O‘zbekiston | 14:23 / 23.11.2019
29886
4 daqiqa o‘qiladi

Talaba o‘qishni bitirganidan keyin qancha oylik olishini bilishi kerak – ekspert

O‘zbekistonda milliy malaka darajasi, professional standartlar jahon darajasida ishlab chiqilsa, ma'lum bir talaba qaysidir mutaxassislikni egallagandan keyin u mehnat bozorida taxminan necha pul topishini oldindan biladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruv milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi direktori Rustam Abduraupov Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘tkazilgan «Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligi: muammo va yechimlar» mavzusidagi konferensiyada aytib o‘tgan.

«Qaysi mutaxassislikni egallasa, kelajakda qancha pul topishini oldindan bilgandan keyin hisob-kitob qilsa bo‘ladi. Shunda ta'limga sarflanadigan pullar xarajat sifatida emas, investitsiya sifatida qabul qilinadi.

Masalan, abituriyent Diplomatiya universitetiga kiradigan bo‘lsa, bitirganidan keyin qancha oylik oladigan bo‘lishi, universitetda o‘qish uchun sarflagan pulini necha yilda qaytarib olishini bila oladi. Butun dunyoda shunaqa. Bizdayam shu tizim joriy etilsa ko‘plab muammolarga yechim topiladi», deya Rasul Kusherbayevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mazkur masala yuzasidan prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, Yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa'dullayev ham o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

Alisher Sa'dullayev

«Nega xorijda ta'limga sarflanadigan xarajatga investitsiya deb qarashadi? Bu orqali inson o‘zining kelajakdagi oylik olishi, pul topishini belgilab olishi mumkin. Endi nega bu narsani O‘zbekistonda qila olmaymiz degan savol tug‘ilishi mumkin.

Kelinglar, shu tizimga o‘taylik degan taklif mantiqan to‘g‘ri. Xorijda ta'limga sarflanadigan pulga xarajat emas, investitsiya deb qaralashining sababi u yerda oliy ta'lim tizimida xususiy sektor vakillari davlat sektori bilan judayam yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Misol uchun, dunyoga mashhur Harvard, Stenford universitetlari, Massachusets texnologiya instituti, Uorton biznes maktabi – hammasi xususiy. Dunyodagi TOP-10 ro‘yxatiga kirgan universitetlarning aksariyati xususiy. Ular o‘zining kontraktini o‘zi mustaqil tarzda belgilaydi va universitetni bitirib chiqqandan keyin yiliga qancha pul topishiga kafolat beradi. Bizda asosiy ishni davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash nuqtayi nazaridan qilgani uchun ko‘p masalalar tug‘iladi. Mana, bizdayam sekin-asta oliy ta'lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik tizimi yo‘lga qo‘yilyapti. Bu hozircha boshlang‘ich bosqichlarda, men o‘ylaymanki, ma'lum bir vaqtlardan keyin xususiy universitetlar soniyam ko‘payadi», deydi Alisher Sa'dullayev.

Sa'dullayevning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ham oliy ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalari, shuningdek investitsiyalarni jalb qilgan holda nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari filiallari faoliyatini tashkil etish orqali oliy ta'limda raqobat muhitini yaratish ko‘zda tutilgan.

Yoshlar ittifoqi rahbari avvalroq JIDU kontrakti ikki barobar oshirilganiga munosabat bildirib, bu kabi muhim masalalar jamoatchilik, xususan, talabalar o‘rtasida muhokama qilinmasligini tanqid qilgan edi.

Mavzuga oid