Jamiyat | 12:50 / 15.05.2020
91548
21 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida ishini yo‘qotgan bog‘cha mudirasi o‘z joniga qasd qildi. Uning xodimlari va rahbarlari nima deydi?

4 may kuni Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi 11-maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi  Gulchehraxon Xo‘jaqulova yashash xonadonida o‘zini osgan. Oila a'zolari uni qutqarib qolishga ulgurishgan va u ayni paytda kasalxonada hushsiz holda qolmoqda.

Kun.uz muxbirlari hodisa sabablari bilan qiziqib, uning hamkasblari, oila a'zolari, shifokor, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi hamda tuman prokuraturasi vakilidan izoh oldi.

Hamkasblari nima deydi?

Gulchehraxon Xo‘jaqulova 30 yildan beri ishlab kelayotgan 11-MTM tumanning Xo‘jaobod qishlog‘ida joylashgan. Muassasa xodimalaridan biri o‘z rahbari qurilish ishlari tufayli sog‘ligini yo‘qotgani haqida gapirdi.

 «Bog‘chamiz binosi 2019 yili rekonstruksiyaga tushib, aprel oyidan qurilish ishlari boshlangan edi. Orada ozgina uzilish bo‘ldi va yana davom etdi. Mening fikrimcha, mudiramiz shu qurilish tufayli sog‘ligini yo‘qotdi.

Noyabr oyida bog‘chamizda qurilish ishlari tugab, foydalanishga topshirilishi kerak edi. Lekin qilingan ishlar mudiramizning ko‘nglidagidek bo‘lmadi. Unga binoning tashqi ko‘rinishi va ichidagi kamchiliklar yoqmadi. Ayniqsa, o‘yin maydoni va basseynning chiqib-tushish zinapoyasi qilinmagan edi. Ikkinchi qavatda kanalizatsiya tizimi ishlamadi. Xonalardagi pollar talabga javob bermas edi. Opa noyabr oyigacha juda yaxshi yurgan edi. O‘shandan keyin sog‘ligini yo‘qota boshladi.

Menga shu qurilish ishlari bo‘yicha gap eshitayotganini aytib, yig‘lagan ham edi. O‘zi bog‘chamiz 1973 yilda qurilgan. Eskirib ketgandi», deydi MTM hamshirasi Nazira G‘afforova.

Ma'lum bo‘lishicha, G.Xo‘jaqulova qurilish ishlaridagi kamchiliklar tufayli quruvchilar boshlig‘i bilan tortishgan ekan.

«26 noyabr kuni hushidan ketib qolibdi, deb eshitdik. Keyingi kuni ishga chiqmadi. Yanvar oyida bog‘chamizning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Lekin kamchiliklar bor edi. Mudiramiz «kamchiliklarni to‘g‘rilab berasizlar, keyin imzo chekaman», degan edi. Kasal bo‘lgan kunlarida imzo chektirishdi.

 Eng asosiy kamchiliklardan biri bu ishlatish uchun suv ta'minoti chatoq. Tasavvur qiling, bog‘chaning suv tizimi qishloqnikiga ulangan. Ertalab bir soat suv beriladi. O‘sha paytda biz idishlarni, «baklajka»larni suvga to‘ldirib olamiz. Lekin suv bizga kun davomida kerak-ku? Bolalar plastilin bilan ishlaydi, ko‘chada o‘ynaydi. Chiroyli sanuzellar qilingani bilan suv bo‘lmasa nima foydasi bor?

 Xonalarni isitish uchun qilingan «Issiq pol» nobop kabellardan montaj qilingan ekan. Simlari erib ketyapti. Isitish tarmog‘iga suv aylantirganda, hamma xonalarga suv toshib ketgan. Pol yog‘ochlarimiz ko‘tarilib ketdi. Devorlarga chiqqani uchun nurab ketyapti. Yuqori qavatdagi kanalizatsiyani ishlatsak, suv oqib ketadi. Opa kamchiliklarni to‘g‘rilataman deb harakat qildi», deydi o‘rta guruh tarbiyachisi Zamiraxon Qobilova.

 Tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi Sayyora Xonkeldiyeva mudira ishdan ketishini aytgan.

 «Quruvchilar, mudira o‘z joniga suiqasd qilganidan keyin ikki kun ichida basseynni va binoning tushib ketgan joylarini to‘g‘rilashga urinishdi. Men mudiramizning bog‘cha loyihada ko‘rsatilganidek sifatda ta'mirlanmagani uchun diqqat bo‘lib, og‘rib qoldi deb o‘yladim. Haqiqatan ham oriyatli ayol edi. Birga yaxshi ishlardik. Shu ishlar boshlangandan keyin bruschatkalarni o‘rnatishni ham yakuniga yetkazishdi. Simlarni ulab berishdi, lekin yana uchqun chiqib, yonib ketdi. Shpaklyovka qilishdi, lekin oxiriga yetkazishgani yo‘q.

 O‘tgan yili 27 noyabr kuni tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi Sayyora Xonkeldiyeva kelib ota-onalarga yig‘ilish o‘tkazdi. Bog‘cha mudirasi ishtirokisiz o‘tkazilgan yig‘ilishda Sayyora Xonkeldiyeva «Gulchehraxon Xo‘jaqulovani mudira bo‘lib ishlash-ishlamasligini men hal qilaman», dedi. Bu gap ota-onalar va bog‘cha xodimlariga yoqmadi. Sababi, bog‘cha shu darajaga kelishida mudiraning o‘rni katta edi. Ota-onalardan biri bog‘cha mudiramiz o‘z joyida qolsin, deb ham aytdi. Lekin ishga qo‘yishmadi. Ochilish marosimi o‘tkazildi. Bog‘cha mudiramiz o‘z hisobidan ta'tilga chiqdi. Ta'til vaqti tugab, ishga qaytaman deganda, MTM bo‘lim boshlig‘i tomonidan lavozimga qayta qo‘yilmadi. O‘rniga Musmiraxon Tolipovani vaqtinchalik mudira etib tayinlab ketdi», deydi yordamchi tarbiyachi Zuhraxon Mo‘minova.       

Bog‘cha hamshirasi mudira ishga qaytishga uringani haqida eslaydi.

«13 aprel kuni mudiramiz qizi bilan bog‘chaga keldi. Sog‘ligi ancha yaxshi edi. Ishga qaytishini aytdi. Bo‘lim mudirasiga qaytganim haqida aytib qo‘yishim kerak deb, tashqariga chiqib qo‘ng‘iroq qildi. O‘sha payt biz telefondagi suhbatni eshitib qoldik. Mudiramiz «Men o‘z ishimga qaytaman, nafaqaga chiqishimga bir yil qoldi», dedi. Ertalab yana bog‘chaga keldi. Biz mudiramiz o‘z joyida qolishini so‘rab, Sayyora Xonkeldiyeva nomiga bildirishnoma yozdik. Shu vaqtda MTM bo‘limidan telefon bo‘ldi va uni chaqirtirishdi. Bo‘limga borib, gaplashib keldi. Mudira bilan telefon orqali bog‘langanimda, «ishimni kadrlar bo‘limi boshlig‘i Tolibjon hal qilar ekan», dedi.

 Opa qurilishni qabul qilish hujjatlariga kamchiliklar borligi uchun imzo chekmay yurgan edi. Kasal bo‘lib uyda davolanayotgan paytda, noyabr oyining oxiri yo dekabr oyining boshida imzo chektirishdi. Ishini juda yaxshi ko‘rgani, oilasidan ham ustun ko‘rgani uchun ishdan ketgani ruhiyatiga qattiq ta'sir qildi», deydi MTM hamshirasi Nazira G‘afforova.

Quruvchi tashkilot rahbari va binoni qabul qilib olgan rasmiy fikri

11-MTMda mukammal ta'mirlash ishlarini olib borgan «Milano qurilish» MChJ ijrochi rahbari Zafarjon Rasulov bilan suhbatlashdik.

