Jahon | 13:31 / 30.03.2020
23024
7 daqiqa o‘qiladi

Gay Rayder: COVID-19 iqtisodiy jihatdan qanchalik zaif ekanimizni ko‘rsatib berdi

Xalqaro mehnat tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo miqyosida 25 million nafargacha odamlar ishsiz qolishi, ishchilar daromadlaridagi yo‘qotishlar esa 3,4 trillion AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Ammo hozirning o‘zida shu narsa ma'lumki, keltirilgan raqamlar ko‘riladigan zarar ko‘lamini to‘laqonli ifoda eta olmaydi.

Gay Rayder / Foto: healthtimes.co.zw

COVID-19 pandemiyasining global ta'siri dunyodagi favqulodda tibbiy-sanitariya doirasidan ancha chetga chiqib ketdi. Hozirda kelajagimizning barcha jabhalari – iqtisodiy, ijtimoiy, taraqqiyot sohalari va ko‘pgina boshqa yo‘nalishlar jiddiy xavf ostiga tushib qoldi. Biz bunga global darajada, tezkor va muvofiqlashgan ravishda javob berishimiz shart va bunda yordamga muhtoj bo‘lgan shaxslar bunday yordamni zudlik bilan olishlariga imkon yaratishimiz o‘ta muhimdir.

 Ish joylarida, korxona va tashkilotlarda, mamlakatlar iqtisodiyotlari va jahon xo‘jaligida to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun hukumatlar va oldingi frontdagilar, ya'ni ishchilar va ish beruvchilar orasida ijtimoiy dialog o‘rnatmoq lozim. Yashayotgan asrimizning yigirmanchi yillari o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillaridagi voqealarni takrorlamasligi kerak.

XMT tahlillariga ko‘ra, dunyo miqyosida 25 million nafargacha odamlar ishsiz qolishi, ishchilar daromadlaridagi yo‘qotishlar esa 3,4 trillion AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda. Ammo hozirning o‘zida shu narsa ma'lumki, keltirilgan raqamlar ko‘riladigan zarar ko‘lamini to‘laqonli ifoda eta olmaydi.

Pandemiya mehnat bozorlarimizning zaif joylarini ayovsiz ochib berdi. Ham yirik, ham kichik korxonalar faoliyati to‘xtab qoldi, ish vaqti qisqardi, xodimlar ishdan bo‘shatilmoqda. Savdo markazlari va restoranlarning yopilishi, aviareyslarning va mehmonxona buyurtmalarning bekor qilinishi, korxona va tashkilotlarda masofadan turib ishlash rejimiga o‘tilishi ko‘pchilikni kasod jarligi yoqasiga keltirib qo‘ydi. Qolaversa, shundoq ham barqaror ishga ega bo‘lmagan odamlar, ya'ni sotuvchilar, ofitsiantlar, oshxona xodimlari, yuk ortuvchilar, farroshlar kabi xodimlar birinchilardan bo‘lib ishdan bo‘shashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Har besh kishidan bir kishi ishsizlik nafaqasiga ega bo‘lish huquqida yashayotgan dunyoda millionlab kishilar uchun ishdan bo‘shash halokatga teng holat. Barchamiz hozirda bog‘liq bo‘lib turgan odamlar, ya'ni ijtimoiy va kurerlik xizmatlarining ko‘pchilik xodimlari kasallik ta'tillarini ola olmaydilar va ko‘p hollarda, ular kasal bo‘la turib, ishlashni davom ettirishga majbur bo‘lmoqdalar. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ishbay ishchilar, mardikorlar va norasmiy savdogarlar ham shu ahvoldalar, zero ular ham oilalarini boqishi kerak. Natijada esa hammamiz jabr ko‘ramiz: bu nafaqat virus tarqalishini tezlashtiradi, balki qashshoqlik va tengsizlikni yanada kuchaytiradi.

Bizda millionlab ish joylari va korxonalarni saqlab qolishning imkoni bor, lekin buning uchun hukumatlar korxonalarning to‘xtovsiz ishlashini ta'minlaydigan, ishdan bo‘shatishlarni oldini oladigan va zaif toifadagi xodimlarni himoyalay oladigan qat'iy choralarni ko‘rishi zarur bo‘ladi. Shuni aniq tushunishimiz kerakki, ular bugun qabul qilayotgan qarorlar uzoq muddatdagi jamiyat va iqtisodiyotning ahvolini belgilab beradi.

