Jamiyat | 11:25 / 18.03.2020
26261
7 daqiqa o‘qiladi

«Sirti yaltiroq, ichi qaltiroq». Andijon markazidagi yangi uy nega to‘liq bitmagan?

Andijon shahrining eng markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lmish Alisher Navoiy shoh ko‘chasi so‘nggi yillarda yanada chiroy ochdi, ko‘rkamlashdi. Ayniqsa, ko‘chaning ikki yoqasiga tushgan zamonaviy arxitektura yechimidagi ko‘p qavatli uylar unga yanada fayz berdi. Andijon shahrida Alisher Navoiy ko‘chasidagi uylardan kvartira sotib olishni hamma orzu qiladi.

Ayni paytda ko‘chadagi olti qavatli 96-uyda istiqomat qilayotgan fuqarolar yaxshi niyatlar bilan ko‘p qavatli binodan kvartiralardan biriga ega bo‘lishgan. 50ta xonadon egalari bundan uch yil oldin 2017 yili o‘z kvartiralarini «korobka» holatida sotib olib, ta'mirlab yashay boshlagan.

Biroq, olti qavatli uyga xonadonlar to‘ldi, lekin pod'yezdlar ta'miri va lift ishlashidan hech darak bo‘lmadi.

Murojaat ortidan Andijon shahridagi 6 qavatli 96-uyga borib, xonadon sohiblari bilan uchrashdik.

«Ko‘p qavatli bu uylarga 2017 yilda ko‘chib chiqqanmiz. Lift ishlamasdi. Quruvchilar qurilish tugagach bitmagan pod'yezdlarni qanday bo‘lsa, shunday holatda tashlab ketishdi. U vaqtda hali ko‘pchilik ko‘chib kelmagandi.

2018 yildan boshlab qolganlar ham ko‘chib kelishdi, lekin lift ham, pod'yezdlardagi holat ham hanuz o‘zgarishsiz turibdi. Men-ku 70 yoshga kirdim. Kunda bir-ikki marta chiqib-tushib, uy yumushlarini eplab turibman. Kampirim esa umuman chiqib-tusha olmaydi. Aslida, lifti borligi uchun 6-qavatdan uy sotib olgan edik», deydi Muhammadjon ota Mamarasulov.

«To‘g‘risi, chiqib-tushish jonga tegdi. Ko‘chib kelgan paytimizda ota-onam ham boshida 2-3 oy zo‘rg‘a chidashdi. Har kunda qaysidir yumush bilan chiqib-tushaverib qiynalib ketishdi. Ularni hovli uyga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi.

Men o‘zim oilam bilan shu yerda bir yildan ortiq yashadim. Yosh bolalar bilan qiynalar ekansiz. Iloji yo‘q, endi men ham boshqa uyga ko‘chyapman», deydi G‘ulomjon Xadjayev.

«O‘zbekchilikda yangi mashina, yangi uy va birorta yangi narsa sotib olsangiz, kattalardan duo olinadi. Lekin qaynota-qaynonam hali biror marta yangi uyimizga kelishmadi. Sababi, 5-qavatda yashaymiz. Lift ishlamaydi. Ularning yoshlari katta. Tepaga chiqquncha hansirab qolishadi, qon bosimi ko‘tarilib ketadi.

Ular bizga ne-ne umidlar bilan yangi uy olib berishgan edi. Mayli, liftlaring ishga tushganda kelarmiz deyishgandi, shunga ham mana uch yil bo‘ldi. Lift hanuz ishlagani yo‘q.

Uyning boshlang‘ich to‘lovini to‘layotgan paytimizda lift ishlashiga kafolat berishgandi. Bundan tashqari, quruvchi tashkilot pod'yezdni bitmagan holatda tashlab ketdi. Bu ahvolda uyingizga mehmon chaqirishga ham uyalasiz. O‘tgan safar mehmonlarimiz shaharning qoq markazidagi uylar shunday holatdami deb hayron bo‘lib ketishdi.

Qo‘shnilarimiz bilan uy-joy shirkatlar uyushmasi, shahar hokimligi va bir necha bor «POYTUG’ BARKAMOL QURILISH» korxonasi rahbariga ham murojaat qildik. Shu paytgacha hech qanday natija bo‘lmadi. Holbuki, biz kreditni grafik bo‘yicha o‘z vaqtida to‘lab kelyapmiz», deydi Dilnozaxon Toipova.

Uyning qurilishi «POYTUG’ BARKAMOL QURILISH» xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilgan ekan.

Haqiqatan ham, binoning barcha kirish joyidagi eshiklarga zulflar o‘rnatilmagan. Pod'yezdlardagi bezak ishlari ham oxiriga yetkazilmagan. Lift o‘rnatilgan, biroq devor bilan liftning orasida bo‘shliq bor. Yosh bolalar uchun xavf tug‘dirishi tabiiy.

Yana bir muammoli holat shundaki, 50 xonadon istiqomat qilayotgan ko‘p qavatli uyning alohida chiqindixonasi yo‘q. Yorto‘la tashlandiq holda.

Shahar hokimligida

Muammo yuzasidan izoh olish uchun Andijon shahar hokimligida bo‘ldik.

Hokimlik binosida shahar hokimi yordamchisi bu masalaga qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Abdulatif Islamovdan izoh olishimiz mumkinligini aytdi.

«O‘tgan yili Andijon shahrida ko‘p qavatli binolardan murojaatlar tushgani sababli, oktabr oyida shahar hokimi barcha qurilish tashkilotlari va uy-joy shirkatlari rahbarlariga qurilishdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq bergan. O‘sha kuni barcha qurilish tashkilotlari rahbarlari va'da bergan edi», dedi Islamov.

U «POYTUG’ BARKAMOL QURILISH» xususiy korxonasi rahbari bilan telefon orqali bog‘lanishga harakat qildi. Lekin bog‘lana olmadi.

Oradan bir kun o‘tib «POYTUG’ BARKAMOL QURILISH» rahbari Sobirjon Abdurahimov bilan telefon orqali suhbatlashganimizda, bu masalaga shunday izoh berdi: «To‘g‘ri, hozirgi kunda lift ishchi holatda emas. Sababi, bu liftni qabul qilib oladigan tashkilot yo‘q. Kecha xuddi shu masala bo‘yicha shirkat rahbari bilan gaplashgan edim. Agarda shunday tashkilot bor bo‘lsa, shu tashkilot liftni sinovdan o‘tkazib, bizdan qabul qilib olishi kerak.

Shuning uchun bu masala oxiriga yetkazilmay qolyapti. Agar qabul qilib olishsa, liftning barcha kamchiliklarini bartaraf etib, ishchi holatda topshiraman. Navro‘z bayramigacha yo‘laklardagi kamchiliklarni bartaraf qilamiz», deydi Sobirjon Abdurahimov.

Xulosa

Har qanday turar joy kompleksi bitkazilib, egalariga foydalanish uchun berilishidan oldin albatta rasmiy ravishda hudud davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Buning uchun turar joy qurilish va shaharsozlik me'yorlari talablariga javob berishi lozim.

Alisher Navoiy ko‘chasidagi olti qavatli 96-uyda uch yildan beri xonadon egalari lifsiz va qurilishi tugallanmagan yo‘laklarsiz yashab kelishmoqda. Yuqori qavatlardagi xonadonlarga mehmon ham chaqira olmay, ko‘chib ketayotganlar bor.

O‘ylaymizki, Andijon shahar hokimligi qurilish mas'ullari ushbu muammoli holatni o‘rganib, ijobiy yakun yasashadi.

Sarvarbek Nazarov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid