«Odamlarimiz hayoti sening pullaringdan muhimroq». Serbiya nega «Real» futbolchisiga qarshi chiqdi?
Madridning «Real» klubi hujumchisi Luka Yovichning koronavirusga qarshi karantinni buzganligi uning vatani Serbiyada katta munozaralarga sabab bo‘ladi. Futbolchini jinoiy javobgarlik kutmoqda.
Aslida nima bo‘lgandi?
Madridda karantinda bo‘lishi kerak bo‘lgan «qirollik klubi» hujumchisi Luka Yovich ispan klubi ruxsati bilan Belgradga uchib keldi. Koronavirus pandemiyasi tufayli belgilangan qonun-qoidalarga ko‘ra, Serbiyaga xorij davlatidan kelgan fuqarolar 28 kunlik qat'iy karantinda bo‘lishlari shart. Biroq mahalliy OAVning tasdiqlashicha, «Real» hujumchisi vataniga kelgach karantinga rioya qilmay, qiz o‘rtog‘i Sofiya Mixaylovichning tug‘ilgan kunini katta davrada do‘stlari bilan birga nishonlagan.
Hukumat reaksiyasi
«Afsuski, sinovli va qiyin davrda futbolimiz yulduzlari hammaga o‘rnak bo‘lish o‘rniga salbiy hatti-harakatlari bilan barchani xavotirga solib, g‘azabini qo‘zg‘ayotganligiga guvoh bo‘layapmiz. Ular millionlab pul ishlab, uyga qaytgach, amaldagi qonunlarga bepisand bo‘lib, qoidalarni ochiq-oydin buzishmoqda», - deydi Serbiya bosh vaziri Ana Brnabich «Real» futbolchisi borasida fikr bildirib.
Mamlakat prezidenti Aleksandar Vuchich yanada qattiqroq ohangda gapirdi:
«Agarda u uyidan chiqsa, qo‘lga olinadi. O‘ylamanki, Yovich qilmishidan pushaymon bo‘ladi. U bitta narsani aniq tushunib olishi shart – odamlarimizning hayoti uning pullaridan anchagina muhimroq, qadrliroq va qimmatroqdir», - degan Serbiya prezidenti.
Serbiya ichki ishlar vaziri Neboysha Stefanovich esa amaldagi qonunchilikning bilib turib buzilishiga bir yildan 12 yilgacha qamoq jazosi belgilanganligini eslatib o‘tdi. U shuningdek, «boyvachcha sportchilarimizga ayblov qo‘yildi», - deya fikr bildirgan.
Blic nashrining ma'lum qilishicha, ulardan biri aynan Luka Yovichdir.
«Hozirga kelib ularga 87ta ayblov qo‘yilgan», - deya qayd etdi Stefanovich.
«Jazo muddati bir yildan 12 yilgacha ko‘rsatilgan. Qonunga amal qilish kerak yoki qonunbuzarlik uchun javob berish lozim. Qonunbuzarlarning barchasi sud oldida javob berishadi», - deya ta'kidlagan mamlakat ichki ishlar vaziri.
Futbolchining otasi nima deydi?
Luka Yovichning otasi Milan Yovich esa o‘g‘lining tarafini olgan: «u shunchaki do‘konga chiqqandi», - degan u. Biroq Belgradda mashhur bo‘lgan futbolchini juda ko‘p guvohlar do‘kon emas, shahar ko‘chalarida bayramona yurganligini ko‘rishgan.
Yovich nima deydi?
OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi keskin muhokamalardan keyin nihoyat futbolchining o‘zi ham izoh berishga majbur bo‘ldi. Uning javobi bolalarga xos bo‘ldi.
«Ayrim kishilarning o‘z vazifasini bajarmay, karantin vaqtida o‘zimni qanday tutish kerakligi borasida menga noto‘g‘ri ko‘rsatmalar berganidan juda afsusdaman», - deya fikr bildirgan «Real» futbolchisi.
Ko‘p o‘tmay, Serbiyaning Blic nashri Yovichni yolg‘onchilikda ayblab, uning Ispaniyadan uchib kelgandan keyin Belgrad aeroportida karantindagi qoida va ko‘rsatmalar bilan tanishganligi haqidagi imzosi tushirilgan hujjatni e'lon qildi.
Dastlabki javobi yolg‘onligi barchaga ayon bo‘lgach, ko‘p o‘tmay Luka Yovich yana bir marta bayonot berdi. Bu safar nohaqligini tan olib, barchadan kechirim so‘ragan:
«Chindanam, nohaqman. So‘nggi kunlarning asosiy muhokama mavzusi bo‘lganimdan juda afsusdaman. «Real»ning ruxsatidan keyin oilam va xalqim bilan yaqinroq bo‘lish uchun Serbiyaga qaytgandim. Karantinni buzganim uchun yana bir marta kechirim so‘rayman, - degan Yovich.
Qanday jazo beriladi?
Ko‘rinishidan, Serbiya hukumati koronavirus tarqalish xavfi sababli e'lon qilingan karantinga jiddiy amal qilinishi uchun Yovichdan foydalanmoqda. Hukumat eng avvalo sportchi, estrada va kino yulduzlarining bu borada o‘rnak bo‘lishini istamoqda. Taxmin qilish mumkinki, oradan vaqt o‘tib sud ishi ko‘rib chiqiladi, ammo «Real» futbolchisiga qamoq chorasi qo‘llanilishiga ishonish qiyin, shunchaki katta miqdordagi jarima to‘lash jazosi tayinlansa, ajab emas.
U.Ibodov tayyorladi
Mavzuga oid
10:44 / 17.11.2024
Millatlar ligasida fors-major. Vengriya murabbiyi hushini yo‘qotdi, Ruminiya va Kosovo o‘yinida siyosiy mojaro
11:30 / 02.11.2024
Serbiyada temiryo‘l vokzalida tom qulashi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi
09:10 / 26.10.2024
Yevrokomissiya rahbari Serbiya bosh vaziri bilan uchrashuvni bekor qildi
09:10 / 18.10.2024