Jahon | 17:34 / 20.05.2020
100619
5 daqiqa o‘qiladi

AQShda ikkita damba buzilib ketdi: ro‘y bergan toshqin shtat tarixidagi eng yirigi bo‘lishi mumkin

19 may oqshomida, bir necha kunlik kuchli yog‘ingarchilikdan so‘ng AQShning Michigan shtatidagi ikkita damba buzilishi oqibatida toshqin ro‘y berib, 10 mingdan ziyod aholi evakuatsiya qilindi.

Edenvill dambasi / Foto: Ryan Kaleto via WEYI

Toshqin kuzatilayotgan Midlend okrugida favqulodda holat e'lon qilingan.

CNN telekanali xabariga ko‘ra, 10 mingdan ortiq kishi shoshilinch evakuatsiya qilingan, 3500dan ortiq xonadon suv ostida qolgan.

Rasmiylar jarohat olganlar yoki qurbonlar haqida hozircha ma'lumot kelib tushmaganini aytmoqda.

Edenvill dambasi
Foto: Ryan Kaleto via REUTERS

Michigan shtati gubernatori Gretxen Uitmerning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda hududda kuzatilayotgan kuchli yomg‘ir oqibatida Tittabavassi daryosi o‘zanining ko‘tarilishiga Edenvill va Senford dambalari dosh bera olmagan.

«Kelgusi 12-15 soat ichida Midlend shahrini taxminan 9 fut (2,7 metr – tahr.) balandlikda suv bosishi mumkin. Biz shtat uchun tarixiy ko‘lamdagi yirik toshqin ro‘y berishini taxmin qilyapmiz», – degan gubernator ofatdan so‘ng bir necha soat ichida tashkil etilgan matbuot anjumanida.

Senford dambasi
Foto: TC VORTEX  via REUTERS

Shtat rahbari Tittabavassi daryosining ham sharqiy, ham g‘arbiy qismlarida yashovchi aholini iloji boricha yuqoriroq hududlarga ko‘chib o‘tishga undagan.

«Iltimos, ikkilanib o‘tirmang. Shtatning boshqa hududida yashaydigan qarindoshingiz yoki boshqa yaqinlaringiz bo‘lsa, hoziroq o‘sha yerga yo‘l oling. Agar bunday yaqinlaringiz bo‘lmasa, okrug bo‘ylab tashkil etilayotgan boshpana manzilgohlariga ko‘chib o‘ting», – degan Gretxen Uitmer.

Evakuatsiya ishlariga Milliy gvardiya xizmatchilari jalb etilgan. Vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirilganlardan tibbiy niqobni yechmaslik so‘ralmoqda.

Reuters agentligining xabar berishicha, so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik sababli Michigan shtatidagi Tittabavassi va Rayfl daryolari AQSh Milliy ob-havo xizmati tomonidan «toshqin xavfi yuqori» deya toifalangan bo‘lgan.

USA Today nashri ma'lumotiga ko‘ra, seshanba kuni avvaliga Edenvill, so‘ngra Senford dambalarida ro‘y bergan avariyalardan oldin Tittabavassi daryosining yuqori oqimlaridagi boshqa bir nechta dambalar ham ma'lum darajada buzilgan yoki zarar yetmagan bo‘lsa-da, nazorat qilib bo‘lmas suv toshib chiqishi kuzatilgan.

Associated Press agentligining ma'lum qilishicha, Edenvill dambasi 1924 yilda qurilgan bo‘lib, 2018 yilda o‘tkazilgan taftishda uning holati qoniqarsiz deb baholangan. 1925 yilda barpo etilgan Senford to‘g‘oni esa qoniqarli deya tasniflangan edi. Ikkala damba ham sotuvga qo‘yilishi kutilayotgandi.

Infograf: BBC

Edenvill dambasi ekspluatatsiyasi bilan shug‘ullanib kelgan kompaniya faoliyati talablarga nomuvofiq deb topilgani uchun 2018 yilda litsenziyasidan mahrum etilgan. Federal energiya boshqaruvi komissiyasi dambadan suvni chiqarib yuborish qurilmasi hajmi kichik ekani va mazkur hududda ro‘y berishi ehtimoli bo‘lgan kuchli toshqinlarga dosh bera olmasligini qayd etgan.  

O‘sha yili o‘tkazilgan baholash natijasida Michigan shtatidagi xavflilik darajasi yuqori plotinalardan 19tasi qoniqarsiz yoki yomon ahvolda ekani aniqlangan. Bu xulosa bilan Michigan – 45ta shtat orasida 20-o‘rinda ko‘rsatilgan.

Foto: Kaytie Boomer / AP

Ma'lumot uchun, Michigan – AQShning Kanada bilan chegarasidagi Buyuk ko‘llar yoqasida joylashgan. Shtatning ma'muriy markazi – Midlend okrugi. Okrug aholisi 80 mingga yaqin, shuning yarmi Midlend shahrida yashaydi.

Ayni paytda Michigan AQShda koronavirus qurbonlari soni yuqoriligi bo‘yicha to‘rtinchi shtat bo‘lib turibdi: bu yerda Covid-19`ga chalingan 5 mingdan ortiq kishi vafot etgan. Jami keyslar soni 50 mingdan ziyod, hozirda davolanayotganlar 19 ming nafarni tashkil etadi.

Foto: Kaytie Boomer / AP
Foto: Kaytie Boomer / AP
Foto: Kaytie Boomer / AP
Foto: Kaytie Boomer / AP
Foto: Kaytie Boomer / AP
Foto: Kaytie Boomer / AP
Foto: Kaytie Boomer / AP

 Shu kunlarda Buyuk ko‘llar mintaqasidagi boshqa hududlarda ham suv toshqinlari kuzatilmoqda. Jumladan, Illinoys shtatida Chikago daryosi o‘zanidan toshib chiqdi.

Foto: Ashlee Rezin Garcia/Chicago Sun-Times via AP
Foto: Ashlee Rezin Garcia / Chicago Sun-Times via AP

 

Mavzuga oid