Jamiyat | 20:21 / 23.04.2018
10265
6 daqiqa o‘qiladi

Saksonta dostonni yod bilgan baxshi savodsiz bo‘lgan(mi?)

Baxshilarning chiqishlarini oynai jahon orqali kuzatganimda, yashirib nima qildim, uzoq tinglab o‘tirishga sabrim yetmagandi. Bugungi zamonaviy kuy-qo‘shiqlarga, gumbur-gumbur ohanglarga o‘rganganimiz uchunmi, ochig‘i, do‘mbira va baxshi ovozi allaqanday g‘ayriodatiy va zerikarli tuyulgandi. Boz ustiga, qiziqchilar negadir hadeb baxshilarni hajvga olishgani uchunmi, men kabi bugungi ko‘plab yoshlar baxshi xonishini jiddiy qabul qilishmaydiyam. Ammo yaqinda bir sabab bilan qishloqqa mehmonga borganimda, butun tasavvurlarim ostin-ustun bo‘ldi. Sababi sokin oqshomda gulxan atrofida o‘tirib, baxshi navolarini tinglashning gashti boshqacha ekan. Televizor yoki radio orqali emas, baxshining yonida turib, asrlardan asrlarga o‘tib kelayotgan dostonlarni jonli eshitishni, rosti, hech narsa bilan solishtirib bo‘lmas ekan. Eng zamonaviy musiqayu eng zo‘r qo‘shiqchilarning ashulasi bir tomon, baxshi boboning do‘mbirasiyu ovozi boshqa tomon bo‘lib qolarkan. Keng dashtlarga hamohang nolalar, Alpomishning yuragidagi o‘tu, Barchinoyning nigohidagi sehr ta'rifi sizni ham beixtiyor maftun etib qo‘yarkan. Xullas, bir eshitdimu, baxshichilik san'atiga mehrim tushdi.

Shu davrada Po‘lkan baxshi degan nom va u haqdagi ayrim hayotiy hikoyalar ham qulog‘imga chalingan edi. Yaqinda esa bir ma'lumotni o‘qib, yoqa ushlab qoldim. Siz ham bir o‘qing-a: “Po‘lkan — baxshi bo‘luvi ila barobar bir shoirdir. Bu odam hozir saksonga yaqin doston biladir. Bu dostonlarning besh-oltitasi zamonaviy bo‘lib, qolganlari o‘tgan qahramonlar, botirlarga tegishlidir. Bir kun bu shoir bir yarim yildan beri O‘zbekiston Ilmiy Markazi uchun doston aytib beradi. Uni o‘qish-yozishni bilmaganligi uchun aytgan dostonlari kotiblari tomonidan yozilib kelinmoqdadir”, deb yozgan ekan taniqli folklorshunos olim Hodi Zarif 1927 yilda. E'tibor berdingizmi, saksonga yaqin dostonni yod bilgan baxshi o‘qish va yozishni bilmas emish. Sobiq tuzum ta'biri bilan aytganda, g‘irt savodsiz bo‘lganmish.

Shu o‘rinda lirik chekinish qilsak-da, Po‘lkan baxshi haqida ikki og‘iz ma'lumot berib o‘tsak.

Atoqli xalq baxshisi, o‘zbek dostonchilik maktabi asoschilaridan biri Muhammad Jomurod o‘g‘li Po‘lkan 1874 yilda xozirgi Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumaniga qarashli Qatag‘on qishlog‘ida, Mulla Jomurod xonadonida tavallud topgan. Undagi dostonchilikka mehr-muhabbat yuksakligini bilgan Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi namoyondalaridan biri, mashhur Jassoq baxshi uni o‘ziga shogirdlikka qabul qiladi va 70dan ortiq dostonni o‘rgatadi: «Go‘ro‘g‘li» turkumidagi dostonlar, «Qironxon», «Orzigul», «Alpomish», «Yodgor», «Rustam» turkumi va boshqalar. U Jassoq baxshining 12-shogirdi hisoblanadi. Shunday qilib, Muhammadqul 25 yoshida xalq dostonchisi sifatida elga taniladi.

Oktyabr inqilobidan keyin, Po‘lkan shoir ko‘plab hamyurtlarimiz kabi sovuq Sibir o‘rmonlariga mardikorlikka safarbar qilinadi. Ma'lumotlarga qaraganda Muhammadqul “Po‘lkan” taxallusini mardikorlikda yurgan paytida tanlagan. Bu jumla “polk” so‘ziga “an” qo‘shimchasi qo‘shiluvidan hosil bo‘lgan, degan qarashlar bor. Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra “Po‘lkan” qadimgi mo‘g‘ulchada “ulug‘”, “katta” ma'nolarini anglatadi. Baxshi shoir shu sababli bu so‘zni taxallus sifatida qabul qilgan bo‘lishi mumkin.

Baxshi-shoir 1942 yilda qatag‘onga uchragan. Kattaqo‘rg‘on qamoqxonasiga qamalgandan so‘ng, oradan ko‘p vaqt o‘tmay sil kasalligi tufayli vafot etgan.

Shu o‘rinda yana bir ma'lumot. Umri davomida Po‘lkan baxshi ijodini tadqiq etgan akademik Vohid Abdullayev shunday yozgan ekan: “Po‘lkan shoir 70 dostonni satrma-satr yod bilgan. Biri ikkinchisini takrorlamaydi. Savodsiz bir sag‘irning ulkan so‘z san'atkoriga aylanishi bir mo‘'jiza, Yaratganning in'omi. Meni ham ilhomimga ilhom qo‘shgan, adabiy faoliyatimga qanot bergan bu ulkan so‘z ustasini yoshligimdan beri qattiq tadqiq qilaman”. Bizga qiziq tuyulgani bu akademik olim ham Po‘lkan shoirni savodsizlikda ayblaydi. Nega? Yoki  shoir-baxshi haqiqatan ham harf tanimaganmi?

Asl haqiqat shuki, sobiq tuzum paytida Po‘lkan shoir og‘zidan o‘ttizdan oshiq doston va termalar yozib olingan. Uning o‘zi esa o‘sha davrda yangi joriy qilingan kirill imlosini yaxshi bilmagani uchun savodsiz, deb hisoblangan. Aslida, Po‘lkan baxshi xatirchilik shayxdan Qur'oni Karimni o‘rgangan hamda islom dinini va falsafasini yaxshi bilgan ilmli kishi bo‘lgan.

Zuhal Ro‘ziyeva

Mavzuga oid