«2019 yil dasturga tushgan shu bog‘chada mukammal ta'mirlash ishlarini olib borganmiz. Noyabr oyi oxirida shartnoma muddati bo‘yicha o‘z vaqtida kamchiliklarsiz topshirdik. Buyurtmachi dastavval viloyat hokimligi qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» bo‘lgan edi. Keyinchalik viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasining qurilish bo‘limi tashkil bo‘lgani uchun ishlar shularning nazoratida yakunlandi.

 Bog‘cha mudirasi bilan hech qanday tortishuvlar bo‘lmagan. Qurilish davomida 4-5 marta ko‘rishganmiz, xolos. To‘g‘ri, ish jarayonida kamchiliklar bo‘lgan. Lekin sinov davrida hech qanday kamchilik bo‘lmagan. Kamchiliklar yuzaga kelgan bo‘lsa ham bartaraf etib keldik. Hozir karantin davri bo‘lgani uchun barcha muassasalar yopilgan. Bu obekt yangi, shamollatib turilishi kerak. Shu 2 oy nazoratdan chetda qolgan deb o‘ylab, kecha kelib, kamchiliklarni yana bir bor to‘g‘riladik. Kafolat muddatining yarmi o‘tib bo‘ldi. Bizning nazoratimizda bo‘lishi kerak. Jami 4 milliard 10 million so‘mlik ish bajarilgan. Pulning 95 foizi tushgan. Qolgan 5 foizi kafolat muddati tugagandan so‘ng beriladi. Maxsus ishchi guruh tomonidan tekshirilib, nazoratdan o‘tkazilgandan so‘ng 5 foiz miqdordagi pulni berishadi», deydi u.

 Binoni foydalanish uchun qabul qilishga mas'ul bo‘lgan «Infratuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUK Andijon filiali muhandisi Sultonbek Egamberdiyev bilan ham suhbatlashdik.

«2019 yilning 28 dekabr kuni muassasa Davlat qabul komissiyasining dalolatnomasiga asosan foydalanishga topshirilgan. Bino qurilishida katta kamchiliklar yo‘q edi. Qaysidir xonaning suvog‘i ko‘chgani yoki suv havzasidagi kamchiliklarni bir yillik kafolatli muddat davomida oxiriga yetkazib berilyapti. Gulchehra Xo‘jaqulova qurilish ishlari davomida juda qattiq harakat qildi. Jarayonni kuzatib bordi. Lekin bog‘cha mudirasi va quruvchilar o‘rtasida tortishuvli holatlar bo‘lmagan», deydi u. 

 «So‘nggi vaqtlarda siqilib yurgan edi»

Gulchehra Xo‘jamqulova xonadonida bo‘lib, onasi Mamlakatxon Xo‘jaqulova va opasi Anorxon Mamajonova bilan suhbatlashdik.

Onasining aytishicha, qizi so‘nggi paytlarda ishida rosa ko‘p muammolarga duch kelgani, tumandagi boshlig‘i bilan kelisha olmay qolgan ekan. Opasi esa singlisi tuman mudiri Sayyora Xonkeldiyeva ko‘p marta qattiq gapirgani uchun qiynalgani, uni qurilishni qabul qilish hujjatiga qo‘l qo‘yishga majburlashganini aytdi.

 «Singlim tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi bilan chiqishib keta olmadi. U singlimga, bog‘chaning kamchiliklari uning bo‘ynida ekanini aytgan ekan. Shu gaplar ta'sir qildi. Ruhiy holati yomonligidan bittagina farzandi va ota-onam ham ko‘ziga ko‘rinmay qoldi. Hammamizning qaddimizni bukib qo‘ydi. Necha oy kasal bo‘lib yotgan bo‘lsa, o‘rniga kelgan mudira yoki rahbari ahvolini so‘rab kelmadi. Endi o‘lar holatida jon talashib yotganda ikki marta kelibdi. Rahbar shunday bo‘ladimi?», deydi opasi Onarxon Mamajonova.

