Jamiyat | 10:33 / 23.12.2019
4690
2 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ittifoqi va Espors Uzbekistan o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston elektron kompyuter sporti Federatsiyasi o‘rtasida yoshlar masalalari sohasida o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Hamkorlik doirasida ta'lim, dasturiy ta'minot va elektron kompyuter sporti sohasida mutaxassislar tayyorlash doirasidagi ishlar yangi bosqichga olib chiqilishi, shuningdek,  yosh, iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va respublikamizda yangi innovatsion texnologiyalarni ommalashtirish yuzasidan kelishib olindi. Zamonaviy kompyuter iqtisodiyotining yo‘nalishlaridan biri sifatida elektron kompyuter sportini rivojlantirish maqsadida ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish ham memorandumda belgilab o‘tildi. 

Yoshlar ittifoqi va Espors Uzbekistan yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida o‘zaro hamkorlikni bir necha yo‘nalishlarda olib borish, jumladan, IT sohasida hamkorlik qilish,  mutaxassislarni tayyorlash, yurtimizda elektron kompyuter sportini rivojlantirish va bu borada maxsus dasturiy ta'minot ishlab chiqish, dasturchi va kibersportchilar uchun maxsus kurslar va bellashuvlar tashkil etish ustuvor vazifa etib belgilandi.

Ta'kidlash joizki, ichki va tashqi bozorda IT texnologiyalarini rivojlantirish,  raqobatbardosh mahsulotlar yaratish va xizmatlarni taklif etish orqali sohada ijobiy progressga erishish ham tomonlarning asosiy majburiyatlaridan biri etib belgilandi.

Federatsiyaning rivoji, kelajakdagi loyihalari va kibersportning rivojlanish yo‘lida Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda ishlash bo‘yicha Markaziy Kengash raisi Alisher Sa'dullayev va Federatsiya prezidenti Azizbek Pattaxov ikki tomon birgalikda harakat qilishlarini kelishib olishdi.

Mavzuga oid