O‘zbekiston | 19:30 / 03.12.2019
10842
3 daqiqa o‘qiladi

Pishgan g‘isht sexlari, issiqxonalar va boshqa korxonalarda gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

O‘zbekistonda qish kirib kelishi bilan harorat pastlashi natijasida tabiiy gazga bo‘lgan talab ortib kelmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda tabiiy gaz yetishmasligi bo‘yicha bir qancha shikoyat va norozichilik ma'nosidagi postlar ko‘paymoqda. Bu vaziyatdan ayrim «mansaabdor shaxs»lar foydalanib qolishga harakat qilishmoqda.

«O‘zneftgazinspeksiya», Majburiy ijro byurosi hamda «Hududgazta'minot» AJ xodimlari va «O‘zstandart» agentligi mutaxassislari bilan birgalikda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha navbatdagi tadbir o‘tkazildi.

Tadbir natijasiga ko‘ra, 773ta noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Ushbu natijaga ko‘ra 8 mln 334 ming metr kub miqdoridagi noqonuniy tabiy gazdan foydalanilgani, ya'ni jami 6 mlrd 337 mln so‘m miqdorida gaz ta'minoti korxonasiga zarar yetkazilgani aniqlandi.

Ushbu noqonuniy foydalanish holatlaridan biri Toshkent viloyatidagi 3ta pishgan g‘isht ishlab chiqarish sexlarida kuzatildi. Gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta'sir ko‘rsatilgani natijasida gaz ta'minoti korxonasiga jami 2 mlrd 210 mln so‘m zarar keltirilgani aniqlandi. Ular orasida «Binokor» MChJ rahbariyati bir necha bor tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalangani uchun javobgarlikka tortilgan. Ushbu sex gaz ta'minoti korxonasiga bir necha marta zarar yetkazgan. So‘nggi aniqlash natijasiga ko‘ra, 1 mlrd 790 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Shuningdek, «O‘zneftegazinspeksiya» tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadbir natijalariga ko‘ra, issiqxonalarda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 84ta holat aniqlandi. O‘g‘irlangan yoqilg‘i hajmi 2 mln 173 ming metr kub (2 mlrd 186 mln so‘m)ni tashkil etdi.

Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 16ta (pishgan g‘isht, ohak, kulolchilik) sexlar hamda 673ta boshqa faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalar aniqlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy gazning noqonuniy iste'moli hajmi 6 mln 148 ming metr kub (4 mlrd 204 mln so‘m)ni tashkil etdi.

«Yuqorida ko‘rsatilgan aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi», deyiladi «O‘zneftgazinspeksiya» axborot xizmati xabarida.

Mavzuga oid