O‘zbekiston | 21:38 / 25.03.2020
45870
3 daqiqa o‘qiladi

Mashinalar besabab Samarqanddan chiqarilmayapti: viloyatdagi YPX postlaridan reportaj

Samarqand viloyat IIB YHXB xodimlari post-patrul maskanlarida tun-u kun xizmat olib borilmoqda. Kun.uz muxbiri viloyat yo‘llaridagi YHX xodimlarining karantin davridagi faoliyati bilan qiziqdi.

24 mart, soat 23:00. Samarqand shahridan Toshkent va Buxoro shaharlariga  taksilar qatnaydigan «Ulug‘bek» bekati sokin. Birorta yengil taksi ko‘rinmaydi. Chunki Toshkent shahriga viloyatlardan kirish karantin sababli yopib qo‘yilgan.

DYHXX inspektorlari maskasiz harakatlanayotgan haydovchilarni 25 martdan boshlab jarima qo‘llanishi haqida ogohlantirishmoqda.

«Yuqori nuqta» YPX maskanida Toshkent tomon yo‘l olayotgan yengil avtomashinalar ko‘zdan kechirilyapti.

Samarqand viloyat IIB YHXB katta inspektori Xurshid Safarovning aytishicha, bu maskandan Toshkent, Jizzax, Sirdaryo va vodiy viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etilgan avtomashinalar tekshirib o‘tkazilmoqda. Yuk mashinalari tekshiruvsiz o‘tkazib yuborilmoqda.

Toshkent shahriga yo‘l olgan avtobuslar yo‘lovchisiz, bo‘sh qaytib ketmoqda.

Samarqand viloyati hududiga kirib kelayotgan mashinalar esa SEOM xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilinyapti.

Samarqand shahriga kirishdagi «Shtab» YPX maskanida ham YPX va «Milliy gvardiya» xodimlari tomonidan Toshkent shahriga besabab borayotgan yengil mashinalar to‘xtatilib, tekshirilmoqda.

Ayrim yo‘lovchilarning nega Toshkent shahri tomonga ketayotganiga qiziqdik. Shahrisabzlik «Lada Largus» haydovchisining aytishicha, uning onasi Toshkentda jarrohlik kasalxonasida 10 kun davolanish kursini o‘tagan. Toshkentdan bemor onasini olib kelishga «Tez yordam» mashinasi 4 million so‘m so‘ragani uchun, tanishining «Largus» mashinasini yollagan. Davolovchi vrach «tez yordam» mashinasida uning onasini Toshkent shahridagi kasalxonadan chiqarib berishini aytgan.

Surxondaryolik keyingi haydovchi esa oilasi bilan Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiladi. Avtomashinasini rasmiylashtirish ishlari bilan Surxondaryoga borib, bir haftaga ishlari cho‘zilgan. Oilasi bag‘riga – Yangiyo‘l shahriga qaytishi kerak.

To‘xtatib turilgan navoiylik uchinchi mashinada ota-ona o‘tiribdi. Ularning qizi Guliston shahrida yashar ekan. Kuyovi harbiy. Karantinga jalb qilingan. Ular qizlari va nevarasini Navoiyga olib kelish uchun yo‘lga chiqishgan.

Mana shunday jo‘yali sabablarga ega haydovchilardan birrov tushuntirish olinib, postdan o‘tkazilmoqda. Besabab Toshkent shahri tomon yo‘l olganlar viloyatdan chiqarilmayapti.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.
uz muxbiri.

Mavzuga oid