O‘zbekiston | 18:13 / 25.03.2021
10059
2 daqiqa o‘qiladi

«Aqlli» gaz hisoblagichning kodlanib qolish holatiga izoh berildi

Navoiy viloyatining Karmana, Qiziltepa, Xatirchi tumanlari va Navoiy shahri iste'molchilari «aqlli» hisoblagich o‘rnatish bo‘yicha «qizil hudud»ga kiritilgan. Bugun «Hududgaz Navoiy» gaz ta'minoti filiali tomonidan Qiziltepa tumanining Ayronchi mahallasiga press-tur tashkil etildi.

Tadbir avvalida filial xodimlari tomonidan mazkur turdagi hisoblagichlarning xavfsizlik afzalligi xususida ma'lumotlar berildi. Jurnalistlar ko‘plab iste'molchilarda yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklar, «aqlli» hisoblagichning kodlanib qolish holatlari va sabablari haqidagi savollarga javob olishdi. 

«Hisoblagichlarning kodlanib qolishi ko‘p kuzatilayotgan holatlardan biri. Bu qanday yuzaga keladi? Iste'molchi qarzdorligini bartaraf qilgach, uning telefon raqamiga kod jo‘natiladi. Ushbu kodni hisoblagichga kiritgach, 6 daqiqadan so‘ng ta'minot tiklanadi. Fuqarolar esa kutmasdan, kodni qayta kiritishadi va hisoblagich kodlanib qoladi», — deydi «Hududgaz Navoiy» gaz ta'minoti filiali bosh muhandisi Bahriddin Xudoyorov.

Press-turda jurnalistlar hisoblagichlarning o‘rnatilish jarayoni bilan ham yaqindan tanishdilar.

Navoiy viloyatida 152 mingdan ortiq iste'molchilar bo‘lib, joriy yil yakuniga qadar barcha xonadonlarga «aqlli» hisoblagich o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ayni kungacha 38 597 ta xonadonga ushbu turdagi hisoblagich o‘rnatib bo‘lingan.

Mavzuga oid