Jamiyat | 15:21 / 05.03.2020
14579
3 daqiqa o‘qiladi

10 nafar mahkuma muddatidan oldin ozod etildi. Ular asosan geroin savdosi bilan shug‘ullangan

Bugun, 5 mart kuni Oliy sud binosida 10 nafar mahkuma ayolning nazorat tartibida bergan shikoyatlari ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova va mahkumalarning yaqinlari qatnashishdi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ayollarning nima sababdan bu jinoyatga kirish sabablari haqida to‘xtaldi.

«Bugun asosan geroin savdosi bilan shug‘ullangan ayollar kafillik asosida muddatidan oldin ozod etildi. Ular bu jinoyatni bir necha marta sodir etishgan.

Bunga turli faktorlar sababchi. Oila, yashash muhiti, jamiyat, mahalla-ko‘y ta'sir o‘tkazadi. Jumladan, tarbiya, huquqiy bilim, qonunlarning liberalligi ham katta rol o‘ynaydi.

Oliy sudga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan mahkumalar ishini ko‘rib chiqish – murakkab jarayon. Unda yoshi, oilaviy sharoiti, koloniyadagi xulqi, hatto farzandlari soni ham hisobga olindi.

Mahkumalarning o‘zlari bilan individual suhbatlar olib borildi, koloniyadan chiqqandan keyin amalga oshiradigan rejalari haqida so‘raldi. Shuningdek, koloniya xodimlari, doimiy yashash manzilidagi mahalla faollaridan ham xulosalar olinadi.

Nima sababdan aynan geroin savdosi bilan shug‘ullangan mahkumalar ozod etildi? Boshqa turdagi jinoyat turlarini sodir etgan mahkumalarning shikoyatlari inobatga olinmaydimi? Geroin savdosi masalasi Jinoyat kodeksi 273-moddasining 5-qismi bilan qamrab olinib, o‘ta og‘ir jinoyat turkumiga kiradi va JKning ba'zi moddalarini bu toifadagi mahkumalarga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Oliy sud sudlov hay'ati o‘z vakolatidan foydalanib, JKning ba'zi moddalarini qo‘llagan holda, mahkumani jazo muddatini o‘tagan, degan qarorga keladi», – dedi Svetlana Ortiqova.

Ma'lumot uchun, kafillik asosida mahkumalarni muddatidan oldin ozod etish amaliyoti 2018 yil 20 iyulda Oliy sud va sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida imzolangan memorandum asosida boshlandi.

Uning doirasida 2019 yilda 210 nafar ayolga Xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligi asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi, 467 nafar jazoni o‘tayotgan ayolning tayinlangan jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi, 2470 nafar ayol jazodan shartli ravishda ozod qilindi.

Mavzuga oid