Hozirgi vaqtda davom etayotgan keskin pasayish uzoqqa cho‘ziladigan retsessiyaga aylanib ketmasligi uchun rag‘batlantiruvchi budjet-moliya va kredit-pul siyosatini yuritish muhim ahamiyat kasb etadi. Maqsadimiz – har bir insonning mablag‘i shu haftaning oxirigacha yetishi, so‘ngra yana keyingi hafta oxirigacha yetishi va hokazo. Bu holat shu narsani anglatadiki, millionlab odamlar uchun daromad manbai hisoblangan korxona va tashkilotlar bunday og‘ir vaziyatda ham jon saqlab qolishi va imkon paydo bo‘lish bilan hammasini boshidan boshlashga tayyor bo‘lishi lozim.

Xususan, eng zaif toifadagi xodimlar (o‘zini o‘zi ish bilan ta'minlaganlar, to‘liq ish kuni ishlamaydiganlar, vaqtincha ishchilar kabilar) uchun manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish talab etiladi, chunki ularning aksariyati ishsizlik yoki kasallik nafaqasiga ega bo‘la olmaydilar va ijtimoiy ta'minot doirasiga kirmaydilar.

Hukumatlar infeksiya tarqalishini oldini olishga bor kuch-qudratini sarflayotgan bir paytda, biz ko‘pchiligini ayollar tashkil qiladigan tibbiyot xodimlarini himoyalaydigan alohida choralar ko‘rishimz darkor, chunki ular bizlar uchun o‘z sog‘lig‘ini xavf ostida qo‘ymoqdalar. Ko‘riladigan choralar tegishli himoya tibbiy vositalar va boshqa hayot uchun zarur yuklarni tashuvchi haydovchi va dengizchilarni ham qamrab olish kerak.

Masofadan turib ishlash rejimiga o‘tish xodimlar uchun ishlashni davom ettirish, ish beruvchilar uchun esa faoliyatni inqiroz davrida davom ettirishida yangi imkoniyatlar ochib bermoqda. Shu bilan birga, xodimlarning mehnati shunday tashkil qilinish kerakki, ular ish bilan bir qatorda zarur uy yumushlarini (bolalar, bemorlar, keksa kishilarga qarash va o‘zini ham esdan chiqarmaslik) ham uyg‘unlikda bajarishi uchun sharoit yaratilishi kerak.

Ko‘pgina mamlakatlar fuqarolar va iqtisodiyotni himoya qiladigan, ishchi-xodimlar va korxona-tashkilotlarga mablag‘lar bilan ta'minlaydigan mislsiz qo‘llab-quvvatlovchi chora-tadbirlarni amalga oshira boshladilar. Mazkur choralar maksimal darajada samarali bo‘lishi uchun, hukumatlar ish beruvchi tashkilotlar va kasaba uyushmalari bilan birgalikda insonlarni muhofaza qilish va ish joylarini saqlab qolishni ta'minlaydigan yechimlar ishlab chiqishlari lozim bo‘ladi.

Bunday choralar qatoriga daromadlarni qo‘llab-quvvatlash, ish haqlarini subsidiyalash, rasmiy ishda ishlaydigan va vaqtincha ishdan bo‘shayotgan xodimlarga nafaqalar to‘lash, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga soliq imtiyozlarini taqdim etish, korxonalarga moliyaviy ko‘mak berish kabilar kirishi mumkin. Shu o‘rinda mamlakat miqyosida ko‘rilayotgan jiddiy chora-tadbirlar bilan bir qatorda ko‘p tomonlama harakatlarni amalga oshirish global dushman bilan kurashishning asosiy omili bo‘lib xizmat qiladi.

Bunday o‘ta murakkab davrda men yana bir bor XMTning asosiy tamoyillariga qayta urg‘u berib o‘tmoqchiman: “Qashshoqlik har joyda ham jamiyat farovonligi uchun asosiy xavf bo‘lib qoladi”. Ushbu postulat bizga shuni eslatib turadiki, yaqin yillarda hayotimizga solayotgan tahdidlarga berilayotgan javoblar samaradorligi nafaqat kiritilayotgan pul mablag‘larining ko‘lami va tezkorligi, nafaqat iqtisodiyotning tiklanish jadalligi, balki oramizdagi eng zaif kishilar uchun qanday choralar ko‘rishimiz bilan ham o‘lchanadi.

Mavzuga oid