O‘zbekiston | 18:40 / 17.12.2019
59433
3 daqiqa o‘qiladi

Chimyondagi «Amirsoy» tog‘-chang‘i kurorti qurilishi yakunlandi

O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi eng yirik zamonaviy tog‘-chang‘i kurorti qurildi.

Bugun, 17 dekabr kuni Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida «Amirsoy» tog‘-chang‘i kurorti ochilishi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi ushbu maskan Markaziy Osiyodagi eng yirik kurort bo‘lishi va turistlar oqimini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Faxriddin Davrukov, «PGI Management» kompaniyasi direktori Tomas Tor-Yyensen va «Amirsoy» MChJ QK direkor o‘rinbosari ishtirok etdi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov kurort haqida asosiy ma'lumotlarni taqdim etdi.

«Amirsoy» tog‘-chang‘i kurorti joriy yilning 21 dekabrida rasman ochiladi. Loyihaga 80 million yevrodan ortiq investitsiya jalb etildi. Ushbu tog‘ kurorti 892 gektar maydonni egallagan va 580 o‘ringa mo‘ljallangan. Qurilish ishlariga Italiya, Germaniya, Avstriya, Argentina, Ispaniya, Daniya kabi davlatlardan yetakchi kompaniya mutaxassislari jalb etildi. Qisqa muddat – 2 yilda turizm, dam olish, qishki sport maskani barpo etishga erishildi. Loyihaning birinchi bosqichi 2019 yilning IV choragida, ikkinchi bosqichi 2022 yilning III bosqichida yakunlanishi rejaga kiritilgan.

Kurortda uzunligi 3 kilometrdan ziyod 2ta osma dor yo‘li va umumiy uzunligi 10 km. bo‘lgan 8ta tog‘-chang‘i trassalari mavjud. Shuningdek, salkam 22 kilometrli dor yo‘li bo‘lib, o‘tkazish qobiliyati soatiga 2400 kishini tashkil etadi. Dor yo‘li Avstriyaning yetakchi kompaniyasi tomonidan qurildi. Unda turli murakkablikdagi 28ta relefli trassa bor. Argentina, Ispaniya va Daniya mutaxassislari nazoratida 15 kilometrga ega tog‘-chang‘i yo‘llari qurildi. Ularning 4tasi kurortning eng yuqori nuqtasidan boshlanadi. Eng uzun trassa 3 kilometrdan ortiq uzunlikka ega», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Abduhakimovning qo‘shimcha qilishicha, boshlang‘ich chang‘i uchuvchilari uchun maxsus hudud bo‘lib, 5ta konveyer tipidagi liftlar ishlaydi. Dam oluvchilarga esa 40ta yog‘och uylar, 3ta restoran, sport maktabi, tog‘ chang‘isi va boshqa uskunalarni ijara olish mumkin bo‘lgan markaz, vertolet maydonchasi barpo qilindi.

O‘zbekistonda dunyo darajasidagi birinchi tog‘-chang‘i kurorti qurilishi haqida ilk marta 2018 yilning yozida ma'lum qilingan, Chimyondagi zamonaviy tog‘-chang‘i kurortining birinchi navbati 2018 yilning dekabrida foydalanishga topshirilishi kutilgandi. Ammo keyinroq «yuzaga kelgan murakkabliklar» sababli qurilish ishlari 2019 yil yakuniga qadar davom ettirilishi ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid