Jamiyat | 14:40 / 18.12.2019
46544
6 daqiqa o‘qiladi

«Bu saunami yo sport zalimi?» - Urganch tumanidagi bolalar bog‘chasining bir qismida noqonuniy bino qurildi

Xorazm viloyati, Urganch tumani markazidagi 4-son maktabgacha ta'lim tashkiloti (MTT yoki xalq tilida «bolalar bog‘chasi») hududining bir qismida noqonuniy qurilish qilingan. Odamlar bu sauna bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Foto: KUN.UZ

Urganch tumani markazida istiqomat qiluvchi aholi vakillarining shikoyatiga ko‘ra, 4-son MTT hududining bir qismida tadbirkor tomonidan bino qurilgan. Ota-onalar qurilmaning maqsadi haqida ma'lumot olishga harakat qilishganida «bog‘cha mudiri uchun ofis», «sport zali», «gimnastika zali» degan javoblarni olishgan. Ammo, sauna qurilmoqda degan mish-mishlar tarqalgach, ularning xavotiri oshgan.

4-son MTT 140 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, turar-joylar, maktab va boshqa muassasalar orasidagi aholi zich yashaydigan hududda joylashgan. Uning bir qismida 1 qavatli, taxminan 50 kv.m. hududda bino qurilgani, ichida pardozlash ishlari o‘tkazilayotganini ko‘rdik. Ustalar bino qanday maqsadda qurilayotganini bilmasliklarini aytishdi. Qayd etish joizki, binoga kirish-chiqish eshigi MTT hududidan emas, balki tashqaridan ochilgan.

MTT mudiri Zumrad Kushchanovadan qurilma haqida izoh ololmadik. U «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi deputatligiga nomzod qilib ko‘rsatilgan va saylovga bag‘ishlangan yig‘ilishda ekan. MTT xodimlari esa bu qurilma haqida hech narsa bilmasligini aytishdi.

Holatga aniqlik kiritish uchun Urganch tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari Dilfuza Bekiyevaga murojaat qildik. U qurilmadan xabari borligini, MTT hududi bir qismining shartnoma asosida tadbirkorga berilishi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 3651-qarorida ko‘zda tutilgani, xususiy sherikchilik asosida, tadbirkor bilan shartnoma qilingani, binoni qurayotgan shaxs MTT maxsus hisob raqamiga homiylik pulini o‘tkazishini aytdi. Biroq, u ham bino qanday maqsadda qurilayotgani haqida ma'lumot bera olmadi. Shuningdek, tadbirkor bilan tuzilgan shartnoma hujjatlarini ham taqdim qila olmadi. Bundan tashqari, shu paytgacha hali «homiy» tomonidan maxsus hisob raqamiga 1 so‘m ham o‘tkazilmagani ma'lum bo‘ldi.

Haqiqatan ham, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Maktabgacha ta'lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 3651-sonli qarori va «Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi» nizomda mavjud davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini qayta qurish va jihozlash hamda keyinchalik otaliqqa olish sharti bilan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari obektlarini qurish uchun yer uchastkalarini bepul taqdim etish tartibi belgilangan.

Ammo yer uchastkasini olgan xususiy sherik faqat maktabgacha yoshdagi bolalar uchun to‘garaklar va boshqa ta'lim xizmatlari tashkil etishi lozim. Ya'ni, «bolalar bog‘chasi» hududining bir qismini do‘kon, ustaxona, ko‘ngilochar tadbirlar maskani ochish va boshqa shunga o‘xshash maqsadlarda berib yuborilishi mumkin emas. Ammo 4-son MTT hududidagi bino eshigining tashqaridan ochilgani shunga ishora qilmoqda. Bundan tashqari, yer uchastkasini olishda xususiy sherik Maktabgacha ta'lim boshqarmasi bilan bitim tuzishi, shuningdek, hokimlikdan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bo‘yicha qaror chiqartirib olishi shart. Aniqlashimizcha, 4-son MTT hududidagi bino bo‘yicha bunday hujjatlar yo‘q.

Xorazm viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi rahbariyati Urganch tumanidagi 4-son MTT hududidagi qurilishdan bexabarligini ma'lum qilib, holatni o‘rganib chiqish uchun muhlat so‘radi. So‘ngra, bu ish bo‘yicha qonun buzilishi holatlari aniqlanganini tasdiqlab, to‘plangan hujjatlar prokuraturaga taqdim qilingani haqida axborot berdi.

So‘ngso‘z o‘rnida. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Maktabgacha ta'lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori avvalo maktabgacha ta'lim tashkilotlari moddiy texnika bazasini yaxshilashni, bolalarning ta'lim va tarbiya olishi uchun yangi imkoniyatlarni ochishni, bunda xususiy sherikchilik asosida, tom ma'noda bolalarga mehr qo‘ygan, kelajak avlodni qayg‘uradigan baquvvat tadbirkorlar, homiylarni jalb qilishni ko‘zda tutadi. Chunki, bu sohada katta daromad olish, qandaydir foyda ko‘rish ham osonmas. Menimcha, deyarli imkonsiz. Shunday ekan, qarordagi imkoniyatlardan foydalanib, barcha hujjatlarni tayyorlab, maktabgacha ta'lim tashkilotlariga, bolalarga yordam qo‘lini cho‘zishni istagan, bunga bel bog‘lagan tadbirkorlarni faqat olqishlash mumkin, ularning qonuniy faoliyatiga hech kim qarshi emas.

Ammo qonunda belgilangan imkoniyatlar bo‘yicha spekulyatsiya ishlatib, o‘z vakolatini suiiste'mol qilib, davlat mulkining noqonuniy ravishda boshqa shaxslarga berib yuborilishini, yuqori turuvchi tashkilot esa buni qattiq nazoratda ushlash va oldini olish o‘rniga, bexabar o‘tirganini, faqat odamlar shikoyat qilib, matbuotda oshkor bo‘lganidan so‘ng xabar topayotganini qanday tushunish mumkin?

Agar Maktabgacha ta'lim boshqarmasi, uning bo‘limlari o‘ziga ishonib topshirilgan davlat mulki qanday tasarruf etilayotganini bilmasa, u holda yana qanchadan-qancha MTT hududidagi yerlar, mulklar kimlargadir hech qanday hujjatsiz berilib, davlat mulki tarqatib yuborilmayotganiga kim kafolat beradi? O‘ylaymizki, tegishli tashkilotlar, idoralar mana shu savollarga javob topib, holatga huquqiy baho va o‘z xulosalarini berishadi. 

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid