Jahon | 11:12 / 30.04.2020
59534
9 daqiqa o‘qiladi

MH17 ishi. Rossiya federal xavfsizlik xizmati generali asosiy gumondor bo‘lmoqda

Bundan salkam 6 yil avval Ukraina sharqidagi Donetsk viloyati osmonida Malaysia Airlines aviakompaniyasining MH17 reysi bilan uchayotgan Boeing-777 samolyoti halokatga uchragandi. O‘shanda bu hududda Ukraina armiyasi va o‘zlarini DNR (Donetsk xalq respublikasi) deb atagan ayirmachilar o‘rtasida qaqshatqich janglar davom etayotgan edi.

Foto: Antonio Bronic / Reuters

Halokat oqibatida samolyot bortida bo‘lgan 298 nafar odamning hammasi halok bo‘lgandi. Halokatni o‘rganish uchun bir necha davlat vakillaridan iborat xalqaro surishtiruv guruhi tuziladi. 2019 yil guruh o‘z surishtiruvlarini tugatib, ishni ko‘rib chiqish uchun xalqaro sudga taqdim etadi. 2020 yil mart oyida sud jarayonlari boshlandi.

Yaqinda ushbu halokatga aloqador yana bir tafsilot oshkor qilindi. Unga ko‘ra, Rossiya federal xavfsizlik xizmati generallaridan biri Boeing MH17 halokatiga aloqador bo‘lgan. BBC rus xizmati bu ayblovga tegishli tafsilotlarni e'lon qildi.

Asosiy gumondor – general-polkovnik

Andrey Burlak
Foto: Baikal24.ru

BBC o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, «Vladimir Ivanovich» taxallusi bilan atalgan shaxs aslida Rossiya federal xavfsizlik xizmati generali Andrey Burlak bo‘lib, u 2014 yilda Ukraina sharqida urib tushirilgan Malayziyaga tegishli Boeing MH17 samolyoti halokatida asosiy ishni bajargan.

Buyuk Britaniya nashri ushbu xulosani aviahalokat bo‘yicha surishtiruv ishlarini olib borgan xalqaro surishtiruv guruhi materiallari, BBC teleradiokompaniyasining shaxsiy tekshiruvlari, shuningdek, Bellingcat tergov guruhi va The Insider nashri xulosalariga tayanib chiqargan.

Andrey Ivanovich Burlak – Rossiya FXX chegara xizmati boshlig‘i Vladimir Kulishovning o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi hisoblanadi. U bu lavozimda 2014 yil iyul oyida, ya'ni Boeing MH17 halokatga uchragan paytda ham ishlagan. Qizig‘i, 2014 yilga qadar Andrey Burlak general-leytenant bo‘lgan, Boeing MH17 urib tushirilgach esa general-polkovnik unvonini olgan.

Donetsk xalq respublikasi rahbarlari 2014-2015 yillarda Burlak bilan muntazam aloqada bo‘lgan

Ma'lum bo‘lishicha, o‘sha paytda «Vladimir Ivanovich» nomli shaxs bilan Donetsk xalq respublikasi (DXR)ning birinchi rahbari Aleksandr Boroday, o‘sha paytdagi Mudofaa vaziri Igor Strelkov (Girkin) va ayirmachilar safidagi yana ko‘plab yuqori lavozimli harbiylar telefon orqali aloqa qilib turgan. BBC surishtiruvlarida ma'lum qilinishicha, telefon suhbatlarida general «Vladimir Ivanovich» Ukraina sharqidagi ayirmachilar olib borgan barcha operatsiyalarning rahbari deb ataladi.

Ta'kidlanishicha, u «Moskvadan kelgan katta qo‘mondon» bo‘lgan va Ukraina sharqidagi ayirmachilarning harakatlarini muvofiqlashtirib, Donbassga og‘ir qurollarni yetkazib berishni tashkillashtirgan. Bu shaxs Boeing MH17 halokati bilan bog‘liq bo‘lgan eng yuqori darajadagi Rossiya rasmiysi deb taxmin qilinmoqda.

2014-2015 yillarda Andrey Burlak Rostovga tez-tez borib turgan

BBC tomonidan nashr etilgan surishtiruv mualliflarining tasdiqlashicha, 2014 yil general Andrey Burlak Rostov-Don shahriga kamida uch marta borgan va bu yerdan DXR va LXR ayirmachilari safida jang qilishni xohlagan rossiyalik ko‘ngillilarning Ukraina sharqiga o‘tishini tashkillashtirgan.

Surishtiruvda yozilishicha, uning Moskvadan Rostov-Don shahriga qilgan safarlari haqidagi ma'lumotlar «Qidiruv-Magistral» tizimidan o‘chirilgan, ammo BBC manbalari foydalana olgan arxivda saqlanib qolgan.

Burlakning Rostov-Don shahriga qilgan safarlaridan biri 2014 yil aprel oyida ayirmachilar qo‘mondoni Igor Strelkov boshchiligidagi otryad Ukraina va Rossiya chegaralarini kesib o‘tib, Slavyansk shahrini bosib olganidan bir necha kun o‘tib amalga oshirilgan. Burlakning Rossiya janubiy-g‘arbiga yana bir safari esa aynan Boeing MH17 halokati sodir bo‘lgan kunlarda amalga oshirilgan. Surishtiruv mualliflari buni aslo tasodif deb hisoblamaydi. Ularning fikricha, Slavyansk shahrini egallashda, shuningdek, Boeing MH17 urib tushirilishi bo‘yicha operatsiyalarga ham aynan Andrey Burlak boshchilik qilgan.

