O‘zbekiston | 11:00 / 23.04.2020
5995
5 daqiqa o‘qiladi

12 yillik biznes. Ledokol Group rahbari 2020 yilda reklama bozorida qanday o‘zgarishlar kutilayotgani haqida

Foto: Ledokol Group

23 aprel kuni O‘zbekiston reklama xoldingi - Ledokol Group o‘zining tashkil etilganining 12 yilligini nishonlaydi. Shu munosabati bilan, kompaniya asoschisi va rahbari Dilshod Muzaffarov “yo‘l-yo‘lakay” sanoatning bir nechta savollariga javob berdi.

- Siz 9 yil avval bir intervyuda internet-reklamaga katta ishonch bildirgan edingiz, ishonchingiz o‘z mevalarini berdimi? Hozirgi kundagi holatni qanday baholaysiz?

Ha, biz dastlab internet-reklamaning “pionerlari” bo‘lgan edik va tabiiyki, mijozlar ham bu yo‘nalishga katta ishonch bildirishmagan. Ammo, bu bizni tobora “chiniqtirib” bordi, biz o‘z ishimizni davom ettiraverdik, shartnomalar tuzishdan aslo to‘xtamadik. Hozirda internet-reklamaga bo‘lgan talab bir necha marotaba oshgan vaqtda, yillar davomida orttirilgan tajribadan va yetkazib beruvchilar bilan aloqalarimiz ham xizmat ko‘rsatish, ham narx bo‘yicha eng yaxshi takliflarni taqdim etishda qo‘l kelmoqda.

- Kompaniyaning hozirgi kundagi faoliyati haqida ikki og‘iz so‘z? 

-Ayni paytda LedokolGroup–bu turli xildagi, ya'ni TV, internet, tashqi reklama kabi yo‘nalishlarni o‘zida umumlashtirgan kompaniyalar guruhidir. Shuningdek, inflyuyenser-marketing (Influencer – ijtimoiy tarmoqlar orqali foyda oluvchi shaxs) bo‘yicha alohida yo‘nalish – blogerlar bilan ishlash ham mavjud. Shu bilan birga, biz har yili axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liq bo‘lgan mustaqil loyihalarga ham sarmoya kiritamiz.

- O‘tgan yilgi aylanma ko‘rsatkichlari qanchani tashkil qilmoqda va foiz nisbatiga ko‘ra umumiy miqdor-chi?

- Biz aylanmani biznes samaradorligining ko‘rsatkichi deb hisoblamaymiz, biz uchun rentabellik (marjinallik, foydalilik) asosiy mezon bo‘lib qolmoqda. Daromadli yo‘nalishimizga keladigan bo‘lsak, shubhasiz albatta TV yo‘nalishi yetakchi bo‘lib qolmoqda, lekin internet reklama ham tez o‘sib bormoqda.

- Inqiroz davrida ishlar qanday ketmoqda?

- Karantin ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan ehtiyojning tez o‘sishiga olib keldi, televideniyega bo‘lgan talab keskin ortdi va internetdan ham tez-tez foydalanilmoqda. Yirik reklama beruvchilar ayni damda brend haqidagi bilimlarni oshirish uchun omadli vaqt ekanini anglab yetishdi va reklamaga faol ravishda sarmoya kiritishga harakat qilishmoqda. Boshqa bir tomondan esa “yangi mijozlar”ning soni tushib ketayotganini ham kuzatmoqdamiz, ammo bu vaqtinchalik deb o‘ylayman va buni yengib o‘tish lozim. Har qanday holatda ham biz odatdagidek tartibda ishlamoqdamiz va aslo chekinmaymiz ham.

Karantindan so‘ng qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

- Biz, birinchi navbatda, boshqa ommaviy axborot vositalaridan budjetlarning harakati va onlayn video (OLV) hajmining ortishi hisobiga internet reklamaning sezilarli o‘sishini kutmoqdamiz. Qamrab olish va aloqa uchun qiymati jihatidan TV yana bir necha yillar davomida yetakchi bo‘lib qolaveradi. Tashqi reklama va radioda yaqin bir-ikki oy ichida sarmoyalarining sezilarli darajada pasayishi sezilmoqda, lekin inqirozgacha bo‘lgan darajasini qayta tiklab oladi.

- 12 yil – qaysi xususiyatlar sizga yuqori cho‘qqilarga erishishga va o‘z o‘rningizni egallashga yordam berdi?

- Faollik, xizmat ko‘rsatish va doimiy rivojlanish. Jamoani to‘g‘ri ruhlantira bilish.

- Bu yil reklama bozori uchun nima tilaklar bildirasiz?

- Umumiy muammolar oldida uyushqoqlikni. Bir-biri bilan muzokara olib bora oladigan va hamkorlik qila oladigan, umumiy o‘sish uchun shart-sharoit yarata olganlar g‘alaba qozonadi. Ko‘p yillardan buyon aynan shu mezonlar asosida dunyoda biznes yaratilmoqda. Bu narsani qanchalik tez anglab yetsak, hamma uchun shunchalik yaxshi bo‘ladi. 

Mavzuga oid