O‘zbekiston | 21:30 / 16.01.2020
25351
3 daqiqa o‘qiladi

«Raqobat muhiti buzilgan». Gaz hisoblagichlarini tendersiz o‘rnatish bo‘yicha qaror loyihasiga munosabat bildirildi

Avvalroq Kun.uz saytida «O‘zbekistonda yangi korxonaning gaz hisoblagichlarini tendersiz o‘rnatishmoqchi. Korxona kimniki?» sarlavhasi ostida maqola nashr etilgandi.

Unda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Rossiyaning «Gazdevays» AJ bilan hamkorlikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan tabiiy gazni nazorat qilish va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror loyihasi to‘g‘risida so‘z yuritilgandi. 

Loyihada aytilishicha, «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasida yiliga 750 ming dona «Smart Metering» schyotchiklarini ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishga tushiriladi.

Davletovuz’ning bildirishicha, qaror loyihasi bilan yangi korxonaga yaxshigina imkoniyatlar taqdim etilmoqda:

«Birinchidan, «Qishloq qurilish invest» va «Shahar qurilish invest» AJ va boshqa qurilish tashkilotlariga mazkur schetchiklarni hech qanaqa tanlov, tendersiz sotib olish huquqi berilayapti. 

Ikkinchidan, «Hududgazta’minot» AJ 2020—2021 yillarda «Gazdevays» MChJ QKning schetchiklarini 3 mln 620 mingdan ortiq iste’molchiga (ham yuridik, ham jismoniy) o‘rnatadi. Bunda ularga Majburiy ijro byurosi yaqindan yordam beradi. Bu ham hech qanaqa tendersiz, tanlovsiz amalga oshiriladi. 

Uchinchidan, «Gazdevays» MChJ QK ijtimoiy ahamiyatga ega loyihani amalga oshirayotgani uchun uning mahsulotlari QQS, bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi».

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mazkur qaror loyihasi bo‘yicha o‘z xulosasini berdi.

Xulosada aytilishicha, bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish maqsadida loyihada gaz hisoblagichlarni sotib olish tender (konkurs) savdolari asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilishi lozim.

Shuningdek, bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish hamda nohalol raqobatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida «Gazdevays» MChJga soliq imtiyozlari berilishi to‘g‘risidagi bandni qaror loyihasidan chiqarib tashlash tavsiya etilmoqda.

Mavzuga oid