Sport | 22:44 / 24.12.2019
45153
5 daqiqa o‘qiladi

Eldor Shomurodov «Rostov»da qolishini, Jaloliddin Masharipov Yevropaga ketmoqchi ekanligini aytdi

Toshkentdagi «Zarafshon» konsert zalida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining yillik hisobot kongressi va yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirning birinchi qismida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan 2019 yilda qilingan ishlar va yutuqlar sanab o‘tildi.

Tadbirning ikkinchi qismida esa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar e'lon qilindi:
«O‘zbek futboli nuroniysi» – Narimon Jalolov
«Fidoyilik ramzi» – Odil Ahmedov
«Yilning eng yaxshi futbol jurnalisti» – Qahramon Aslanov (Tribuna.uz)
«Muxlislar tashrifi» – «Navbahor»
«Eng yaxshi hudud assotsiatsiyasi» – Andijon
«Eng yaxshi yoshlar murabbiyi» – Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf»)
«Eng yaxshi yosh futbolchi» – Jasur Jaloliddinov («Bunyodkor»)
«Eng chiroyli gol muallifi» – Muzaffar Muzaffarov («Metallurg)»
«Eng yaxshi hakam» – Valentin Kovalenko
«Fair Play» – «Nasaf»
«Eng yaxshi futzalchi» – Akbar Usmonov (OKMK)
«Jasorat» sovrini – O‘zbekiston amputantlar jamoasi
«Eng yaxshi ayol futbolchi» – Umida Zoirova («Bunyodkor»)
«Superliganing eng yaxshi futbolchisi» – Dragan Cheran («Paxtakor»)
Superliga to‘purari – Dragan Cheran («Paxtakor»)
«Superliganing eng yaxshi murabbiyi» – Shota Arveladze («Paxtakor»)
«Yilning eng yaxshi murabbiyi» – Vadim Abramov («Bunyodkor», O‘zbekiston milliy jamoasi)
«Yilning eng yaxshi futbolchisi» – Eldor Shomurodov («Rostov»)

Eldor Shomurodov, Jasur Jalolliddinov, Odil Ahmedov va Jaloliddin Masharipov tadbirdan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

«Fidoyilik ramzi» bilan taqdirlangan «Odil Juniors» loyihasi asoschisi Odil Ahmedov quyidagilarni gapirib o‘tdi: 

«Birinchi bor tashkil etilgan mukofotni qo‘lga kiritish yoqimli. Bu menga motivatsiya beradi. Kelgusida bundan-da katta loyihalarni  amalga oshirib o‘zbek futboli rivoji uchun o‘z hissamni qo‘shmoqchiman».

O‘zbekistonning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan 17 yoshli Jasur Jaloliddinov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va Italiyaning «Benevento» klubiga qachon o‘tishi borasida aytib o‘tdi:

«O‘tgan yili ham nomzodlar qatorida edim. O‘shanda o‘z oldimga ushbu sovrinni qo‘lga kiritishni maqsad qilib qo‘ygandim. Bu sovrinni qo‘lga kiritishda yordam bergan «Bunyodkor»dagi akalarimga rahmat aytaman.

Hozircha «Benevento» bilan shartnoma imzolanmadi. Jamoa mashg‘ulotlarida qatnashib keldim. Yakuniy javobni kutyapmiz. Yevropada 18 yoshga to‘lmagan futbolchi legioner sifatida o‘ynay olmaydi. Shuning uchun yozgacha kutamiz, 1-davrani «Bunyodkor»da boshlayman».

Superliga ramziy terma jamoasidan o‘rin olgan, O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga nomzodlar uchligida bo‘lgan Jaloliddin Masharipov esa Yevropa klublaridan biriga ketish niyati borligini yashirmadi.

«Eldor Shomurodov haqli tarzda eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. Uni tabriklayman. Men esa yana o‘z ustimda ishlab, keyingi yil, albatta, ushbu sovrinni qo‘lga kiritishga harakat qilaman.

«Paxtakor»da qolish-qolmasligimni vaqt ko‘rsatadi. O‘zimga qolsa, Yevropaga ketish niyatim bor»

O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Eldor Shomurodov mukofotni olganidan xursand ekanligi, hozircha «Rostov»dan ketmasligi haqida gapirdi.

«Sovringa munosib ko‘rilganimdan juda xursandman. Bu katta yutuq. 

Hozircha «Rostov»dan ketish niyatim yo‘q. Jamoa chempionatda yaxshi o‘ynamoqda».

Muxbir – A'zamjon Izzatillayev, 
Tasvirchi – Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid