O‘zbekiston | 19:46 / 08.02.2020
24860
3 daqiqa o‘qiladi

«Qozog‘istonda davlat tilini bilmagan odam ishga kirmaydi, bizda esa o‘zbek tili ko‘p hollarda ishlatilmaydi» - Alisher Qodirov

Qonunchilik palatasi deputati «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunning 20-moddasida ko‘rsatilgan holatlarga amal qilmaslik bo‘yicha jazo chorasi belgilanmaganini aytdi.

Bugun, 8 fevral kuni Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi, uni rivojlantirish borasidagi muammolar, shuningdek, til ta'limi va tilshunoslik ilmidagi kamchiliklar muhokama qilindi.

Qonunchilik palatasi deputati Milliy tiklanish partiyasi rahbari Alisher Qodirov «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun nomlash, atamalar, reklamalar, peshlavhalarni tartibga solishini aytib o‘tar ekan, uning 20-moddasida ko‘rsatilgan holatlarga amal qilmaslik bo‘yicha jazo chorasi belgilanmaganini ham qo‘shimcha qildi. 

Xususan, ushbu moddada shunday deyiladi: «Lavhalar, e'lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e'lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin».

Ammo Milliy tiklanish partiyasi vakili Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasida «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunni buzganlik uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ikki baravarida jarimaga tortilishi belgilanganini qo‘shimcha qildi.

Alisher Qodirov davlat idoralaridagi mavjud vaziyatni qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi bilan taqqoslar ekan, davlat tilini bilmagan odam ishga kirolmasligini, O‘zbekistonda esa davlat xizmatida o‘zbek tili ko‘p hollarda ishlatilmayotganini ta'kidladi. 

U shuningdek, shunday qo‘shimcha qildi: «Davlat tiliga bo‘lgan hurmat boshqa tillarga nisbatan behurmatlik emas, buni siyosiylashtirmaslik kerak».

Adliya vazirligi qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Alisher Karimov qonunchilikda davlat tilining hozirgi o‘rni haqida ma'lumot berdi. 

«Qonun loyihalarini ishlab chiqish va tegishli qabul qiluvchi organlarga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ydik. 2019 yilda davlat tilida tayyorlanayotgan loyihalar 80 foizga ko‘tarilgan, joriy yilda to‘liq davlat tilida tayyorlash va boshqa tillardagilarni o‘tkazmaslik reja qilingan. 

«Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun e'tiboridan o‘zbek tilidagi hujjat ustuvor yuridik kuchga ega bo‘lishi kerak, lekin amalda unday emas», dedi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i. 

Mavzuga oid