Iqtisodiyot | 23:00 / 09.04.2020
23743
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya rozi bo‘ldi. OPeK+ davlatlari neft qazib olish hajmini qisqartirishga kelishishdi

OPeK+ davlatlari videokonferensiya shaklidagi uchrashuvda bozordagi narxlarni nazorat qilish maqsadida kunlik neft qazib olish hajmini qisqartirish bo‘yicha kelishib oldi.

Foto: Reuters

Bloomberg nashri xabarida aytilishicha, OPeK+ mamlakatlari neft qazib olish hajmini kuniga 10 million barrelgacha qisqartirishga kelishib olgan.

Muzokaralardan xabardor delegatlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ham qazib olish hajmini qisqartirishga rozi bo‘lgan. Kreml AQSh ham bu boradagi ishlarga faqat gap bilan emas, amaliy tarzda qo‘shilishini xohlamoqda.

Tramp esa AQSh neft qazib olishni qisqartirmasligini ma'lum qilgan. O‘z navbatida, AQShning ba'zi hududlarida talab kamaygani sabab neft qazib olish hajmi avtomatik tarzda qisqargan.

OPeK+ uchrashuvi oldidan neft narxi biroz ko‘tarildi. London birjasida Brent 1,6 foizgacha qimmatlab, 1 barreli 33,37 dollarga yetdi. Bu holatdan Saudiya Arabistoni unumli foydalanib qoldi. OPeK+ muzokaralarining tafsilotlaridan taxminan xabardor bo‘lgani aytilayotgan Saudiyaning Public Investment Fund kompaniyasi neft arzonlashi sabab narxi tushgan Yevropaning yirik neft va gaz korxonalari aksiyasini sotib olishni boshlagan. Saudiya bu uchun 1 milliard dollar sarflagani aytilmoqda.

Turli manbalar OPeK+ muzokaralari tafsilotlarini ma'lum qildi. Ularda aytilishicha, muzokalarga ko‘ra neft qazib olish hajmi turli bosqichlarda olib boriladi. Masalan, iyun oyidan boshlab dunyo bo‘ylab neft qazib olishning kunlik hamji 10 million barrelga kamaytiriladi. Dekabrdan bu ko‘rsatkich 8 million barrelga yetadi, keyingi yil apreldan kunlik neft qazib olish hajmi hozirgiga qaraganda 6 million barrelga kamayadi. Neft qazib olish hajmini qisqartirish rejasi ikki yilga mo‘ljallangan.

Mavzuga oid