Ekspertiza «kurator»ning shaxsini tasdiqlay olmadi

Foto: REUTERS

Andrey Burlak va «Vladimir Ivanovich» bir odamligini isbotlash uchun ovozlarni ekspertiza qilish mutaxassislariga murojaat qilindi. Ular mutaxassislarga Donbassda bo‘lib o‘tgan muzokaralar audioyozuvlarini va generalning OAVga bergan ikki intervyusi disklarini topshirishadi.

The Insider jurnalistlari, Burlakning taqqoslash uchun zarur bo‘lgan ovozi yozuvini «Zvezda» telekanalida ko‘rsatilgan lavhalardan biridan topganlarini ma'lum qilishgan. Jurnalistlarda qidiruv tizimi orqali topilgan Andrey Burlakning boshqa bir dasturda ishtirok etganida tushirilgan skrinshot bor edi. Ular o‘sha skrinshotdan foydalanib Burlakning ovozi yozilgan lavhani o‘xshash tasvirlarni qidirish funksiyasi orqali topishadi.

The Insider nashri ekspertlariga ko‘ra, «Vladimir Ivanovich» va Andrey Burlak bir odam: ikkala shaxsning ovozlari 94 foiz mos kelgan. Shu bilan birga, BBC rus xizmati tomonidan bu ishga jalb qilingan mutaxassis aniq bir xulosaga kelmagan. Ovozlarni o‘rganuvchi mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Andrey Burlak va «Vladimir Ivanovich»ning ovozida nafaqat o‘xshashliklar, balki oz bo‘lsa ham farq bor.

The Insider «kurator»ning shaxsini tasdiqlovchi boshqa ma'lumotlarga ishora qiladi: bu Burlakning DXR rahbarlari bilan Viber messenjeri orqali amalga oshirgan yozishmalari va bu shaxslarning mos kelishini tasdiqlovchi «DXRdan olingan hujjatlar».

Yangi ma'lumotlar aviahalokat sabablarini surishtirishga ta'sir qilishi mumkin

Boeing MH17 halokati bo‘yicha sud jarayoni joriy yil 9 martda boshlandi. Ushbu ishni ko‘rib chiqish uchun bir necha sudya tayinlandi. Sud ishi jarayonida prokuratura ushbu ish bo‘yicha yangi ayblanuvchilarni e'lon qilishi ham mumkin. Prokuratura samolyot Ukraina sharqidan uchirilgan Rossiyaning «Buk» raketasi bilan urib tushirilgan deb hisoblamoqda.

Yuqorida ta'kidlanganidek, prokuratura Rossiyaning ushbu aviahalokatga aloqadorligi to‘g‘risida dalillar keltirgan. Endi «Vladimir Ivanovich» kim bo‘lganini aniqlash sud ishi surishtiruvlarida muhim qadam bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro surishtiruvchilar guruhi 2019 yil iyun oyida Boeing MH17 urib tushirilishida rossiyaliklar Igor Girkin (Strelkov), Oleg Pulatov, Sergey Dubinskiy va ukrainalik Leonid Xarchenkoga nisbatan ayblov e'lon qilgan edi.

Rossiya bu halokatda ishtiroki borligini tan olmaydi

Ukraina nashrlarining xabar berishicha, samolyot xalqaro yo‘lak bo‘ylab 10 ming metr balandlikda uchayotganda u bilan aloqa uzilgan. Samolyot qulab tushganidan so‘ng ma'lum bo‘ldiki, u shunchaki halokatga uchramagan, raketa yordamida urib tushirilgan.

O‘sha paytda Ukraina sharqida Rossiya yordamida qurollangani aytiladigan ayirmachi to‘dalar bilan Ukraina armiyasi o‘rtasida qaqshatqich janglar ketayotgan edi. Halokat sodir bo‘lganidan so‘ng Rossiya, shuningdek uning qo‘llovi bilan ayirmachilik harakatlari sodir etayotgan DXR rahbariyati samolyot urib tushirilishida Ukraina tomonini ayblab chiqdi. Ukraina esa Rossiyani aybladi. Shundan so‘ng, Avstraliya, Belgiya, Malayziya, Niderlandiya va Ukraina vakillaridan iborat surishtiruv guruhi tuzildi. Ushbu guruh xulosasi 2019 yilda yakunlandi va ish xalqaro sudga taqdim etildi.

Xulosada samolyotni Rossiya yordamida Ukraina sharqidagi ayirmachilar urib tushirgani ma'lum qilingan. Ammo Rossiya bu aviahalokatda ishtiroki borligini rad etib keladi. Endi hammasi sudda aniq bo‘ladi.

Boeing MH17 halokatiga xalqaro hamjamiyatning munosabati

Ushbu halokat sodir etilganiga yaqinda 6 yil to‘ladi. Shu yillar orasida ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar Rossiya tomonidan ushbu aviahalokat bo‘yicha aybdorlarni aniqlash va ularni xalqaro sudga topshirishni so‘rab keladi. Jumladan Yevropa Ittifoqi, NATO, AQSh, shuningdek ushbu halokat bo‘yicha surishtiruv olib borayotgan xalqaro guruhlar bu ishda Rossiyaning ishtiroki borligini ta'kidlab, Rossiyadan bu ishda ishtirok etganlarni xalqaro sudga topshirish, Malayziya hukumatiga hamda samolyot bortida bo‘lgan yo‘lovchilarning yaqinlariga tovon puli to‘lashini so‘rab kelishmoqda.

Agar sud ishida halokatda aybdor deb topilgandan keyin ham Rossiya o‘z aybini tan olmasa, jabrlanganlarga mamlakatning Yevropadagi aktivlarini musodara qilish orqali tovon puli undirib berilishi mumkin.

Mavzuga oid