Jamiyat | 14:30 / 31.12.2019
26431
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda o‘z xodimini kaltaklagan sud raisiga jarima qo‘llangan, jabrlanuvchi esa ishdan bo‘shatilgan

2019 yil 15 fevral kuni Navoiy viloyat ma'muriy sudi raisi Otabek Toshev qo‘l ostidagi xodimi - sud tizimini boshqarish va xizmat ko‘rsatish muhandisi lavozimida ishlagan Dilshod Norovni sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, oyog‘i bilan tepib tan jarohati yetkazgani shov-shuv bo‘lgandi.

Mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan O.Toshevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 206-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi (raislik qiluvchi sudya Sh.Baxtiyorov) 2019 yil 12 avgustdagi hukmi bilan O.Toshevni Jinoyat Kodeksining 206-moddasi 1-qismida qayd etilgan jinoyatni sodir etgan, deb topib, unga eng kam ish haqining 100 (yuz) barobari (20 273 000 so‘m) miqdorda jarima va 2 yil muddatga sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Sudlanuvchi yoki jabrlanuvchi tomonidan sud hukmiga nisbatan yuqori instansiyaga shikoyat kiritilgani to‘g‘risida ma'lumotlar yo‘q.

Kun.uz manbasining ta'kidlashicha, bu ishlar ortidan boshlangan ta'qiblar natijasida jabrlanuvchi Dilshod Norov egallab turgan lavozimidan chetlatilgan. Kun.uz tahririyati D.Norovning lavozimidan ozod etilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan o‘z jurnalistik tekshiruvini boshladi. Tez kunda ushbu masalaga oid qo‘shimcha ma'lumotlarni taqdim etishga harakat qilamiz.

Dilshod Abduqodirov

Mavzuga oid