati yuzasidan bayonot berdi.

Qayd etilishicha, 2019 yil 1 avgust kuni Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida joylashgan «Mont Blanc» xususiy shifoxonasida fuqaro U.B.ga burun qiyshiqlarini to‘g‘rilash yuzasidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganidan so‘ng, bemorning sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli, 2019 yil 20 avgustda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida joylashgan shifoxonaga yotqizilgan.

Biroq, unga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan U.B. vafot etgan.

2019 yil 15 avgust kuni Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi L.A.ga «Mont Blanc» xususiy klinikasida tashqi burun deformatsiyasi va burun to‘sig‘i qiyshayishini to‘g‘rilash bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan hamda burun to‘sig‘i qiyshayishi to‘g‘rilangan. 

Jarrohlik amaliyotidan so‘ng, bemor mustaqil nafas olishga o‘tkazilgan va unga antibakterial davo maqsadida «tseftrakson» dori vositasi ichki qon tomiri orqali 1,0 ml. miqdorida yuborilgan.

Shundan so‘ng, bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va chuqurlashtirilgan tekshirishlar o‘tkazish maqsadida RShTYoIMga olib borilgan. 

2019 yil 19 avgust kuni markaz shifokorlari tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, L.A. shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

2019 yil 24 avgust kuni «Mont Blanc» xususiy klinikasida fuqaro G.Sh.ga burun sohasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish vaqtida unga yuborilgan narkoz noto‘g‘ri ta'sir qilishi natijasida ahvoli og‘irlashgan.

Natijada shu kunning o‘zida bemor uning yaqin qarindoshlari tomonidan «Akfa medline» xususiy shifoxonasiga (klinik o‘lim holatida) olib kelingan.

2019 yil 26 avgust kuni shifokorlar tomonidan tibbiy muolajalar ko‘rsatilganligiga qaramasdan, G.Sh. shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturada o‘rganilib, 2019 yil 12 noyabr kuni JKning 116-moddasi 4-qismi «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha Shayxontohur tuman prokuraturasida dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, uning borishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.

Bundan tashqari, tuman prokuraturasi tomonidan yuqoridagi kabi holatlarni kelgusida sodir etilishini oldini olish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdimnoma kiritilgan.

Toshkentdagi plastik jarrohlik klinikasida ketma-ket ikki bemor vafot etdi. Prokuratura tekshiruv boshladi

Plastik jarrohlik klinikasidagi ikki o‘lim. Jarroh, marhumning otasi va boshqa tomonlarning izohlari

Mavzuga oid