Iqtisodiyot | 18:52 / 09.03.2020
24244
4 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus zarbasi: Neft, rubl va qimmatli qog‘ozlar bozorida ahvol qanday?

Kuni kecha Bloomberg ekspertlari yangi koronavirus epidemiyasi sababli jahon iqtisodiyoti koronavirus sababli 2,7 trln dollargacha zarar ko‘rishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Koronavirus to‘g‘risidagi xabarlar ortidan jahon neft va qimmatli qog‘ozlar bozorida pasayish boshlandi.

Foto: Shannon Stapleton / Reuters

Nimalar bo‘lmoqda?

9 mart kuni Brent rusumidagi Shimoliy dengiz nefti narxi 27 foizga pasayib, bir barreli 32 dollardan kamroqni, WTI rusumidagi neft narxi esa bir barreli 30 dollardan kamroqni tashkil etdi. Savdolar davomida Brent narxi 31 foizga tushib, bir barreli 31,27 dollarga teng bo‘ldi.

Neft narxi tushishi ortidan xalqaro valuta bozorida AQSh va Yevropa valutalari kursi ko‘tarilib, Rossiya rubli kursi tushib ketdi. Forex birjasida bir dollar 75, bir yevro esa 85 rublga yetdi. 

Rossiya banki budjet qoidalari doirasida kamida 30 kun bozordan valuta sotib olmasligini e'lon qildi.

Neft narxining tushishi va dollar hamda yevro kursi ko‘tarilishi Osiyodagi indekslarga ham ta'sir qildi. Hongkongdagi Hang Seng fond birjasi indeksi 1064 punktga (4,07 foiz) pasaydi. Tokiodagi Nikkei 225 birjasi indeksi ham 1196 punktga tushdi (5,77 foiz). Shanxay fond birjasida ham pasayish yuz berdi - 2,11 foiz (2970,75 punkt).

Dushanba kuni Yevropa birjalari pasayish bilan ochildi. Londondagi FTSE 100 indeksi 8,54 foiz, Germaniyadagi DAX 8,09 foiz, Fransiyadagi CAC 40 birjasi indeksi 6,31 foizga tushib ketdi.

Rossiya qimmatli qog‘ozlari narxi Londondagi savdolarda keskin tushib ketdi. «Gazprom» aksiyalari - 24,82, «Rosneft» — 23,54 foiz, «Novatek» — 33,6 foiz, «Gazprom neft» aksiyalari narxi 11,62 foizga arzonlashdi. 

Saudiya Arabistonining Saudi Aramco neft kompaniyasi aksiyalari 9,09 foizga pasaydi.

Narxlar nega tushib ketdi?

Jahon iqtisodiyotiga tahdid solayotgan yangi koronavirus avj olishi fonida 6 mart kuni Venada Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPeK) mamlakatlari va bu tashkilotga kirmaydigan Rossiya, Qozog‘iston va Ozarboyjon (OPeK+) neft vazirlarining yig‘ilishi o‘tkazildi. Ishtirokchilar 2016 yildan beri ilk bor neft qazib olish hajmini kamaytirish borasidagi shartnoma shartlarini kelisha olmadilar va shartnoma 1 apreldan o‘z kuchini yo‘qotadigan bo‘ldi.

Yig‘ilishda Rossiya va Saudiya Arabistoni qarama-qarshi pozitsiyani egalladi. Moskva neft qazib olishni qo‘shimcha ravishda qisqartirishga rozi bo‘lmadi va 2020 yilning ikkinchi choragi uchun shartnomani hozirgi shartlarda (neft qazib olishni sutkasiga 1,7 mln barrelga kamaytirish) uzaytirishni taklif qildi, Ar-Riyod esa yil oxirigacha neft qazib olishni sutkasiga  yana 1,5 mln barrelga kamaytirish taklifi bilan chiqdi.

Shartnoma bekor bo‘lishi ortidan Saudiya Arabistoni neft qazib olishni sutkasiga 10 mln barrelgacha, zarurat bo‘lsa 12 mln barrelgacha yetkazishga tayyorligini bildirdi, deb xabar berdi Bloomberg. Shuningdek, Saudi Aramco kompaniyasi neft xomashyosi narxini arzonlatishga qaror qildi.

Endi nima bo‘ladi?

Amerikaning Goldman Sachs investitsiya banki ekspertlari Brent rusumidagi neftning bir barreli 20 dollargacha tushib ketishini taxmin qilmoqda. Shuningdek, ikkinchi va uchinchi chorakda Brent narxi 30 dollardan oshmasligi kutilmoqda.

«LUKOYL» hammuassisi Leonid Fedunning fikricha, shartnoma buzilishi sababli Rossiya kuniga 100-150 mln dollargacha pul yo‘qotadi. 

«Hozirda bozorda kam uchraydigan holat - bir nechta omilning bir vaqtda jamlanishi kuzatilmoqda – taklif ko‘p (neft qazib olishning o‘sishi), talab kam (koronavirus sababli iste'mol pasayishi) va bozorda «barqarorlashtiruvchi ishlab chiqaruvchi»ning yo‘qligi», deb yozadi Rapidan Energy konsalting kompaniyasi asoschisi Bob Maknelli.

Uning qayd etishicha, bunday holat oxirgi marta 1930-yillarda, «Buyuk tushkunlik» davrida yuz bergan va o‘shanda bir barrel neftning narxi bir sentgacha tushib ketgandi.

Mavzuga oid