O‘zbekiston | 19:48 / 22.01.2020
5905
2 daqiqa o‘qiladi

Ilk bor ingliz tilida chop etilgan «Farhod va Shirin» dostonining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bugun, 22 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiyning ingliz tilida chop etilgan «Farhod va Shirin» dostonini taqdim etish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari, shoirlar, yozuvchilar, tarjimonlar hamda kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdi.

Navoiy qalamiga mansub «Farhod va Shirin» asari LLP «Wondernet Express Tashkent» kompaniyasi tomonidan nashr etilgan bo‘lib, ushbu doston ilk bor ingliz tilida dunyo yuzini ko‘rmoqda.

Asarni shoir va tarjimon A'zam Obid ingliz tiliga tarjima qilgan.

«Ingliz tilida o‘qiydigan dunyo o‘quvchilari uchun «Farhod va Shirin» dostoni G‘afur G‘ulomning proza asari asosida tarjima qilindi. Shoir sifatida shuni ayta olamanki, bugungi kunda dunyoda nazmdan ko‘ra ko‘proq nasr o‘qilyapti. She'riyat o‘quvchilari kamayib bormoqda. Bizning maqsadimiz esa Alisher Navoiyning asarini ko‘proq o‘quvchilarga yetkazishdan iborat. Shuning uchun ham «Farhod va Shirin»ning proza variantini tarjima qildik. Ushbu kitob hozircha 3 ming nusxada chop etildi. Kitobni ko‘p nusxada Hindistonda qayta chop etishni rejalashtirganmiz»— dedi A'zam Obid.

Endilikda Milliy kutubxona foydalanuvchilari buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonini ingliz tilida ham mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

Mavzuga oid