Gulchehra Xo‘jaqulovaning qizi Ziyodaxon Mamajonova 14 aprel kuni onasi bilan tuman Maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi Sayyora Xonkeldiyevaning oldiga borganini aytdi. U onasiga ishga qaytish uchun ariza yozdirishgani va uning ishga qaytishi masalasini Andijon viloyat maktabgacha ta'lim muassasalari boshqarmasi boshlig‘i Muqaddas Abdullayeva hal qilishini bildirishgan. Qizi onasi bilan 11-bog‘chaga borganida onasiga vaqtincha mudira bo‘lib turgan Musmira Tolipova «siz tarbiyachi bo‘lib ishga qaytar ekansiz», degani, shundan so‘ng onasining ruhiy holati o‘zgarganini aytdi.

Ukasi Avazbek Xojiqulov esa unga Sayyora Xonkeldiyeva qo‘ng‘iroq qilgani va opasining ishga qaytishi masalasi karantin davri tugaganidan so‘ng viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan hal qilinishini aytganini bildirdi.

Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida

 Baliqchi tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi shifokori ham holat bo‘yicha izoh berdi.

 «Xo‘jaobod qishlog‘ida yashovchi 1967 yilda tug‘ilgan bemor Gulchehraxon Xo‘jaqulovani 4 may kuni olib kelishdi. Kelgan paytda bemorning holati og‘ir edi. Tashxisi - mexanik asfiksiya. Nafas yetishmovchiligining og‘ir darajasi bilan reanimatsiya bo‘limiga joylashtirildi. Birinchi yordam ko‘rsatilib, sun'iy o‘pka ventilyatsiya apparatiga ulandi. Ayni paytda holati og‘ir. Barcha reanimatsion muolajalar davom etyapti. Hushiga kelgani yo‘q», deydi Chinobod shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi reanimatologi Ahrorbek Ostanaqulov.

 Tuman mudirasi nima deydi?

Baliqchi tuman Maktabgacha ta'lim bo‘limiga borib, mudira Sayyoraxon Xonkeldiyeva bilan bog‘cha mudirasi ishi bo‘yicha gaplashdik.

 «11-maktabgacha ta'lim tashkiloti mudirasi bilan bog‘liq voqea bizni qayg‘uga soldi. Ushbu bog‘cha mudirasi Gulchehraxon Xo‘jaqulova bir necha yildan beri shu sohada faoliyat ko‘rsatgan, uni faoliyati davomida katta mas'uliyati, mehr-muhabbatini o‘z ishiga baxshida qilgan, tartibli, qalbi toza inson deb bilaman.

 Lekin Gulchehra opa faoliyatim davrida men bilan ko‘p ishlamadi. Men oktabr oyida ish boshlagan bo‘lsam, opa saylov uchastkasi a'zosi bo‘lgan va vazifasidan vaqtincha ozod qilingan edi. Ana shu davrda ishga qaytmagan. Sog‘ligi, ya'ni markaziy nerv tizimi shikastlanishi bilan bog‘liq tashxislari bor. Kasallik ta'tili tugagandan so‘ng, yana sog‘ligi yaxshi emasligini aytib, mehnat ta'tili uchun yozma ariza bilan murojaat qilgan edi.

 Unga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda ta'til berilgan va buyruqlar bilan rasmiylashtirilgan. Xo‘jaqulovaning mehnat ta'tili tugagan, lekin sog‘ligi bo‘yicha muammolarini ko‘rsatib, o‘z hisobidan 11 mart kuni yana mehnat ta'tiliga chiqish uchun ariza bilan murojaat qildi.

