O‘zbekiston | 11:30 / 06.02.2020
28346
2 daqiqa o‘qiladi

Milliarder Viktor Vekselbergning tuzilmasi O‘zbekistonda aeroportlar sotib olishi mumkin

«Aeroporti regionov» holdingi (rossiyalik milliarder Viktor Vekselbergning «Renova» kompaniyalari guruhiga kiradi) Qozog‘iston va O‘zbekistonda aeroport aktivlarini sotib olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda holding rahbari Yevgeniy Chudnovskiy NAIS milliy fuqaro aviatsiyasi infratuzilmasi ko‘rgazmasi doirasida RNS’ga xabar berdi.

«O‘zbekiston, Qozog‘istonni kuzatmoqdamiz. Umuman olganda, biz MDHga qiziqish bildiryapmiz», - dedi Chudnovskiy holding o‘zining tashqi aktivlari portfelini kengaytirishni rejalashtirmoqdami, degan savolga javob qaytarib.

«O‘zbekiston bo‘yicha hozircha jiddiy muzokaralar yo‘q. Aqtau bo‘yicha esa (Aqtau xalqaro aeroporti, Qozog‘iston) tanlov ketmoqda. U yerda xususiy aksiyadorlar - Aqtauni konsessiya doirasida rivojlantirgan va endi uni sotmoqchi bo‘lgan turk konsorsiumi», - deya aniqlik kiritdi Chudnovskiy.

Avvalroq, Uzbekistan Airways AJ va Uzbekistan Airports AJ O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish sohasidagi islohotlar yuzasidan bayonot bilan chiqqandi.

Aytilishicha, aeroportlar holatini yaxshilash bo‘yicha qator yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Samarqand xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi natijasida aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yo‘lovchidan 1500 nafarga qadar ko‘tariladi. 

Viktor Vekselberg
Foto: Yekaterina Kuzmina / RBK

Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining o‘tkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruksiya qilish natijasida esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi. Termiz xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi, Andijon aeroportining rekonstruksiya qilinishi barcha turdagi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish imkonini yaratib, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2-3 baravarga ortishiga olib keladi. 

Mavzuga oid