Haydovchilarning majburiy malaka oshirishdan o‘tishi bilan bog‘liq normalarni chiqarib tashlash tavsiya etildi
Savdo-sanoat palatasi yuridik shaxslar haydovchilarining majburiy malaka oshirishdan o‘tishi to‘g‘risidagi me'yoriy-huquqiy hujjat loyihasini jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qarori loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:
loyihaning 1-bandiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining 3-bandiga o‘zgartirish kiritish hamda unda yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilari, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning ikki yilda bir marta malaka oshirishdan o‘tishi shartligini belgilash nazarda tutilgan (xususan, amaldagi tahrirda ham yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslarning ikki yilda bir marta malaka oshirishi shartligi belgilangan).
“Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunda esa faqat faoliyati transport vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan yuridik shaxslarning yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari vaqti-vaqti bilan, uch yilda kamida bir marta o‘z malakasini oshirib, malaka imtihoni topshirishi kerakligi belgilangan.
Qonunda boshqa haydovchilar yoki yuridik shaxslar xodimlarining ma'lum bir vaqtda malaka oshirishlari lozimligi nazarda tutilmagan.
Shuningdek, yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilari, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malaka oshirishi lozimligini belgilash ortiqcha talabdir. Ya'ni, amaliyotda haydovchilar mazkur faoliyat bilan uzluksiz shug‘ullanishlari va bunday malaka oshirishga zarurat bo‘lmasligi mumkin.
“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, haydovchilarning har ikki yilda bir marta qayta tayyorgarlikdan o‘tishlari va malaka oshirishlari bilan bog‘liq normalarni chiqarib tashlash tavsiya etiladi”, - deyilgan SSP axborot xizmati xabarida.
Bundan oldin, haydovchilarning malakasini oshirish tartibiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin ekani ma'lum qilingandi.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
13:39 / 08.12.2024
Avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir inson umriga zomin bo‘ldi
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
18:44 / 12.11.2024