Arizasi qanoatlantirilib, belgilangan tartibda 35 kunlik mehnat ta'tilidan so‘ng o‘z hisobidan ta'til berildi. Mehnat ta'tili tugagandan so‘ng, mudira maktabgacha ta'lim bo‘limiga qizi bilan birga tashrif buyurdi. Men o‘z xonamda kadrlar bo‘limi boshlig‘i Nabijon va ish yurituvchi Nilufar bilan birga qabul qilganmiz. Sog‘ligi holatini so‘rab, opaga dalda bergandik. O‘zini qo‘lga olishi, birgina farzandi uchun o‘zida kuch to‘plashi va sog‘ligini yanada ehtiyot qilishi kerakligini aytib, motivatsiya berdik. Men ishga qaytish to‘g‘risidagi arizasini shu kunning o‘zida yozib qoldirishi mumkinligini aytgandim. Gulchehra opa ariza qoldirgan. Maktabgacha ta'lim bo‘limining bir necha xodimlari guvohligida ishga qaytarishimiz to‘g‘risida ariza bergan. Xo‘jaqulovani arizasiga asosan ishga qaytardim. Buyruqlari bor.

14 aprel kuni karantin bo‘lishiga qaramasdan Gulchehra opa mehnat jamoasini to‘plagan va mehnat ta'tilidan qaytganini e'lon qilgan. Suratlar va dalillar bor. Ertasiga ham ma'lum bir vaqt bog‘chada bo‘lgan. 15 aprel kuni ham bog‘chada bo‘lgani haqida videotasvirlar bor. Keyin 2 kun vazifasini bajargani chiqmagan.

 Sog‘ligida yaxshi holatlarni kuzatmaganim uchun Gulchehra opaning ukasi Avazbek Xo‘jaqulovning telefon raqamini topdik. 18 aprel kuni ukasi bilan opaning holati bo‘yicha gaplashdim. Hozir karantin davri ekanligi, bu davr o‘tib ketgandan so‘ng o‘z faoliyatini qoniqarli davom ettirib ketishi bo‘yicha suhbatlashdim. Ukasi rozi bo‘lib, juda xursand bo‘lgan edi. Mayli, opamni o‘z ishiga tiklasangiz, degan edi. Gap-so‘zlar va tushunmovchiliklar bo‘lganini, go‘yoki biz ishdan bo‘shatganday, o‘rniga vazirlikdan kimningdir buyrug‘ini chiqargan kabi shov-shuvlar yetib kelganini aytdim. Ayni paytda maktabgacha ta'lim tashkiloti mudirasi sifatida turgani va bu lavozimdan bo‘shatish mening vakolatim emasligini aytganimdan keyin minnatdorchilik bildirdi.

 Gulchehraxon Xo‘jaqulova hozirda ham 11-maktabgacha ta'lim tashkiloti mudirasi lavozimida turibdi. Mehnat daftarchasini ilova qilishim yoki maktabgacha ta'lim bo‘limining hisobxonasidan istalgan hujjatni taqdim qilishim mumkin. Lekin, u yerda binoning qurilishi bilan bog‘liq qandaydir bo‘hton, uydirma va tuhmatlar kimlardir tomonidan shakllantirilyapti. Ayni vaqtda men ham shu uydirmalarni uyushtirayotgan odamlarning belgilangan qonun talablari asosida jazoga tortilishini so‘rab qolaman. Men lavozimga kelgan paytimda, bog‘cha binosining qurilishi to‘la yakuniy holatga kelgan edi. Sababi, davlatning juda katta mablag‘i sarflanayotganini kuzatganman.

 Quruvchini chaqirib, ishlar yakunlanish arafasida bo‘lsa-da, ba'zi bir kamchiliklar va nuqsonlar borligini aniqlaganmiz. Bularni bartaraf etishni quruvchidan talab qilganmiz.

 Bog‘chani qabul qilish jarayonida biz to‘g‘ridan to‘g‘ri hech qanday hujjatlarsiz qabul qilmaganmiz. Kerakli tashkilotlar bilan dalolatnomalar tuzilgan. Qisman kamchiliklari bo‘lgan, lekin qish fasli bo‘lgani uchun bolalarni olib kirganmiz. Qabul qilib olishda Gulchehra opaga bosim o‘tkazilgan deb, menga qo‘yilgan aybga qat'iy isbot talab qilaman. Shunaqa ko‘rsatma berayotganlar isbot va dalillari bilan ko‘rsatishini so‘rayman. Sababi, Gulchehra opa qurilish jarayonida bo‘lmagan. U paytda kasallik va mehnat ta'tilida bo‘lgan. Bosim o‘tkazilishiga kelsak, aksincha, imzo chekib yubormaslik haqida ko‘rsatma berganman. Bog‘chaning kamchiliklari borligini aytganman. O‘tgan kuni maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari va boshqarma boshlig‘i M.Abdullayeva bilan birgalikda kelib o‘rganilganda, hamshira aytdiki, «Gulchehra opa telefonda Sayyora Xonkeldiyeva aytyapti, imzo chekib beramiz ekan», degan. Shuning uchun, men muhr urib berganman deyapti. Bu masalaga oydinlik kiritish uchun surishtirganimizda quruvchi aytdiki, qo‘ng‘iroq qilganda men mudiraning yonida bo‘lganman. Kasal edi. Qurilish bo‘yicha mutaxassisi mudiraga qo‘ng‘iroq qilib, kamchiliklarni aniqladik, dalolatnomalar tuzildi va kafolat xatlari olindi. Ba'zi bir kichik kamchiliklar bor. Agarda o‘zingizga lozim topsangiz, imzo chekib berishingiz mumkin degan ekan. Chunki, men unday deya olmasdim. Bog‘cha meniki. Kamchiliklarsiz unga imzo chektirish degani bu – men qandaydir quruvchidan manfaatdorman degan fikr kelib chiqyapti. Murojaatchilar bu aybni mening bo‘ynimga qo‘yishga harakat qilishmoqda.

 Bog‘cha qurilishi bilan bog‘liq muammolarga keladigan bo‘lsak, men tajribalarimdan kelib chiqib, ko‘zim bilan ko‘rgan kamchiliklarni tepasida turib bartaraf etishga muvaffaq bo‘lganman. Men maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari sifatida binodan chiqqan kamchiliklarni hech qachon oqlamayman. Xursand bo‘lyapman. Qaysidir ma'noda bu ham yaxshilikkadir. Ko‘pchilik kelib shu qurilishni o‘rganmoqda. Qayeridadir kattadir, kichikdir muammolar aniqlanyapti», deydi Sayyoraxon Xonkeldiyeva.

 Voqeani prokuratura o‘rganmoqda

Gulchehra Xo‘jaqulovaning o‘z joniga suiqasd qilgani holati yuzasidan Baliqchi tuman prokuraturasi xodimi izoh berdi.

 «Prokuratura organlari tomonidan 11-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi lavozimida ishlagan Gulchehra Xo‘jaqulovaning o‘z joniga suiqasd qilgani holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshirish jarayonida hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, guvohlardan tushuntirish xati olingan holda sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Shuningdek, hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan qurilish ishlaridagi kamchiliklar yuzasidan soha mutaxassislari jalb qilingan holda, nazorat o‘lchov ishlari amalga oshirilmoqda.

 Bundan tashqari, Xo‘jaqulovaning o‘z joniga suiqasd qilishiga olib kelgan sabablarini aniqlash maqsadida viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi hamda tuman hokimligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan. Tekshiruv natijalari yuzasidan taraflarning barcha vajlari o‘rganilgan holda qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi», deydi Baliqchi tuman prokuraturasi tergovchisi Behzod Raimqulov.

 O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, Gulchehra Xo‘jaqulova bilan bog‘liq hodisa tasodifga o‘xshamaydi. Juda katta mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilganiga hech qancha vaqt bo‘lmagan bog‘cha binosidagi kamchiliklar, mudiraning lavozimida qolishi yoki qolmasligiga oid masala hamda uning o‘z joniga suiqasd qilishi hodisalari orasida qandaydir bog‘liqlik borligiga ishora qilmoqda. Bularning barchasiga tuman prokuraturasi o‘tkazayotgan tekshirishlar yakuniga ko‘ra aniqlik kiritilsa ajab emas. Kuzatishda davom etamiz.

 Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov
Tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid